Siyosat

Qonun loyihasi intellektual mulk muomalasini kengaytiradi

Majlisda intellektual mulk obyektlarining fuqarolik muomalasidagi aylanmasini oshirish hamda patent vakillarining huquqlarini kengaytirishga qaratilgan qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.

Qonun loyihasi intellektual mulk aylanmasini kengaytirishni maqsad qilgan

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) —

Majlisda intellektual mulk obyektlarining fuqarolik muomalasidagi aylanmasini oshirish hamda patent vakillarining huquqlarini kengaytirishga qaratilgan qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.

Ushbu hujjat mamlakatda intellektual mulk sohasida ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari sifatini yanada oshirish, intellektual mulk obyektlarini faol fuqarolik muomalasiga kiritish, patent vakillarining huquq va vakolatlarini kengaytirishga qaratilgan.

Qonun loyihasi bilan intellektual mulk garovida unga doir mulkiy huquqlarning bekor qilinishi yoki qiymatining pasayishi bilan bog‘liq huquqiy munosabatlar aniq tartibga solinmoqda. Qolaversa, patent vakillarining esa intellektual mulkka oid ishlar bo‘yicha sudlarda shartnoma asosida (ixtiyoriy) vakil sifatida ishtirok etishi mumkinligi belgilanmoqda.

Shuningdek, hujjat bilan davlat xizmatlari markazlari orqali intellektual mulk obyektlarini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun talabnomalar topshirish imkoniyati ham yaratilmoqda. Bu esa intellektual mulkni ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonini aholi, tadbirkorlar uchun sodda va qulay qilishga xizmat qiladi.

Muhokamalar davomida deputatlar qonun loyihasining ahamiyati va zarurati yuzasidan o‘z fikr-mulohazalari, takliflarini berishdi. Shuningdek, ayrim normalar yuzasidan aniqlashtiruvchi savollar o‘rtaga tashlandi. Qonun tashabbuskorlari ko‘tarilgan masalalar yuzasidan batafsil tushuntirishlar berib o‘tishdi.

Majlisda loyiha bilan qonunchilikka kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar intellektual mulk obyektlarini ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonini soddalashtirishga, ularning mulkiy huquqlaridan garov sifatida foydalanish imkoniyatlarini oshirishga qaratilgani qayd etildi.

Qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.