Dunyo

Qozogʻistonning “Orda” nashri sobiq bosh muharriri 8 yil qamoqqa hukm qilindi

Qozogʻistonning “Orda” nashrining sobiq bosh muharriri Gulnara Bajkenova Olmaota sudi tomonidan 8 yilga ozodlikdan mahrum etildi, biroq jazoning ijrosi ikki yilga kechiktirildi. Bu haqda Tengrinews xabar berdi.

Bajkenovaga Qozogʻiston Jinoyat kodeksining uchta moddasi boʻyicha ayblov qoʻyilgan: bila turib yolgʻon axborot tarqatish (274-modda), oʻzlashtirish yoki ishonib topshirilgan begona mulkni rastrata qilish (189-modda) va noqonuniy tadbirkorlik faoliyati (214-modda).

Olmaota shahar sudining hukmiga koʻra, 2024-yil noyabridan 2025-yil dekabrigacha boʻlgan davrda Bajkenova MCHJ rahbari sifatida xizmat mavqeidan foydalanib, kompaniya hisob raqamlaridan 88 million 144 ming 127 tenge mablagʻni oʻzlashtirgan. Bu pullar goʻyoki reklama, professional va ilmiy xizmatlar uchun toʻlov sifatida uning nazoratidagi yakka tartibdagi tadbirkor hisobiga oʻtkazilgan. Shuningdek, ushbu mablagʻlar hisobidan uning oʻgʻlining xususiy xalqaro maktabdagi taʼlimi ham toʻlangan.

Tergov materiallariga koʻra, Bajkenova yakka tartibdagi tadbirkor sifatida roʻyxatdan oʻtmagan holda Olmaotada kvartiralarni sotib olish va sotish orqali 121,2 million tenge (264,8 ming AQSH dollari) daromad olgan. Ushbu daromaddan tegishli soliqlar toʻlanmagan.

Sud axborot tarqatish bilan bogʻliq epizodlarni ham koʻrib chiqdi. Hukmda qayd etilishicha, 2024–2025-yillar davomida Bajkenova axborot-tahliliy portal bosh muharriri sifatida oldindan til biriktirgan bir guruh shaxslar bilan birga internet resurslari va ijtimoiy tarmoqlar orqali bila turib yolgʻon axborotni jami 8 ta epizod boʻyicha tarqatgan. Natijada fuqarolar, tashkilotlar va davlatning huquqlari hamda qonuniy manfaatlariga jiddiy zarar yetkazilgan.

Sud hukmi bilan Bajkenova aybdor deb topilib, 8 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Unga, shuningdek, 5 yil davomida OAV, jurnalistika, blogerlik, ommaviy tadbirlar va boshqa jamoatchilik faoliyati bilan shugʻullanish, OAV bilan bogʻliq tashkilotlarda rahbarlik hamda moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarni egallash taqiqlandi.

Jazoning ijrosi mahkumaning 14 yoshga toʻlmagan farzandi borligi sababli ikki yilga kechiktirildi. Bundan tashqari, sud moddiy zararni qoplash uchun 95,9 million tenge (207 ming dollar) undirishga qaror qildi. Shuningdek, 2,8 million tenge davlat boji va jabrlanuvchi tomonning yuridik yordam hamda protsessual xarajatlari uchun 6,8 million tenge (13,6 ming dollar) undirilishi belgilandi.

Sud hukmi hali qonuniy kuchga kirmagan.

**Gulnara Bajkenova qanday qilib jinoyat ishi figurantiga aylandi?**

2025-yil 1-dekabr kuni Olmaotada Bajkenovaning xonadoni va “Orda.kz” tahririyatida tintuvlar oʻtkazilgan. Oʻshanda shahar politsiyasi tergov harakatlari olib borilganini tasdiqlagan. Olmaota politsiya departamenti maʼlumotiga koʻra, sudgacha tergov fuqarolarning bila turib yolgʻon maʼlumotlarni bir necha bor va qasddan tarqatish holatlari yuzasidan bergan arizalari asosida boshlangan. Tergov harakatlari vaqtida Bajkenovadan elektron qurilmalar va turli materiallar olib qoʻyilgan. Politsiya bu buyumlar materiallarni tayyorlash va eʼlon qilish holatlarini aniqlash, shuningdek, ularning kelib chiqishini tekshirish uchun zarur ekanini bildirgan.

**Gulnara Bajkenova kim?**

Gulnara Bajkenova — qozogʻistonlik jurnalist va mediamenejer, “Orda.kz” internet-nashrining asoschisi va sobiq bosh muharriri. U Qozoq milliy universitetining filologiya fakultetini tamomlagan va talabalik davridayoq jurnalistika bilan shugʻullana boshlagan. Turli yillarda Bajkenova Qozogʻiston OAV va media loyihalarida faoliyat yuritgan, jumladan, rahbarlik lavozimlarida ham ishlagan.

**“Orda.kz” va Qozogʻiston tashqi ishlar vaziri**

2025-yil 4-sentyabrda “Orda.kz” oʻz manbalariga tayanib, oʻsha paytdagi Qozogʻiston tashqi ishlar vaziri Murat Nurtleu hibsga olingani haqida yozgandi. Qozogʻiston TIV va rasmiy idoralar buni darhol rad etgan. “Orda” va Gulnara Bajkenova esa dastlab oʻz maʼlumotlari toʻgʻriligini taʼkidladi. Oradan bir necha kun oʻtib, Nurtleu omma oldida koʻrinib, hibsga olingani haqidagi xabarni “yolgʻon va absurd” deb atadi.

Ushbu xabarlardan uch hafta oʻtib, 26-sentyabr kuni Nurtleu haqiqatan ham TIV rahbari lavozimidan ketdi. Lekin u qamoqqa olinmadi: Qozogʻiston prezidenti Qosim-Joʻmart Toʻqayev uni xalqaro investitsiya va savdo hamkorligi boʻyicha prezident yordamchisi etib tayinladi. Shu sababli oʻsha paytda Bajkenova va “Orda” atrofida katta mojaro yuzaga keldi. Olmaota prokuraturasi ham Nurtleu haqidagi xabardan keyin Bajkenovani jinoiy javobgarlik ehtimoli haqida ogohlantirgan.

Lekin Olmaota sudi hukmida Bajkenovaga bila turib yolgʻon axborot tarqatish boʻyicha 8 ta epizod ayblovlari qoʻyilgan. Ochiq sud materiallarida 274-modda boʻyicha jabrlanuvchilar orasida “QazMunayGaz”, “Qozogʻiston Temir Joʻli”, Olmaota prokurori oʻrinbosari va boshqa shaxs hamda tashkilotlar tilga olinadi. Nurtleu ushbu sakkiz epizod roʻyxatida koʻrsatilmagan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.