Qozog‘istondagi muzlikda 19 yil avval yo‘qolgan sayyohning jasadi topildi

Qozog‘istonda 19 yil muqaddam g‘oyib bo‘lgan sayyohning jasadi topildi. Bu haqda marhumning qizi Nelya Mixeyeva ma’lum qildi.
Qoldiqlar Seversov muzligidan topilgan. Marhumning qizi e’lon qilingan fotosuratlarda otasiga tegishli ryukzakni tanib olgan. Keyinchalik tergovchi ryukzak ichidan yo‘qolgan erkak nomiga berilgan guvohnoma topilganini tasdiqlagan.
Belaruslik sayyohlar ikki haftalik sayohat davomida qoldiqlar va ularga yonma-yon yotgan buyumlarni aniqlagan. Ular favqulodda xizmatlarga joy koordinatalari, shuningdek, topilmaning fotosuratlari va videolarini taqdim etgan. Shundan so‘ng muzlikka qutqaruvchilar yuborilgan. Mixeyevaning so‘zlariga ko‘ra, oila qariyb 20 yil davomida otasining taqdiri haqida hech qanday ma’lumotga ega bo‘lmagan.
“Bugun men uchun quvonchli kun, garchi bu quvonch oson kechmayotgan bo‘lsa-da. 19 yildan keyin dadamning jasadi topildi. Seversov muzligi eriy boshladi va belaruslik sayyohlar otamning jasad qoldiqlari hamda ryukzagini topdi. Ularga befarq o‘tib ketmaganliklari uchun rahmat”, degan u murojaatida.
Topilgan ryukzakning suratini Mixeyevaga dugonasi yuborgan. Marhumning qizi otasining tog‘ga chiqishda olib yuradigan eski sovet ryukzagini darhol tanigan.
“Ertalab dugonam menga ryukzak surati aks etgan post yubordi va “Siznikiga juda o‘xsharkan” deb yozdi. Qarasam, bu haqiqatan ham otamning ryukzagi. Bu eski sovet ryukzagi. 2007-yilda yana kimdir xuddi shunday ryukzak bilan tog‘ga chiqishi ehtimoli menga juda kichik tuyuldi. Keyinchalik xuddi shu postni turmush o‘rtog‘im ham yuborib, “Qara, menimcha, bu bizniki”, deb aytdi”, deydi Mixeyeva.
Marhumning qizi shundan so‘ng favqulodda xizmatlar bilan bog‘langan. Mixeyevaga jasad qoldiqlarini evakuatsiya qilish bilan shug‘ullangan qutqaruvchilar va tergovchining kontakti berilgan. Mixeyeva otasining hujjatlari va uning ryukzak bilan tushgan suratlarini tergovchiga yuborgan.
“Tergovchi bizdan mavjud barcha hujjatlar va fotosuratlarni yuborishni so‘radi. Men dadamning tog‘da shu ryukzak bilan tushgan suratlarini ham yubordim. Biroz vaqtdan so‘ng tergovchi “Ryukzak ichida otangizning nomiga berilgan guvohnoma topildi”, deb qo‘ng‘iroq qildi”, deya esladi marhumaning qizi.
Keyinchalik Mixeyevaning opasi tergovchilar bilan uchrashgan. U otasining buyumlari va jasad qoldiqlarini tanigan.
Avvalroq Shveysariyada 34 yil avval yo‘qolgan ikki alpinist jasadi aniqlangan edi. Trift muzligi erishi tufayli alpinistlar jasadi yuzaga chiqqan. Ular yo‘qolgan vaqtda 39 va 41 yoshda bo‘lgan.

