Qozog‘iston poytaxtida trotuarlarda elektr samokat haydash taqiqlanadi

Qozog‘iston poytaxti Ostona shahrida 25-avgustdan boshlab trotuarlar va piyodalar yo‘laklarida elektr samokatlardan foydalanish butunlay taqiqlanadi. Bu haqda Tengrinews shahar hokimligiga tayanib xabar berdi.
Yangi qoidalarga ko‘ra, elektr samokat haydovchilari endilikda faqat velosiped yo‘laklarida harakatlanishlari shart. Agar velosiped yo‘laklari mavjud bo‘lmasa, ular yo‘lning qatnov qismining o‘ng chekkasi yoki yo‘l chetida harakatlanishlari mumkin bo‘ladi.
Qatnov qismiga chiqish uchun qat’iy talablar saqlanib qoladi: samokat haydovchisi 18 yoshdan katta bo‘lishi va har qanday toifadagi haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lishi kerak. Elektr samokat esa himoya shlemi va qorong‘i vaqtda yorug‘lik qaytaruvchi elementlar bilan jihozlangan bo‘lishi lozim.
Ostona prokuraturasi xodimlarining ta’kidlashicha, elektr samokat foydalanuvchilari tomonidan eng ko‘p uchraydigan qoidabuzarliklar orasida haydovchilik guvohnomasisiz yo‘lning qatnov qismiga chiqish va tezlikni oshirish kabilar bor. Chorrahalardan o‘tishda talablarga rioya qilmaslik holatlari ham tez-tez uchraydi. Poytaxt politsiyasi xabariga ko‘ra, samokatda yo‘lovchilarni tashish alohida xavf tug‘diradi.
Samokat ijarasi operatorlari ham nazoratni kuchaytirmoqda. 1-iyuldan boshlab xizmatdan faqat JShShIR orqali ro‘yxatdan o‘tgan shaxslar foydalanishi mumkin. 18 yoshga to‘lmagan shaxslarning xizmatdan foydalanishiga ruxsat berilmaydi. Voyaga yetmaganlarga samokatini bergan ota-onalarning akkauntlari bloklanadi. Yo‘lovchilarni tashish ham taqiqlanadi; elektr samokatda bittadan ortiq odam bo‘lmasligi kerak.
Samokatni trotuar o‘rtasida, piyodalar o‘tish joyida, qatnov qismida yoki veloyo‘lakda qoldirish ham man etiladi. Qoidalarga amal qilmaganlarga jarima solinadi va foydalanuvchining profili bloklanadi.

