Dunyo

Qozog‘istonning “Orda.kz” nashri o‘z faoliyatini to‘xtatdi

Qozog‘istonning “Orda.kz” nashri 2026-yil 1-sentyabrdan boshlab o‘z faoliyatini to‘xtatishini e’lon qildi. Tahririyatning rasmiy bayonotiga ko‘ra, asosiy axborot resursi bilan birga, unga tegishli barcha ijtimoiy tarmoq sahifalari, jumladan, YouTube kanali ham yopiladi. Bu qaror “Ordamedia.kz” MCHJ ta’sischisi Maksat Ganiyev tomonidan qabul qilingan.

Bayonotda aytilishicha, ushbu qaror ortida hech qanday yashirin sabab yo‘q, balki tahririyatning daromadi xarajatlarini qoplashga yetarli emasligi asosiy omil bo‘lgan. Boshqa sabablar mavjud emasligi ta’kidlangan. Tahririyat o‘z zimmasidagi barcha majburiyatlarni to‘liq bajarish uchun bor imkoniyatini ishga solishini ma’lum qildi.

Shu bilan birga, tahririyat Qozog‘iston va xorijiy OAVdagi hamkasblaridan faqat rasmiy bayonotlariga tayanishni so‘rab qoldi.

Avgust oyi oxirida Olmaota sudi “Orda.kz” nashrining sobiq bosh muharriri Gulnara Bajkenovani 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum etish haqida hukm chiqargan edi. U Qozog‘iston Jinoyat kodeksining uchta moddasi bo‘yicha ayblangan: bila turib yolg‘on axborot tarqatish (274-modda), o‘zlashtirish yoki ishonib topshirilgan begona mulkni rastrata qilish (189-modda) hamda noqonuniy tadbirkorlik faoliyati (214-modda).

**“Orda” bilan bog‘liq holat**

2025-yil 4-sentyabrda “Orda.kz” o‘z manbalariga tayanib, o‘sha paytdagi Qozog‘iston tashqi ishlar vaziri Murat Nurtleu hibsga olingani haqida xabar bergan edi. Qozog‘iston TIV va rasmiy idoralar bu ma’lumotni darhol rad etgan. Dastlab “Orda” va Gulnara Bajkenova o‘z ma’lumotlari to‘g‘riligini ta’kidlagan bo‘lsa-da, bir necha kundan so‘ng Nurtleu omma oldida ko‘rinib, hibsga olingani haqidagi xabarni “yolg‘on va absurd” deb atadi.

Ushbu xabarlardan uch hafta o‘tib, 26-sentyabr kuni Nurtleu haqiqatan ham TIV rahbari lavozimidan ketdi. Biroq u qamoqqa olinmadi, balki Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev uni xalqaro investitsiya va savdo hamkorligi bo‘yicha prezident yordamchisi etib tayinladi.

Shu sababli o‘sha paytda Bajkenova va “Orda” atrofida katta mojaro yuzaga keldi. Olmaota prokuraturasi ham Nurtleu haqidagi xabardan keyin Bajkenovani jinoiy javobgarlik ehtimoli haqida ogohlantirgan edi.

Lekin Olmaota sudi hukmida Bajkenovaga bila turib yolg‘on axborot tarqatish bo‘yicha 8 ta epizod ayblovlari qo‘yilgan. Ochiq sud materiallarida 274-modda bo‘yicha jabrlanuvchilar orasida “QazMunayGaz”, “Qozog‘iston Temir Jo‘li”, Olmaota prokurori o‘rinbosari va boshqa shaxs hamda tashkilotlar tilga olinadi. Nurtleu ushbu sakkiz epizod ro‘yxatida ko‘rsatilmagan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.