Qozog‘istonliklar 2027-yildan Isroilga vizasiz borishi mumkin bo‘ladi

Qozog‘iston fuqarolari 2027-yildan boshlab Isroilga vizasiz borishi mumkin bo‘ladi
Qozog‘iston va Isroil o‘rtasida vizasiz tartib 2027-yil boshida joriy etilishi ehtimoli bor. Tegishli bitim imzolangach, Qozog‘iston Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz mamlakatlari ichida fuqarolari Isroilga vizasiz kirishi mumkin bo‘lgan ilk davlatga aylanishi kutilmoqda.
Ikki davlat o‘rtasidagi kelishuv 2027-yil boshida imzolanishi mumkin. Isroilning Qozog‘istondagi elchisi Yoav Bistritskiy jurnalistlarga bergan intervyusida mamlakatlar o‘rtasida vizasiz rejimni joriy etish bo‘yicha kelishuv tayyorlanayotganini aytdi.
Diplomatning so‘zlariga ko‘ra, Isroil tomoni vizalarni bekor qilishga rozilik bildirgan. Hozirda shu boradagi tegishli kelishuv ustida ish ketmoqda.
“Biz Qozog‘iston va Isroil o‘rtasida vizasiz rejim to‘g‘risidagi kelishuv imzolanishini kutmoqdamiz. Uni Isroil tashqi ishlar vazirining tashrifi davomida imzolash rejalashtirilgan. Hozir bu borada ish olib boryapmiz. Aniq sana hozircha yo‘q, biroq bu 2027-yil boshida amalga oshishiga umid qilmoqdamiz”, dedi Bistritskiy.
Uning ta’kidlashicha, kelishuv kuchga kirgach, Qozog‘iston fuqarolari Isroilga vizasiz borish imkoniga ega bo‘ladi.
“Qozog‘iston fuqarolari Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkazda Isroilga umuman vizasiz tashrif buyurish imkoniyatiga ega bo‘ladigan birinchi davlat fuqarolari bo‘ladi. Isroil bu bosqichga allaqachon rozi, hozir esa kelishuv imzolanishini kutmoqdamiz”, deya qo‘shimcha qildi elchi.
Joriy yilning yanvar oyida Isroil tashqi ishlar vaziri Gideon Saar rasmiy tashrif bilan Ostonaga kelib, Qozog‘iston tashqi ishlar vaziri Yermek Kosherbayev bilan uchrashgan edi. O‘shanda Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi ikki davlat turizmni rivojlantirish maqsadida o‘zaro vizasiz rejim joriy etishga tayyorlanayotganini bildirgan edi.
2026-yilning aprel oyida Isroil prezidenti Isaak Gersog Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayevning taklifiga binoan Ostona shahriga rasmiy tashrif bilan kelgan edi.
Tashrif yakunida ikki davlat milliy pasport egalari uchun vizasiz rejim to‘g‘risidagi hukumatlararo bitimni tuzish niyati haqidagi memorandumni imzolagan.
Shuningdek, Isroil tomoni Qozog‘iston bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yishga qiziqish bildirgan. Gersog bunday reyslar savdo va biznes aloqalarini rivojlantirishga xizmat qilishini ta’kidlagan edi.
Qozog‘istonning Isroil bilan munosabatlaridagi muhim qadamlardan biri Ibrohim kelishuviga qo‘shilish qarori bo‘ldi.
2025-yil 6-noyabr kuni AQSH prezidenti Donald Tramp Qozog‘iston Ibrohim kelishuvlariga qo‘shilishini e’lon qildi. Trampning aytishicha, u Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev va Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu bilan telefon orqali suhbatlashgan. U Qozog‘istonni o‘zining ikkinchi prezidentlik muddati davomida Ibrohim kelishuvlariga qo‘shilgan birinchi davlat deb atagan.
Oradan ko‘p o‘tmay, Qozog‘iston tashqi ishlar vazirligi mamlakatning Ibrohim kelishuvlariga qo‘shilishini rasman tasdiqlagandi. Ostona bu qaror Qozog‘istonning muvozanatli va tinchlikparvar tashqi siyosatiga mos kelishini bildirgan.
Shu bilan birga, Qozog‘iston Yaqin Sharqdagi mojaroni xalqaro huquq, BMT rezolyutsiyalari va ikki davlat — ikki xalq tamoyili asosida hal qilish tarafdori ekanini ta’kidlagan.
2026-yil yanvarida Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev ham bu qarorni izohlab, Ibrohim kelishuvlarining paydo bo‘lishini Donald Trampning diplomatik tashabbusi sifatida baholagan va Qozog‘istonning ularga qo‘shilish qarorini rasman e’lon qilgan.

