Qozog‘istonda og‘ir jarohat olgan o‘zbekistonlik vatanga qaytarildi

Qozog‘istonda og‘ir jarohat olgan o‘zbekistonlik vatanga olib kelindi
Qozog‘istonning Olmaota shahrida qurilish obyektida balandlikdan yiqilib, og‘ir tan jarohati olgan O‘zbekiston fuqarosining mamlakatga qaytishiga ko‘maklashildi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 25-avgust kuni O‘zbekiston fuqarosi D.A. turmush o‘rtog‘i X.M.ni O‘zbekistonga qaytarishda amaliy yordam so‘rab mamlakat Bosh konsulxonasiga murojaat qilgan. O‘rganishlar jarayonida X.M. Olmaotadagi qurilish obyektlaridan birida ehtiyotsizlik sabab balandlikdan yiqilib, og‘ir tan jarohati olgani aniqlangan.
U 15-avgustdan beri mahalliy tibbiyot muassasasida davolanib kelgan. Uning sog‘lig‘i va tibbiy holati hisobga olinib, Bosh konsulxona hamda Migratsiya agentligi tomonidan vatanga qaytarish yuzasidan zarur choralar ko‘rilgan.
Shu tariqa X.M. va uning turmush o‘rtog‘i “Qoplonbek–Navoiy” chegara nazorat posti orqali O‘zbekistonga olib o‘tildi. Chegara postida Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi ajratgan maxsus tez tibbiy yordam avtomashinasi va malakali shifokorlar brigadasi ularni kutib olgan.
Jarohatlangan fuqaro shifokorlar nazoratida tegishli tibbiyot muassasasiga xavfsiz yetkazilib, davolanish uchun joylashtirilgan.

