Qoraqalpog‘istonda chorvachilik loyihalari uchun kredit miqdori 50 mlrd so‘mgacha oshiriladi

Qoraqalpog‘istonda chorvachilik loyihalari uchun kredit hajmi 50 mlrd so‘mgacha oshiriladi
Chorvachilikda yirik komplekslar barpo etish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratiladi. Bu haqda prezident raisligida o‘tkazilayotgan Qoraqalpog‘istonni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda maʼlum qilindi.
May oyida chorva bosh sonini ko‘paytirishga 1,6 trln trillion so‘m resurs ajratilgan. Amalda 5 mlrd so‘mgacha bo‘lgan loyihalarga o‘n yilga 10 foizli kredit berilmoqda.
Qoraqalpog‘istonlik chorvadorlarning 1-2 ming boshli komplekslar tashkil etish uchun kredit miqdorini 50 mlrd so‘mgacha oshirish taklifi qo‘llab-quvvatlandi.
Beruniylik chorvadorlar samolyotda qoramol tashish kompensatsiyasining shartlari yengillashtirilsa, 5 ming bosh chorva olib kelishga tayyorligini bildirgan. Endi Qoraqalpog‘istonga samolyotda olib kelinadigan naslli buqalar qiymatining 10 foizi, har bir bosh uchun 4 mln so‘mgacha subsidiya qilinadi.
Bir oy ichida joyi, tashabbuskori va mablag‘i aniq bo‘lgan kamida 100 ming boshli chorva komplekslari loyihalari tayyorlanadi. Qoramol xaridi uchun kredit ajratish tartibi yengillashtirilib, mablag‘lar tuman shtabi xulosasi asosida beriladi.
Taxtako‘pirda Shinjon tajribasi asosida ozuqa yetishtirish yo‘lga qo‘yiladi.
Mo‘g‘uliston, Turkiya, Xitoy va Avstraliyadan 5 ming bosh qo‘y-echki olib kelinib, Qoraqalpog‘iston sharoitida ko‘paytiriladi. Buning uchun bir oyda 1 ming gektar yerni belgilab berish topshirildi.
Yil yakunigacha 10-15 ming gektarda loyihalarni shakllantirib, bir yil ichida 100 ming bosh qo‘y-echki boqishni yo‘lga qo‘yish vazifasi belgilandi.
Prezident kecha “Kegeyli naslli parranda” korxonasi faoliyati bilan tanishganini qayd etdi. Tadbirkorni qo‘llab-quvvatlab, bir yil ichida parranda yetishtirish quvvatini 2-3 karra oshirish va korxonani xoldingga aylantirish topshirildi. Zarur mablag‘ masalasi hal qilinadi.
Kegeylidagi texnikumda parranda yetishtirishni o‘rgatadigan kurslar tashkil etiladi.

