Qozog‘iston dunyoning eng raqobatbardosh 40 ta iqtisodiyoti qatoriga kirdi

Qozog‘iston dunyoning eng raqobatbardosh 40 ta iqtisodiyoti safidan joy oldi. Xalqaro boshqaruvni rivojlantirish instituti (IMD) World Competitiveness Ranking 2026 reytingini e’lon qildi.
Mazkur reyting mamlakatlarning iqtisodiyot va biznes uchun barqaror rivojlanish sharoitlarini yaratish salohiyatini baholaydi. Unda Qozog‘iston 70 ta davlat orasida 38-o‘rinni egallagan.
Qozog‘iston qaysi yo‘nalishlarda yuqori natija ko‘rsatdi?
Tadqiqotda davlatlarning raqobatbardoshligi to‘rtta asosiy yo‘nalish bo‘yicha baholanadi: iqtisodiyot holati, davlat boshqaruvi samaradorligi, biznes samaradorligi va infratuzilma. Reytingni shakllantirishda statistik ma’lumotlar hamda kompaniya rahbarlari o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rov natijalari asos qilib olingan.
IMD Qozog‘istonning yigirmata yo‘nalishdagi natijalarini alohida ko‘rsatgan. Eng yaxshi ko‘rsatkichlar orasida:
soliq siyosati — 9-o‘rin;
xalqaro savdo — 19-o‘rin;
mehnat bozori — 20-o‘rin;
boshqaruv amaliyotlari — 20-o‘rin;
biznesdagi qadriyatlar va qarashlar — 20-o‘rin;
bandlik — 26-o‘rin;
institutsional muhit — 29-o‘rin;
mehnat unumdorligi va samaradorlik — 32-o‘rin;
ichki iqtisodiyoti — 33-o‘rin.
Aholisi 20 milliondan oshgan davlatlar orasida Qozog‘iston 15-o‘rinni egalladi. Yevropa, Yaqin Sharq va Afrika mamlakatlari guruhida esa respublika 25-o‘rinda qayd etilgan. Singapur, Gonkong, Shveysariya, Tayvan, BAA, Daniya, Irlandiya, Niderlandiya, Shvetsiya va AQSH top o‘ntalikka kirdi.

