Qozog‘istonlik jangchi UFC ro‘yxatidan o‘chirildi

Qozog‘istonlik jangchi Bekzat Almaxan UFC ro‘yxatidan chiqarildi. Bu haqda promoushenning rasmiy veb-saytida xabar berilgan.
28 yoshli Bekzat Almaxan professional MMA faoliyatini 2016-yilda boshlagan va 2024-yildan buyon UFC tarkibida edi.
U dunyoning eng nufuzli promoushenidagi ilk jangini UFC Fight Night 238 musobaqasida o‘tkazgan. O‘sha jangda Almaxan rossiyalik Umar Nurmagomedovga qarshi oktagonga chiqqan va hakamlarning yakdil qarori bilan mag‘lubiyatga uchragan. Keyinchalik u kanadalik Bred Katonani nokautga uchratgan, shuningdek, gruziyalik Aleksandr Topuriya (Ilya Topuriyaning ukasi) va braziliyalik Yan Matsumotoga hakamlar qarori bilan imkoniyatni boy bergan.
Shuningdek, yana bir qozog‘istonlik jangchi Shavkat Rahmonov o‘zining so‘nggi jangini 2024-yil dekabr oyida UFC 310 turnirida irlandiyalik Ian Garriga qarshi o‘tkazib, hakamlar qarori bilan g‘alaba qozongan edi. Jarohati tufayli uzoq vaqt jang qilmagani sababli, u 2026-yil boshida UFC reytingidan chiqarib tashlangan.
Ma’lumot o‘rnida, Shavkat Rahmonov 1994-yilda Surxondaryo viloyatining Sho‘rchi tumanida tug‘ilgan. U 2014-yilda Qozog‘iston fuqaroligini olgan va oilasi bilan Qarag‘andaga ko‘chib o‘tgan. Rahmonov 2020-yildan buyon UFC’da jang qilib keladi.

