“Qizlarim har qanday ishni puxta bajarishiga ishonaman”. Shaxmatchi opa-singillarning otasi bilan suhbat
11-oktabr Xalqaro qizlar kuni sifatida nishonlanadi. Gazeta shu munosabat bilan mashhur shaxmatchilar Nafisa Mo‘minova, Hulkar va Gulruhbegim Tohirjonovaning otasi Alisher Mo‘minov bilan suhbatlashdi. U farzand tarbiyasi, ota va qizlar o‘rtasidagi munosabatlar hamda qizlarining shaxmatdagi yo‘li haqida gapirdi.

“Qizlarim har qanday ishni puxta bajarishiga ishonaman”. Shaxmatchi opa-singillarning otasi bilan suhbat
Dunyo bo‘ylab 11-oktabr Xalqaro qizlar kuni sifatida nishonlanadi. Bu sana BMT Bosh assambleyasining 2011-yilda qabul qilingan rezolyutsiyasiga binoan joriy etilgan.
Shu munosabat bilan Gazeta muxbiri Toshkentdagi Sky Chess shaxmat maktabi direktori, xalqaro toifadagi grossmeysterlar Nafisa Mo‘minova va Gulruhbegim Tohirjonova, shuningdek, FIDE ustasi Hulkar Tohirjonovaning otasi Alisher Mo‘minov bilan suhbatlashdi. U farzandlarini mustaqil hayotga tayyorlash, qizlarining shaxmatdagi yo‘lini qo‘llab-quvvatlash va ota-onaning farzandlar oldidagi mas’uliyati haqida gapirib berdi.
Men qumbostilikman. Bu qishloq Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumanida joylashgan. Ota-onam yoshligimdan bilimli bo‘lishga undashgan. Dadam ko‘p yillar maktabga direktorlik qilganlar va mening fan doktori bo‘lishimni istagan. Maktabni oltin medal bilan tugatgach, sobiq Toshkent temir yo‘llari institutida o‘qidim. Keyin Fanlar akademiyasining Mexanika va inshootlar seysmik mustahkamligi ilmiy-tadqiqot institutining aspiranturasida tahsil oldim. Biroq dissertatsiyam tayyor bo‘lganida ayrim odamlar bilan kelishmovchilik chiqdi, ya’ni mendan ma’lum miqdorda pul so‘rashdi. Ilmni sotib bo‘lmaydi, deb aspiranturani tark etdim.
Shundan keyin hayotimning boshqa bosqichi boshlandi. 1990-yillar edi, tirikchilik qilish kerak. Oldi-sotdi bilan shug‘ullanib, yig‘ib-tergan mablag‘larimni farzandlarimning ta’limi va kelajagiga sarflashga qaror qildim.
Alisher Mo‘minov.
Men uchun ota-onaning eng asosiy vazifasi — bolani mustaqil hayotga tayyorlash. Uni shunchaki uyli-joyli qilish yoki turmushga berish emas, balki mustaqil fikrlaydigan, o‘z yo‘lini tanlaydigan, nimani istashini va unga qanday erishishni biladigan inson qilib voyaga yetkazish kerak.
Uch qizim va o‘g‘limni tarbiyalashda ularning qiz yoki o‘g‘il ekanidan kelib chiqib, imkoniyatlarini cheklashni to‘g‘ri deb bilmaganman. Qiz bolaga sarflangan mablag‘ ertaga boshqa oilaga ketadi, degan qarashni hech qachon qabul qilmaganman. Axir bular mening farzandlarim. Ularning qaysi biri qiz, qaysi biri o‘g‘il ekanining nima ahamiyati bor?
Oilamizda bu masalada kelishmovchiliklar ham bo‘lgan. Hatto yaqinlarim qizlarimning shaxmat bilan shug‘ullanishi uchun mablag‘ sarflashimga qarshi chiqishgan. Qarindoshlarim orasida ham “Qiz bolaga buncha pul sarflashning nima keragi bor? Baribir birovga berib yuborasan”, deganlar bo‘lgan.
Men esa o‘z yo‘limdan qaytmadim.
Qiz bolani ham yaxshi tarbiya qilsangiz, u o‘nta o‘g‘il boladan ko‘ra yaxshiroq natijaga erishishi mumkin. Eng muhimi, uni mustaqil, qo‘lidan ish keladigan, o‘z fikriga ega inson qilib tarbiyalash kerak.
Oilada er-xotin bir-birini hurmat qilishi, teng gaplasha olishi uchun ham inson o‘z qadri va imkoniyatlarini anglashi muhim.
Farzandlarimga doim “20 yoshga kirganingda menga muhtoj bo‘lmay qolishing kerak”, deganman. Bu ulardan uzoqlashishni emas, mustaqil hayot kechira oladigan darajaga yetishini istaganimni anglatadi.
