Mahalliy

Qoraqalpog‘iston, Samarqand va Sirdaryodagi tibbiyot muassasalarida fuqarolardan 1 mlrd so‘mdan ortiq asossiz mablag‘ undirilgani aniqlandi

Qoraqalpog‘iston, Samarqand va Sirdaryoda tibbiyot muassasalarida pulli xizmatlar narxini shakllantirishda qonunbuzilishlar aniqlandi. Iste’molchilardan 1 mlrd so‘mdan ortiq asossiz mablag‘ olingan. Ayrim muassasalarga ish qo‘zg‘atilib, pullarni qaytarish va qonunbuzilishlarni bartaraf etish ko‘rsatmalari berildi.

Qoraqalpog‘iston, Samarqand va Sirdaryodagi tibbiyot muassasalarida fuqarolardan 1 mlrd so‘mdan ortiq asossiz mablag‘ undirilgani ma’lum bo‘ldi

Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda Samarqand va Sirdaryo viloyatlaridagi tibbiyot muassasalarida pulli xizmatlar narxlarini belgilash va qo‘llash jarayonida qonunbuzilishlar aniqlangan. O‘rganishlar davomida iste’molchilardan jami 1 mlrd so‘mdan ortiq asossiz yoki ortiqcha mablag‘ olingani aniqlandi. Bu haqda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi ma’lum qildi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasida yettita tibbiyot muassasasida 2023−2026-yillardagi pulli xizmatlar narxlari tahlil qilingan. Ayrim muassasalarda soliq imtiyozlari mavjud bo‘lsa-da, foyda solig‘i xizmatlar tannarxiga kiritilgani va ba’zi xizmatlar narxlari belgilangan tariflardan yuqori qo‘yilgani aniqlangan.

Natijada iste’molchilardan jami 331,7 mln so‘m asossiz daromad olingan. Olti tibbiyot muassasasiga nisbatan ish qo‘zg‘atilib, mablag‘ni iste’molchilarga qaytarish yuzasidan ko‘rsatmalar berilgan. Yana bir muassasaga narxlar kalkulyatsiyalarini qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha xat kiritilgan.

Ko‘rilgan choralar natijasida ayrim pulli tibbiy xizmatlar tariflarini o‘rtacha 16,22 foizga pasaytirishga erishilgan.

Samarqand viloyatida Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Samarqand filialida xizmatlar narxlari o‘rganilgan. Tekshiruvda “Iste'molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida"gi qonunning 21-moddasi hamda Vazirlar Mahkamasining 239-son va 722-son qarorlari bilan tasdiqlangan nizomlar talablari buzilgani aniqlangan.

Qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, buning oqibatida iste’molchilarga 302,2 mln so‘m ortiqcha hisoblangan. Filialga qonunbuzilishlarni bartaraf etish va kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha ko‘rsatma berilgan.

Sirdaryo viloyatida ham ikkita tibbiyot muassasasida qonunbuzilishlar aniqlangan.

Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Sirdaryo viloyati filiali 2025-yilda qariyb 4790 nafar iste’molchidan 76 mln so‘mdan ortiq asossiz daromad olgani ma’lum bo‘lgan.

Respublika ixtisoslashtirilgan dermatovenerologiya va kosmetologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Sirdaryo viloyati hududiy filialida esa pulli xizmatlar narxini shakllantirishda bilvosita xarajatlarni qayta taqsimlash koeffitsiyenti belgilangan 38,2 foiz o‘rniga 47,4 foiz miqdorida qo‘llanilgan. Ya’ni koeffitsiyent 9,2 foizga yuqori belgilangan.

Oqibatda 2024−2025-yillarda iste’molchilardan 300 mln so‘mga yaqin mablag‘ ortiqcha undirilgan.

Qonunchilik talablari buzilgani yuzasidan har ikki filialga nisbatan ish qo‘zg‘atilib, ortiqcha undirilgan mablag‘larni iste’molchilarga qaytarish bo‘yicha bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar berilgan.

Qo‘mita iste’molchilarning huquq va manfaatlarini himoya qilish hamda pulli tibbiy xizmatlar narxlarining asossiz oshirilishining oldini olishga qaratilgan ishlar davom ettirilishini bildirdi.

Avvalroq Namangan, Samarqand va Navoiydagi tibbiyot muassasalarida pulli xizmatlar narxini oshirib belgilash orqali fuqarolardan 125 mln so‘mga yaqin ortiqcha mablag‘ undirilgani aniqlangan edi.

Uch muassasaga mablag‘ni qaytarish bo‘yicha ko‘rsatma berilgan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.