Mahalliy

Qoraqalpog‘istonda 250 ga yaqin fuqaro kartasidan 3 mlrd so‘mga yaqin pul o‘g‘irlagan guruh qo‘lga olindi

Qoraqalpog‘istonda 250 ga yaqin fuqaroning 3 mlrd so‘mga yaqin pulini o‘g‘irlagan guruh qo‘lga olindi. Ular Telegram’da virus fayl tarqatib, plastik karta ma’lumotlarini qo‘lga kiritgan va pullarni xorijga o‘tkazib kelgan. Shuningdek, yana 8 ta shunday guruh ushlandi.

Qoraqalpog‘istonda qariyb 250 nafar fuqaroning kartasidan 3 mlrd so‘mga yaqin pul o‘g‘irlagan guruh fosh etildi

Qoraqalpog‘istonda o‘tkazilgan operativ-texnik tadbirlar davomida 250 nafar fuqaroning bank kartalaridan qariyb 3 milliard so‘m mablag‘ni o‘zlashtirgan guruh faoliyatiga chek qo‘yildi, deya xabar bermoqda IIV Kiberjinoyatlarga qarshi kurashish departamenti.

Ma’lum bo‘lishicha, guruh tarkibi 22 yoshli uch nafar nukuslik yigitdan iborat bo‘lgan. Ulardan biri muqaddam o‘g‘rilik jinoyati uchun sudlangan M. ismli fuqaro Telegram’dagi yopiq kanallar orqali xorijliklar bilan aloqa o‘rnatgan.

Surishtiruvlar davomida guruh a’zolari 2025-yilning avgustidan buyon xorijdagi sheriklari yuborgan APK virusli dasturlarini tarqatish bilan shug‘ullangani aniqlangan. Fuqarolar ushbu zararli faylni yuklab olganidan so‘ng, ularning bank kartalari ma’lumotlari va balansi haqidagi axborot ularga kelib tushgan.

Olingan ma’lumotlar asosida M. va uning sheriklari Ye. hamda A. ismli shaxslar fuqarolarning plastik kartalarini yangi dasturlarga ulab, SMS kodlarni qo‘lga kiritgan va mablag‘larni boshqa kartalarga o‘tkazib olgan. Shundan so‘ng pullarni xorijdagi sheriklariga yuborib, o‘z xizmatlari uchun 15 foizgacha USDT (kriptovalyuta) ko‘rinishida ulush olgan.

Shuningdek, guruh a’zolari kompyuterxonalardagi yoshlarni va boshqa shaxslarni 50 ming so‘mdan 300 ming so‘mgacha bo‘lgan moddiy manfaatdorlik evaziga mobil to‘lov ilovalaridan verifikatsiyadan o‘tkazish, ularning nomiga virtual bank kartalari va SIM-kartalarni rasmiylashtirishga jalb qilgan.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, guruh a’zolari umumiy hisobda 250 ga yaqin fuqaroning 3 milliard so‘mga yaqin mablag‘ini talon-toroj qilgan.

IIB vakilining ta’kidlashicha, ulardan biri bu yo‘ldan qaytmoqchi bo‘lganida, xorijdagi sheriklari tomonidan unga nisbatan tahdid va bosimlar o‘tkazilgan, shaxsiy ma’lumotlari tarqatib yuborilgan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari yakunlangan. To‘plangan hujjatlar jazo qo‘llash uchun jinoyat ishlari bo‘yicha sudga yuborilgan.

IIV departamentining qo‘shimcha qilishicha, o‘tkazilgan tadbirlar davomida shu kabi yirik miqdordagi firibgarliklar bilan shug‘ullanib kelgan yana 8 ta guruh qo‘lga olingan. Ushbu guruhlarning 7 tasi Qoraqalpog‘istonda, 1 tasi esa boshqa viloyatda istiqomat qiluvchi yoshlardan iborat. Hozirda ularga nisbatan tergov harakatlari davom etmoqda.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.