Layfstayl

Qo‘rqinchli voqealar va kutilmagan burilishlar: avgust oyining 8 ta kutilgan premyerasi (treyler)

Qo‘rqinchli voqealar va kutilmagan burilishlar: avgust oyining 8 ta kutilgan premyerasi (treyler)

Yozning so‘nggi oyi kinosevarlar uchun kutilmagan va qiziqarli premyeralarni taqdim etadi. Avgust oyidagi filmlarning aksariyatini qo‘rqinchli filmlar, trillerlar va jangari kartinalar tashkil etadi. 2026-yil avgustida namoyish etiladigan 8 ta filmni bir joyga jamladik.

**“Muzqaymoqchi”**

Premyera sanasi: 6-avgust

Beylin-Bey — yoz go‘yo tugamaydigan shahar. Mahalliy maktab o‘quvchilari do‘stlari bilan vaqtini maroqli o‘tkazadi, kattalar esa birgalikda hordiq chiqaradi. Ko‘chalarda mazali muzqaymoq sotadigan furgon paydo bo‘lganda, shahar hayoti yanada mukammal ko‘rinadi. Ammo hammasi tasavvur qilingandek emas. Muzqaymoq yegan bolalar birdan o‘zgarib qoladi.

**“So‘nggi uy”**

Premyera sanasi: 7-avgust

Bosh qahramonlar uchun tong odatdagidek yaxshi boshlanmaydi. Ishga ketishga tayyorlanayotgan oddiy kun kutilmagan voqeaga aylanadi: ular uylarining kirish eshigi mahkam yopilib qolganini payqashadi. Na derazalardan, na boshqa yo‘l bilan tashqariga chiqishning iloji bor.

**“Toni”**

Premyera sanasi: 7-avgust

Film dunyoga mashhur oshpaz, teleboshlovchi va yozuvchi Entoni Bourdainning hayot yo‘li haqida hikoya qiladi. Voqealar Provinstaun shahrida kechadi. Aynan shu yerda u ilk muvaffaqiyatsizligiga duch keladi: yozuvchilik uchun stipendiya olishdan mahrum bo‘ladi. Umidsizlikka tushgan yigit kichik baliq restoranida idish-tovoq yuvuvchi bo‘lib ishlay boshlaydi.

**“Ouk-strit chegarasida”**

Premyera sanasi: 12-avgust

Momaqaldiroqdan so‘ng Ouk-strit aholisi uchun haqiqiy dahshat boshlanadi. Navbatdagi kuchli bo‘ron paytida bu hudud tashqi dunyo uchun go‘yo yo‘q bo‘lib qoladi. Shu bilan birga, u boshqa o‘lchamga ko‘chib o‘tadi va bu yerda mahalliy aholini unchalik ham do‘stona bo‘lmagan qo‘shnilar kutib oladi.

**“Astral 6: Ular allaqachon shu yerda”**

Premyera sanasi: 19-avgust

Film markazida stomatolog bo‘lib ishlaydigan va qizini yolg‘iz tarbiyalayotgan Jemma ismli ayol turadi. Jemma o‘ziga xos qobiliyatga ega. Bir kuni u o‘liklar olamiga kirib, xavfli ruhlarni tashqi dunyoga chiqarib yuboradi. Endi ular haqiqiy falokatni keltirib chiqarishi mumkin.

**“Itlar yulduzi”**

Premyera sanasi: 26-avgust

Sayyora bo‘ylab tarqalgan virus deyarli barcha tirik mavjudotlarning yo‘q bo‘lib ketishiga sabab bo‘ladi. Sivilizatsiya vayron bo‘lib, megapolislar o‘rnida xarobalar qoladi. Xotini, do‘stlari va sevimli ishidan ayrilgan uchuvchi Xig barcha narsadan uzoqda, aerodromda yashashga qaror qiladi. U sevimli iti va sodiq hamrohi bilan kunlarini o‘tkazar ekan, bir kuni radiodan sirli signalni tutib oladi.

**“Isyon”**

Premyera sanasi: 27-avgust

Jeyson Steytem yana yovuzlarga qarshi kurashadi. Film qahramoni, sobiq maxsus kuchlar askari Koul yaqin do‘stining tansoqchisi bo‘lib ishga kiradi. Ammo voqealar kutilmaganda o‘zgaradi: do‘sti o‘ldiriladi va ayb yangi ishchining zimmasiga yuklanadi. Koul voqealar ortida kim turganini aniqlab, do‘stining qasosini olish va o‘z nomini oqlashga majbur bo‘ladi.

**“Deraza ortidagi shivir”**

Premyera sanasi: 28-avgust

Film “Shivirlagan odam” romani asosida suratga olingan. Unda rafiqasi bevaqt vafot etganidan so‘ng o‘g‘lini yolg‘iz tarbiyalayotgan Tom haqida hikoya qilinadi. Yangi hayot boshlash umidida ota va o‘g‘il kichik shaharchaga ko‘chib keladi. Bu yerda kichkina Jeyk deraza ortidan kimningdir shivirlayotganini tez-tez eshita boshlaydi. Bu holat bir necha hafta davom etadi. Bir kuni esa bola g‘oyib bo‘ladi. Avvalroq shaharchada bolalarni g‘alati sanash o‘yini yordamida o‘g‘irlab ketadigan jinoyatchi faoliyat yuritgani ma’lum bo‘ladi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.