Qodirov Chimboydagi urush qurbonlari yodgorligi ostida unutilgan qabr borligini maʼlum qildi

Qodirov Chimboydagi urush qurbonlari yodgorligi ostida unutilgan qabr borligini maʼlum qildi
"Milliy tiklanish" partiyasi yetakchisi Alisher Qodirovning taʼkidlashicha, Chimboydagi Ikkinchi jahon urushi qurbonlari yodgorligi mahalliy aholining ommaviy qabristoni oʻrnida joylashgan. Siyosatchi shoʻrolar davrida bu joyning tarixi buzib koʻrsatilgan deb hisoblaydi va Madaniy meros agentligini tarixiy obʼyektlarga boʻlgan munosabati uchun yana tanqid qildi.
Qodirovning bayonot berishicha, ushbu qabr bolsheviklar generali Shaydakov qoʻshinlarining harakatlari natijasida Chimboy aholisining ommaviy halok boʻlishi bilan bogʻliq. Uning soʻzlariga koʻra, halok boʻlganlar orasida erkaklar, ayollar, keksalar va bolalar boʻlgan.
Siyosatchi shoʻrolar davrida bu yerda Ikkinchi jahon urushi qurbonlari xotirasiga bagʻishlangan yodgorlik yaratilgani, shu sababli qabrning asl tarixi yashirilib qolganini taʼkidlaydi. U bu qarorni oʻsha davrdagi mafkuraviy siyosat bilan bogʻlaydi.
Shu bilan birga, Qodirov oʻz nashrida ommaviy qabr va odamlarning halok boʻlish holatlari haqidagi talqinni tasdiqlovchi hujjatlar yoki boshqa dalillarni keltirmagan.
Alisher Qodirov va Madaniy meros agentligi oʻrtasidagi ommaviy bahs-munozara uning Toshkentdagi Bobur koʻchasida joylashgan 7-uyni saqlab qolish kerakmi-yoʻqmi degan bayonotlaridan keyin boshlangan edi. Idora bunga javoban obʼyektning tarixiy qiymati uning muhofaza maqomi, qonunchilik va professional ekspertiza bilan belgilanishini maʼlum qilgan. Shundan soʻng Qodirov boshqa madaniy meros obʼyektlarining holati va byudjet mablagʻlarining sarflanishi masalasini koʻtarib, tanqidni kengaytirdi.

