Qozog‘iston 25 yildan keyin “qariyalar” mamlakatiga aylanishi mumkin

Qozog‘iston 25 yildan so‘ng "qariyalar" mamlakatiga aylanishi mumkin, chunki tug‘ilish darajasi pasayib, umr ko‘rish davomiyligi oshmoqda. Bu esa mehnatga layoqatli aholi va keksa yoshdagilar o‘rtasidagi mutanosiblikni o‘zgartirmoqda. Bu ma’lumot Qozog‘iston pensiya fondining tahlilida keltirilgan.
2026-yil 1-yanvar holatiga ko‘ra, mamlakat aholisi 20,5 million kishini tashkil etgan. Ulardan 8,79 millioni 25 yoshgacha bo‘lganlar, 9,73 millioni 25–65 yoshdagilar va 1,98 millioni 65 yoshdan oshganlardir.
Prognozlarga ko‘ra, 2050-yilga borib Qozog‘iston aholisi 26,5 million kishiga yetadi. Shu davrda 60 yoshdan oshganlarning ulushi 18,8 foizga o‘sishi kutilmoqda, ya’ni taxminan har oltinchi qozog‘istonlik keksa yoshda bo‘ladi.
**Tug‘ilish ko‘rsatkichi pasaymoqda**
Pandemiya davridagi pasayishdan so‘ng, umr ko‘rish davomiyligi 2021-yildagi 70,23 yoshdan 2025-yilda 75,97 yoshgacha oshdi. Ayollarda bu ko‘rsatkich 79,8 yoshni, erkaklarda esa 72,91 yoshni tashkil etdi.
Shu bilan birga, tug‘ilish darajasi pasaymoqda. Umumiy koeffitsiyent 2021-yildagi 3,32 dan 2025-yilda 2,57 gacha tushdi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) 2050-yilga borib bu ko‘rsatkich har bir ayolga 2,39 nafargacha tushishini prognoz qilmoqda.
"Tug‘ilishning pasayishi umumjahon tendensiya hisoblanadi. Umr ko‘rish davomiyligining oshishi mehnatga layoqatli yoshdagi aholi ulushining qisqarishiga olib keladi, natijada iqtisodiy faol aholiga demografik yuk ortadi", deyiladi xabarda.
**Migratsiya o‘sishi va mehnat kuchi qisqarishi**
So‘nggi yillarda Qozog‘istonga ko‘chib kelayotganlar soni ortgan. Masalan, 2025-yilda 23,8 ming kishi ko‘chib kelgan bo‘lsa, 7,6 ming kishi mamlakatdan chiqib ketgan. Biroq BMT bahosiga ko‘ra, 2050-yilga borib Qozog‘istonda migratsiya saldosi nol ko‘rsatkichga yaqinlashadi.
Ishlaydiganlar va nafaqaxo‘rlar nisbati ham o‘zgarib boradi. 2025-yilda har bir nafaqaxo‘rga 4,95 nafar ishlaydigan odam to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, 2050-yilga kelib bu ko‘rsatkich 3,42 gacha pasayadi. Bunday demografik o‘zgarishlar pensiya tizimiga tushadigan moliyaviy yuklamani keskin oshiradi.
Avvalroq BMT o‘z prognozlarida XXI asr oxiriga kelib Qozog‘iston va Qirg‘iziston Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqida tug‘ilish darajasi o‘lim ko‘rsatkichidan yuqori bo‘lib qoladigan yagona davlatlar bo‘lishini xabar qilgandi. YOIIning boshqa mamlakatlarida aholining tabiiy kamayishi allaqachon boshlangan yoki yaqin o‘n yilliklarda kutilmoqda.

