Qozog‘istonlik tennischi jahon reytingida peshqadamga aylandi

Qozog‘istonlik tennischi jahon reytingida yetakchiga aylandi
Qozog‘istonlik tennischi Yelena Ribakina AQSH ochiq chempionati yarimfinaliga chiqib, faoliyatida ilk bor WTA reytingining birinchi pog‘onasiga ko‘tariladi. Bu haqda Xalqaro ayol tennischilar assotsiatsiyasi (WTA) matbuot xizmati ma’lum qildi.
Manbaga ko‘ra, Ribakina 99 hafta davomida reytingda peshqadam bo‘lgan Arina Sabalenkaning o‘rnini egallaydi. Sabalenka shu davrda 2025-yilgi Australian Open va AQSH Ochiq chempionatida g‘olib chiqib, ikki yil ketma-ket mavsumni reyting yetakchisi sifatida yakunlagan edi.
Yelenaning Nyu Yorkdagi turnirdagi ishtiroki ham savol ostida bo‘lgan. U musobaqa oldidan chap oyoq to‘pig‘idan jarohat olgandi. Shunga qaramay, qozog‘istonlik tennischi dastlabki to‘rtta uchrashuvda birorta setni boy bermay, chorak finalga yo‘l oldi. Keyin esa xitoylik Chjen Sinvenni 3:6, 6:1, 6:4 hisobida mag‘lub etib, faoliyatida ilk bor US Open yarimfinaliga chiqdi.
Shu tariqa Ribakina WTA tarixida reytingning birinchi pog‘onasiga ko‘tarilgan 30-ayol tennischi bo‘ladi. Shuningdek, u Qozog‘iston tarixida ayollar o‘rtasidagi jahon reytingida birinchi o‘rinni egallagan ilk tennischiga aylanadi.
27 yoshli Ribakina WTA reytingi tarixida birinchi pog‘onaga chiqqan ikkinchi eng katta yoshli tennischi bo‘ladi. 2016-yilda 28 yoshli germaniyalik tennischi Anjelik Kerber faoliyatida ilk bor reyting peshqadamiga aylangan.
Hozircha Ribakina AQSH Ochiq chempionatidagi ishtirokini davom ettirmoqda. Turnir yakunlangach, u rasman WTA reytingida birinchi o‘ringa ko‘tariladi.
Ma’lumot uchun, Yelena Ribakina 27 yoshda. Qozog‘istonlik tennischi Ayollar tennis assotsiatsiyasi (WTA) turnirlarining yakkalik bahslarida jami 8 ta titulni qo‘lga kiritgan. Ribakina 2 marta “Katta dubulg‘a” turnirida — “Uimbldon” (2022) hamda Avstraliya ochiq chempinati (2026) bosh sovriniga ega chiqqan. U yakkalik bahslarida 2020-yilgi Tokio Olimpiadasida 4-o‘rinni egallagan.
Bundan tashqari, Ribakina so‘nggi 52 hafta davomida top-10 vakillarini 16 marta mag‘lub etgan. U mazkur davrda 1569 ta to‘g‘ridan-to‘g‘ri ochko keltirgan zarba va 394 ta eys qayd etib, har ikki ko‘rsatkich bo‘yicha WTA turida eng yaxshi natijani ko‘rsatgan.
AQSH ochiq chempionati mavsumdagi to‘rtinchi “Katta dubulg‘a” turniridir. Musobaqa qattiq qoplamali kortlarda o‘tkazilmoqda va 13-sentyabr kuni yakunlanadi. Turnirning umumiy mukofot jamg‘armasi 108 million dollarni tashkil etadi.
Ayollar o‘rtasidagi yakkalik bahslarining amaldagi g‘olibi belaruslik Arina Sabalenka hisoblanadi.

