Qo‘shni davlatdan olib kelingan narkotikni Xorazmda sotmoqchi bo‘lgan shaxs ushlandi
Toshkent-Xorazm yo‘nalishida ketayotgan yo‘lovchi yonidan ham gashish moddasi topildi.

Qo‘shni davlatdan olib kelingan narkotikni Xorazmda sotmoqchi bo‘lgan shaxs qo‘lga olindi
Giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq uchta holat aniqlandi.
Davlat xavfsizlik xizmatining Xorazm viloyati bo‘yicha boshqarmasi, viloyat Ichki ishlar hamda Bojxona boshqarmalari hamkorligida Tuproqqal’a tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda «Surxondaryo – Xorazm» yo‘nalishida harakatlanayotgan «Lasetti» rusumli avtotransport vositasi to‘xtatilib, tekshiruvdan o‘tkazildi.
Natijada, unda yo‘lovchi sifatida ketayotgan Angor tumanida istiqomat qiluvchi, 1960-y.t., muqaddam giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq jinoyati uchun ikki marotaba sudlangan shaxsga tegishli sellofan paketda 490 gr «opiy» moddasi borligi ma’lum bo‘ldi.
Aniqlanishicha, u qo‘shni davlatdan kontrabanda yo‘li bilan olib kelingan ushbu giyohvandlik vositasini Xorazm viloyatida sotishni rejalashtirgan.
Yana bir holatda «Toshkent – Xorazm» yo‘nalishida harakatlanayotgan «Oniks» rusumli avtomashina yo‘lovchisi bo‘lgan — Urganch shahrida yashovchi, 1968-y.t. shaxsning yonidan 119 gr «gashish» moddasi olindi.
DXX Jizzax viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda viloyat IIB xodimlari hamkorligida Sirdaryo viloyatining Oqoltin tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda «Sirdaryo – Jizzax» yo‘nalishida harakatlanayotgan «Lasetti» rusumli avtotransport vositasi to‘xtatildi.
Tekshiruv davomida avtomashina haydovchisi bo‘lgan — Jizzax shahrida yashovchi, 1974-y.t., muqaddam giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq jinoyati uchun sudlangan shaxs tadbir ishtirokchilarida shubha uyg‘otdi va uning yonlari belgilangan tartibda ko‘zdan kechirildi.
Natijada, uning oyoq kiyimi ichiga 16 gr «opiy» moddasi yashirilgani aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida olindi.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

