Qozog‘istonda havo harorati 111 yillik rekordni yangiladi

Qozog‘istonda iyul oyida havo harorati bo‘yicha 111 yillik rekordlar yangilandi. Tengrinews xabariga ko‘ra, Turkistonda harorat 47,6 darajaga yetgan bo‘lsa, Chimkentda 111 yil avval o‘rnatilgan rekord ko‘rsatkichlar ortda qoldirildi.
Iyul oyida mamlakatning aksariyat hududlarida havo harorati iqlimiy me’yordan 1-4 darajaga yuqori bo‘ldi. Ba’zi joylarda esa yog‘ingarchilik odatdagidan 1,3-4 baravar ko‘p yog‘di. Xususan, Turkiston viloyatining Jetisay tumanida bir oylik yog‘in miqdori iqlimiy me’yordan 15 baravar oshib ketdi.
**Uzoq yillik harorat rekordlari yangilandi**
Iyul oyida rekord darajadagi issiqlik nafaqat Qozog‘iston janubida, balki shimol, sharq va markaziy hududlarda ham qayd etildi. Olmaotada 16-20-iyul kunlari eng issiq davr kuzatilib, ketma-ket bir nechta rekordlar yangilandi:
* 16-iyul kuni havo harorati 38 darajaga yetib, 2015-yildagi 37 darajali rekordni ortda qoldirdi.
* 17-iyul kuni harorat 39,2 darajaga ko‘tarilib, 1945-yilda qayd etilgan 37,4 darajali rekordni yangiladi.
* 18-iyul kuni havo 40 darajagacha isidi, bu 1997-yildagi 39,7 darajali rekorddan yuqori bo‘ldi.
* 20-iyul kuni esa harorat 41,5 darajaga yetib, 2007-yildagi 39,5 darajali rekordni ortda qoldirdi.
Shu tariqa, bir necha kun ichida Olmaotada to‘rtta harorat rekordi yangilandi.
**Chimkentda 111 yillik harorat rekordi o‘rnatildi**
Olmaotadan ham yuqoriroq harorat Chimkentda kuzatildi. 16-20-iyul kunlari bu yerda havo 45,2 darajagacha isidi. Taqqoslash uchun, 1915-yilning shu davrida harorat 41,1 va 40,1 darajani tashkil etgan. 2019-yil 19 va 20-iyul kunlari esa mos ravishda 40,2 va 40,7 daraja qayd etilgan. Bu ko‘rsatkichlar Chimkentda 111 yil avval o‘rnatilgan rekordlarning yangilanganini ko‘rsatadi.
Ekstremal issiqlik mamlakatning boshqa hududlarida ham kuzatildi:
* 14-iyul kuni Ostonada havo harorati 38,6 darajagacha ko‘tarildi. Bu 1992-yilda qayd etilgan 35,3 darajali rekorddan yuqori bo‘ldi.
* Ust-Kamenogorsk shahrida 2-iyul kuni havo 34,4 darajagacha isib, 1969-yildagi 33,9 darajali rekordni yangiladi. 16-iyul kuni esa harorat 39,7 darajaga yetib, yana 1969-yilda qayd etilgan 37,2 darajali rekord ortda qoldi.
**Qizilo‘rda va Turkistonda ham rekord darajadagi issiqlik kuzatildi**
17-iyul kuni Qizilo‘rda shahrida havo harorati 45,2 darajaga yetdi. Natijada 2015-yilda qayd etilgan 43,6 darajali rekord yangilandi. 18-iyul kuni esa Turkiston shahrida havo 47,6 darajagacha isidi. Bu 2019-yilda qayd etilgan 43,7 darajali rekorddan 3,9 darajaga yuqori bo‘ldi.

