Mahalliy

Qonunchilikda yuzaga keladigan barcha ziddiyatlar endi tadbirkorlar foydasiga talqin qilinadi

O‘zbekistonda qonunchilikdagi barcha ziddiyatlar endilikda tadbirkorlar manfaatiga xizmat qiladi. Prezidentning 28-avgustdan kuchga kirgan farmoniga ko‘ra, davlat organlari va tadbirkorlik subyektlari o‘rtasidagi ommaviy huquqiy munosabatlarda “tadbirkorlik subyektining haqlilik prezumpsiyasi” tamoyili joriy etildi. Bu tadbirkorlik faoliyatini himoya qilish kafolatlarini kuchaytirishga qaratilgan.

Hujjatga muvofiq, 2027-yil yanvarigacha “tadbirkorlik subyektining haqlilik prezumpsiyasi”ni amalda qo‘llash mexanizmlarini kengaytirishga oid normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari tayyorlanadi. Ushbu loyihalarda nazorat qiluvchi organ tomonidan tadbirkorlik subyektiga jarima yoki boshqa huquqiy taʼsir chorasi qo‘llanilganda, agar tadbirkor ushbu choradan norozi bo‘lib, belgilangan muddatda sudga yoki yuqori turuvchi organga shikoyat qilsa, nizoni hal qiluvchi organ qarori bilan taʼsir chorasining amal qilishini to‘xtatib turish va ish yakuni bo‘yicha taʼsir chorasini qo‘llash (yoki qo‘llamaslik) mexanizmlari belgilanadi.

Shuningdek, 2027-yil apreligacha tadbirkorlikka oid davlat xizmatlarida “sukut — rozilik” tamoyilini kengaytirishga oid Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi ishlab chiqiladi. Loyihada “sukut — rozilik” tamoyili qo‘llanmaydigan davlat xizmatlaridan foydalanishda, agar ariza belgilangan vaqtda ko‘rib chiqilmasa, ushbu murojaat avtomatik ravishda tadbirkor foydasiga hal qilingan deb hisoblanishi ko‘zda tutiladi. Bu tartib “sukut — rozilik” tamoyili qo‘llanmaydigan tadbirkorlikka oid davlat xizmatlarining 50 foiziga tatbiq etiladi.

Qarorda belgilanishicha, davlat organi aksi isbotlanmaguncha, tadbirkorlik subyekti (uning mansabdor shaxsi) qonunchilikka muvofiq harakat qilgan va o‘z majburiyatlarini lozim darajada bajargan deb hisoblanadi. Sudda yoki nizoni hal qiladigan boshqa maʼmuriy organda davlat organi tomonidan tadbirkorlik subyektiga (uning mansabdor shaxsiga) nisbatan qo‘llaniladigan huquqiy taʼsir chorasining yoki qabul qilingan qarorning asosli, qonuniy va mutanosib ekanligini, shuningdek, huquqbuzarlik sodir etilgani faktini isbotlash majburiyati to‘liq davlat organi zimmasiga yuklatiladi.

Qonunchilikda yuzaga keladigan barcha bartaraf etib bo‘lmaydigan ziddiyatlar, noaniqliklar va tushunmovchiliklar, shuningdek, nizo doirasida davlat organi tomonidan taqdim etilgan dalillarning yetarli emasligi sababli yuzaga keladigan har qanday shubhalar so‘zsiz va to‘g‘ridan-to‘g‘ri tadbirkorning foydasiga talqin qilinadi.

Shunday tartib o‘rnatiladiki, unga muvofiq maʼmuriy sud hal qiluv qarorlarida davlat organi zimmasiga o‘z qarorini qayta ko‘rib chiqish majburiyati yuklanganda, sud o‘zining huquqiy pozitsiyasini bayon etadi va ushbu pozitsiya qarorni qayta ko‘rib chiqishda davlat organi tomonidan inobatga olinishi majburiy hisoblanadi.

Bunda qayta ko‘rib chiqish natijasi tadbirkorlik subyektining holatini davlat organining avvalgi qaroriga nisbatan og‘irlashtirishi mumkin emas. Davlat organi sud qarori kuchga kirgan kundan boshlab 30 kun ichida o‘z qarorini qayta ko‘rib chiqishi shart. Ushbu muddat tugagandan keyin davlat organi tomonidan mazkur ish bo‘yicha tadbirkorlik subyektiga nisbatan har qanday huquqiy taʼsir choralarini qo‘llash taqiqlanadi.

Mazkur farmon bilan 1-noyabrdan tadbirkorlar uchun elektr va gaz bo‘yicha oldindan to‘lov 15 foizga tushirilishi, tadbirkorlar uchun “Ikkinchi imkon” iqtisodiy amnistiyasi e’lon qilinishi, tadbirkorlarga moliyaviy jarima qo‘llashda birinchi xato uchun ogohlantirish qoidasi joriy etilishi, kichik tadbirkorlik subyektlarini tekshirishga 3 yilga moratoriy joriy etilishi ham belgilandi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.