«Qo‘limga qurol olgandan ko‘ra, o‘rmonda o‘lishga tayyor edim» - 14 kunlik xavfli yo‘l.
Rossiyaga ishlash uchun ketgan samarqandlik Diyorbek o‘z hayotidagi eng og‘ir sinovlardan birini boshidan o‘tkazdi. U migratsiya masalasini hal qilish taklifi berilgan joyga borganida, unga harbiy shartnoma imzolatilgan va keyinchalik Rossiya armiyasi tarkibiga tushib qolganini aytmoqda..

«Qo‘limga qurol olishdan ko‘ra, o‘rmonda o‘lishga tayyor edim» - 14 kunlik xavfli yo‘l.
Rossiyaga ishlash maqsadida yo‘l olgan samarqandlik Diyorbek o‘z hayotidagi eng qiyin sinovlardan birini boshidan o‘tkazdi. U migratsiya masalasini hal qilish taklifi berilgan joyga borganida, harbiy shartnoma imzolashga majbur bo‘lib, keyinchalik Rossiya armiyasiga qo‘shilib qolganini aytmoqda.
Rus tilini bilmasligi va hujjat mazmunini tushunmasligi sababli, nimalarga imzo qo‘yayotganini anglamagan yigit bir necha oy davomida harbiy qismlarda bo‘lishga majbur bo‘lgan.
Unga jang qilish va mashg‘ulotlarda qatnashish talab qilingan, ammo u buni rad etganini bildirdi.
“Men ularning urushida jang qilmayman. Bu mening Vatanim emas. Agar o‘z Vatanim bo‘lganida, oxirigacha jang qilardim”, - deydi Diyorbek.
Uning aytishicha, rad javobidan so‘ng unga nisbatan bosimlar boshlangan. Kaltaklanish, ochlik va og‘ir qiyinchiliklarga duch kelgan. Biroq u jang qilishdan ko‘ra, boshqa qiyinchiliklarni ko‘tarishni afzal bilgan.
Uning asosiy maqsadi bitta - u yerdan qochish edi.
Diyorbek qochishga qaror qilgach, uning oldida yana bir katta sinov turgandi. U Voronejdan Moskva tomon yo‘l oldi.
Bu oddiy safar emasdi. Har qadam xavfli bo‘lib, agar qo‘lga tushsa, shu paytgacha ko‘rgan azoblaridan ham og‘irroq jazoga mahkum bo‘lishini bilardi. U xavfsizlik uchun mashina yoki poyezdda emas, piyoda harakat qildi. Fuqaro kiyimida, sumkasiga oziq-ovqat olib yo‘lga tushdi.
U qishloqlarga yaqinlashmaslikka harakat qildi. Odamlarga ko‘rinmaslik uchun asosan o‘rmonlar, temiryo‘l atroflari va katta yo‘llar yoqasidan yurdi.
Oziq-ovqati tugagach, tirik qolish uchun og‘ir sharoitlarga duch keldi.
“Kechalari chiqindilardan yegulik qidirgan paytlarim bo‘ldi. Ariq va kanallardagi suvlarni ichishga to‘g‘ri keldi", - deydi u.
Biroq uni qo‘rqitgan narsa ochlik yoki yolg‘izlik emasdi.
"Men tog‘da o‘sganman. O‘rmonda qolishdan qo‘rqmadim. Mening qo‘rqqanim - yana tutib olishlari va ortga qaytarishlari edi", - deydi Diyorbek.
“O‘zbekiston bayrog‘ini ko‘rdim, qo‘rquv yo‘qoldi...”
14 kundan keyin u Moskvaga yetib bordi. O‘zbekiston elchixonasi binosi oldidagi bayroqni ko‘rgan lahzasini u alohida eslaydi.
"O‘zbekiston bayrog‘ini ko‘rganimda ichimdagi qo‘rquv ketdi. O‘zimni xavfsiz his qildim", - deydi Diyorbek.
Elchixona yordami bilan u O‘zbekistonga qaytarildi. Bugun Diyorbek ota-onasining bag‘rida.
"Ota-onamning quvonganini ko‘rib, u yerdagi hamma azoblarim tarqab ketdi", - deydi u.
Bu suhbat bir yosh yigitning qismati orqali chet elga ishlash uchun ketayotgan minglab yurtdoshlarimizni ogohlantirish maqsadida tayyorlandi. Tilni va huquqni bilmaslik, hujjatlarni anglamasdan imzolash, shuningdek, urushga jalb etish bilan bog‘liq turli bosim va majburlashlarga duch kelish insonni kutilmagan sinovlarga solib qo‘yishi mumkin.

