Qozog‘istonlik stalker talaba qizni o‘ldirgani uchun umrbod qamoq jazosiga hukm qilindi
Qozog‘istonning Chimkent shahrida 21 yoshli ayol Nuray Serikbayni o‘ldirganlikda ayblangan 28 yoshli Sherxan Aymaxanga umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Sud uni nikohga majburlash, stalking va o‘ta shafqatsizlik bilan odam o‘ldirishda aybdor deb topdi.

Qozog‘istonning Chimkent shahrida 21 yoshli talaba qiz Nuray Serikbayni o‘ldirganlikda ayblangan 28 yoshli Sherxan Aymaxan umrbod qamoq jazosiga hukm qilindi. Jinoyat ishlari bo‘yicha sudning qaroriga ko‘ra, Aymaxan Qozog‘iston Jinoyat kodeksining uchta moddasi bo‘yicha aybdor deb topildi: 125-1-modda ("Nikohga majburlash"), 115-1-modda ("Stalking") va 99-modda 2-qismi 5-bandi ("O‘ta shafqatsizlik bilan odam o‘ldirish").
Sud hukmiga ko‘ra, Aymaxan jabrlanuvchilar foydasiga 25 million tenge (taxminan 54 ming dollar) miqdorida ma’naviy zarar va 5 million tenge (taxminan 11 ming dollar) miqdorida moddiy zarar to‘lashi shart.
Nuray Serikbay 2024-yil 11-yanvar kuni kechqurun Chimkentdagi uyi yaqinida o‘ldirilgan. Gumonlanuvchi Sherxan Aymaxan ikki kundan so‘ng, shahardan taxminan 10 kilometr uzoqlikda qo‘lga olingan.
OAV ma’lumotlariga ko‘ra, Aymaxan avvalroq Nurayga turmush qurishni taklif qilgan, biroq rad javobini olgan. Shundan so‘ng u qizni o‘g‘irlab ketgan. Nurayning qarindoshlari uni uyiga qaytarib, politsiyaga murojaat qilishgan, ammo ularning arizasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilmagan. Yaqinlarining ta’kidlashicha, Aymaxan Nurayni uzoq vaqt ta’qib qilib yurgan.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, qotillik sodir etilgan kuni Aymaxan qizga 35 marta pichoq urgan, Nuray voqea joyida vafot etgan.
Ushbu qotillik jamoatchilikda katta rezonans keltirib chiqardi. Prezident Qosim-Jo‘mart To‘qayev Chimkent politsiyasi harakatlarini tekshirishni buyurdi. Natijada, shahar politsiya departamenti boshlig‘i va uning birinchi o‘rinbosari lavozimidan ozod etildi, bir qator politsiyachilarga nisbatan esa xizmat vazifasiga sovuqqonlik bilan qaraganlik fakti yuzasidan tergov boshlandi.
Fevral oyida tergov ayblovni "o‘ta shafqatsizlik bilan odam o‘ldirish" jinoyatiga qayta malakaladi. 30-aprel kuni o‘tkazilgan sud-psixiatriya ekspertizasi Aymaxanni aqli raso deb topdi.
Aymaxan o‘z aybiga iqror bo‘lmadi. Sud jarayonida u fojia yuz bergan kuni Nuray birinchi bo‘lib unga pichoq urganini, shundan so‘ng affekt holati tufayli keyingi voqealarni eslay olmasligini da’vo qildi. Biroq, sudya Samiddin Temiraliyev bu versiya bilan sudlanuvchining dastlabki tergovdagi ko‘rsatmalari o‘rtasida ziddiyatlar mavjudligini ta’kidladi.

