Qozog‘istondagi YTHda halok bo‘lgan uch nafar O‘zbekiston fuqarosining jasadi vatanga olib kelindi

Qozog‘istonda avtohalokatda vafot etgan uch nafar O‘zbekiston fuqarosining jasadlari O‘zbekistonga olib kelindi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi ma’lum qildi.
Qizilo‘rda viloyatida 22-avgust kuni Shimkent—Samara avtomobil yo‘lining Aqsay hududidan o‘tgan qismida O‘zbekiston fuqarolari ishtirokida yo‘l-transport hodisasi yuz bergan. Ushbu hodisa natijasida uch nafar O‘zbekiston fuqarosi voqea joyida hayotdan ko‘z yumgan.
Dastlabki tergov ma’lumotlariga ko‘ra, YTH haydovchining rulda uxlab qolishi va yuk mashinasi bilan to‘qnashuvi oqibatida sodir bo‘lgan bo‘lishi mumkin.
O‘zbekistonning Olmaotadagi Bosh konsulxonasi Migratsiya agentligi bilan hamkorlikda halok bo‘lganlarning jasadlarini vataniga qaytarish uchun barcha zarur choralarni ko‘rdi. Tegishli hujjatlar rasmiylashtirilgandan so‘ng, uch nafar fuqaroning jasadi ularning doimiy yashash joyi – Toshkent viloyatining Bekobod shahriga yetkazildi.

