Qor barvaqtroq erimoqda, muzliklar esa qisqarmoqda. Markaziy Osiyoning suv balansi qanday o‘zgaryapti?
Pomir va Tyan-Shan muzliklari erishi MO daryolari mavsumiy oqimini o‘zgartirmoqda. Bu sug‘orish mavsumida suv taqchilligini kuchaytirishi mumkin, baland tog‘lardagi muzlik ko‘llari to‘satdan toshqin kelib chiqishi xavfini yuzaga keltirmoqda. Olim Abror G‘ofurov — mintaqada suv balansi qanday o‘zgarayotgani haqida.

Qor erta eriy boshlamoqda, muzliklar esa kichrayib bormoqda. Markaziy Osiyoda suv balansi qanday o‘zgarayapti?
Iqlim o‘zgarishi muzliklarning erishini va qor qoplamining qisqarishini tezlashtirmoqda, shu jarayonda hosil bo‘layotgan muzlik ko‘llari esa tog‘li hududlarda yashovchi aholi uchun xavf tug‘dirishi mumkin. Bu jarayonlar va ularning oqibatlari haqida Germaniya geofanlar tadqiqot markazi ilmiy xodimi Abror G‘ofurov ma’lumot berdi.
Mintaqaning asosiy daryolari Pomir va Tyan-Shan baland tog‘laridan boshlanadi, Abror G‘ofurov ularni Markaziy Osiyoning “suv minoralari” deb atadi. Aynan shu hududda daryolarning asosiy oqimi shakllanadi, muzliklar va eriyotgan qor esa qishloq xo‘jaligining suvga ehtiyoji eng yuqori bo‘ladigan jazirama yoz oylarida asosiy manba bo‘lib xizmat qiladi. Iqlim o‘zgarishi tufayli bu tizim o‘zgarib bormoqda: qor qoplami qisqarayapti, muzliklar erimoqda va kelajakda yoz mavsumida suv ta’minoti kamayishi mumkin.
Olim misol sifatida Qashqadaryo viloyatidagi ikkita baland tog‘li meteostansiya — Oygaing va Mingchuqurning ko‘p yillik kuzatuv ma’lumotlarini keltirdi. Ularda o‘rtacha sutkalik va yillik haroratning barqaror oshib borayotgani, yog‘ingarchilikning umumiy miqdori esa deyarli o‘zgarmayotgani ko‘rinadi. Shu bilan birga, qor qoplamining qalinligi izchil kamayib bormoqda va bu boradagi eng sezilarli tendensiya so‘nggi o‘n yilliklarda kuzatilmoqda.
Muzliklar qisqarishining yaqqol misoli sifatida Paxtakor muzligi ko‘rsatildi. 1993-yildan 2023-yilgacha olingan bir qator sun’iy yo‘ldosh tasvirlari tahlili shuni ko‘rsatdiki, 30 yil ichida uning maydoni qariyb 25 foizga kamaygan.
Tadqiqot doirasida Norin, Qoradaryo va Zarafshon daryolari havzalari uchun gidrologik modellar ishlab chiqildi. Hisob-kitoblarda 2100-yilgacha bo‘lgan harorat ssenariylari inobatga olindi.
Modellar ko‘rib chiqilgan barcha havzalarda harorat oshishini ko‘rsatmoqda. Qoradaryo havzasida 2023-yilga kelib muzliklar allaqachon yo‘qolib ketgan. Norin havzasida hozir jadal erish kuzatilmoqda, Zarafshon havzasida esa bu jarayon biroz sekinroq kechmoqda.
Kelajakdagi oqimni prognoz qilish uchun G‘ofurov bir nechta gidropostlar — Uchqo‘rg‘on (Uch-Terek), Andijonsoy daryosi oqimi, Dupili va Norin shahri bo‘yicha ma’lumotlarni taqdim etdi. Grafiklarda tarixiy davr yashil chiziq bilan, kelajak ssenariylari esa qizil va ko‘k chiziqlar bilan ifodalangan.
Modelga ko‘ra, kelajakda daryolarning to‘lib oqish davri ertaroq muddatlarga siljiydi, bu esa yozda suv tanqisligini yanada kuchaytirishi mumkin. Olimning aytishicha, Uch-Terek havzasida kelajakda iyul va avgust oylarida suv miqdori sezilarli darajada kamayadi, bu sug‘orma dehqonchilikka jiddiy zarba beradi. Andijonsoyda keskin taqchillik kutilmaydi, biroq qorning erta erishi sabab oqimning eng yuqori nuqtasi erta bahorga ko‘chadi.
Abror G‘ofurov muzlik ko‘llarining yorilishi oqibatida yuzaga keladigan toshqinlar — GLOF (Glacial Lake Outburst Flood) tabiatini alohida tahlil qildi. Chekingan muzliklar o‘rnida ko‘llar paydo bo‘ladi, ularning yorilishi esa pastda joylashgan aholi punktlari uchun xavfli bo‘lgan to‘satdan toshqinlarni keltirib chiqarishi mumkin.
Ko‘rgazmali misol sifatida u Qozog‘istondagi Katta Olmaota ko‘li yaqinidagi muzlikning 1976 va 2018-yillarda olingan ikkita sun’iy yo‘ldosh tasvirini namoyish etdi. Tasvirlarda muzlik maydoni qanday qisqargani va yangi ko‘llar qanday hosil bo‘lgani yaqqol ko‘rinadi.
Olim hamkasblari bilan birga monitoring olib borish maqsadida har yili Paxtakor muzligiga ekspeditsiya uyushtirishini aytdi. Unga borish yo‘lida guruh O‘zbekistondagi Pskom daryosi havzasida joylashgan shunday ko‘llardan birini kuzatgan.
G‘ofurov 2026-yil 26-avgust kuni Nepalda yuz bergan falokatni ham eslatdi: muzlik ko‘chishi oqibatida yuzaga kelgan yorilish toshqini 500 dan ortiq kishining hayotiga zomin bo‘lgandi (19-sentabr holatiga ko‘ra, qurbonlar soni 1400 dan oshgan). U bu hodisani nafaqat Himolay mintaqasi, balki Markaziy Osiyo uchun ham “ogohlik qo‘ng‘irog‘i” deb atadi va aholi punktlarini himoya qilish uchun ilmiy tahlil, monitoring hamda ma’lumot almashinuviga sarmoya kiritish zarurligini ta’kidladi.
Shuningdek, olim qo‘shni Qirg‘izistondagi shunga o‘xshash holatni — 2022-yil iyul oyida Issiqko‘l hududida yuz bergan muzlik ko‘chishini ham esga oldi. Uning aytishicha, hudud borish qiyin bo‘lgan joyda joylashgani uchungina o‘shanda hech kim jabrlanmagan.
Texnik yechimlar haqida so‘z yuritar ekan, G‘ofurov MODSNOW vositasini alohida qayd etdi. Bu tizim sun’iy yo‘ldoshlar va modellashtirish yordamida qor qoplami hamda muzliklar haqida ma’lumot olish, so‘ng ularni qaror qabul qilish uchun mas’ul organlarga taqdim etish imkonini beradi. Markaziy Osiyo gidrometeorologiya xizmatlari undan 10 yildan ortiq vaqtdan beri foydalanib kelmoqda. Aynan shu tizim muzlik ko‘llarining toshib ketish xavfini monitoring qilishda ham qo‘llanadi.