1990-yillarda qishlog‘imizda maktablar yaxshi ishlamasdi, o‘qituvchilar ham tirikchilik tashvishlari bilan band edi. Yaxshi o‘qituvchi topish oson bo‘lmagani uchun bolalarimga uyda o‘zim dastur tuzib, qo‘shimcha mashg‘ulotlar tashkil qildim.
Alohida xona ajratib, u yerga pianino, shaxmat stoli va o‘quv doskasini olib keldim. Eng yaxshi o‘qituvchilarni taklif qilib, ingliz tili, matematika va boshqa fanlardan darslar tashkil etdim. Qizlarim musiqa va raqs bilan ham shug‘ullanishdi. Rus va ingliz tillarini o‘rganishdi, keyinchalik boshqa tillarni ham o‘zlashtirishdi.
Men ularning faqat bir sohada emas, har tomonlama rivojlanishini istardim. Muomala qilishni, o‘zini tutishni, fikrini ifoda etishni, odamlar bilan gaplashishni bilish kerak. Bunday ko‘nikmalar insonga hayotda ko‘p eshiklarni ochadi.
Farzandlarimga kitob o‘qishni ham o‘rgatdim. O‘zbek adabiyotidan o‘qishlari kerak bo‘lgan 15 ta kitob ro‘yxatini tuzib berganman. Ular orasida o‘zbek xalq ertaklaridan boshlab, fantastik asarlargacha bo‘lgan. Jahon adabiyotidan ham kitoblar bo‘lgan. Avvaliga ular bilan birga kitob o‘qirdim, keyin o‘zlari mustaqil mutolaa qila boshladi. Hozir ham kitob tanlashda maslahat so‘rashadi. Men esa kitoblarni ma’lum tartibda o‘qishni tavsiya qilaman. Abdulla Qahhorning “Agar qayta tug‘ilganimda, o‘qigan yomon kitoblarimni o‘qimagan bo‘lardim”, degan mazmundagi gapi bor. Shuning uchun inson vaqti va diqqatini munosib kitoblarga sarflashi muhim, deb o‘ylayman.
Hozir ham har kuni kitob o‘qimasam, uxlay olmayman. Kitob insonning fikrlarini tartibga soladi, boshqa odamlarni tushunishga yordam beradi. Yaxshi kitob o‘qigan odamning dunyoqarashi kengayadi. Shu sababli farzandlarimning bilimli bo‘lishi, mustaqil fikrlashi va dunyoga kengroq nazar bilan qarashiga harakat qildim.
Uchala qizimga ham uch-to‘rt yoshidan shaxmatning yurish qoidalarini o‘rgatganman. Ammo ularni albatta shaxmatchi bo‘lishga majburlamaganman. Musiqa, raqs va boshqa mashg‘ulotlarga ham borishgan. Shaxmat ularning hayotidagi yo‘nalishlardan biri edi.
1990-yillar oxirida moddiy jihatdan yaxshi ishlab yurgan paytlarim futbol jamoasi tashkil qilganman. Turnirlar o‘tkazardik, qishlog‘imiz jamoasi uchun murabbiy yollab, bir yil davomida uning maoshini to‘laganman. Ishlarim ko‘pligi sababli qizlarimning shaxmatga qanchalik qiziqib qolganini dastlab payqamaganman.
Bir kuni jamoamizning darvozaboni meni shaxmatda yutishini aytdi. Uyimizda dona surishni taklif qildim. Kechqurun uyga qaytdik. Men boshqa ishlarimni bajarib chiqqunimcha, Nafisa va Xulkar uni allaqachon mag‘lub etishgan ekan. Shunda qizlarimning shaxmatga jiddiy qiziqishini payqab, bu mashg‘ulotga alohida e’tibor berishga qaror qildim.
1998-yil oxirida ularni shaxmat klubiga olib borish fikri tug‘ildi. 1999-yil fevralida Qo‘qondagi sobiq Hamza teatri binosida joylashgan shaxmat maktabiga birinchi marta bordik. U yerda marhum Anvar Aliyev ustozlik qilardi. Qizlarim bir yil davomida u kishidan saboq olishdi.
Keyinchalik ularning mahoratini yanada oshirish kerak bo‘ldi. Turli murabbiylar bilan ishlab ko‘rdik, ammo ko‘nglimdagidek mutaxassis topa olmadim.
Men uchun murabbiyning shaxmatni bilishigina yetarli emasdi. U bolalar bilan to‘g‘ri muomala qilishi, o‘zini munosib tutishi, yomon so‘zlar ishlatmasligi va mashg‘ulotlarga mas’uliyat bilan yondashishi kerak edi.
Qizi Nafisa Mo‘minova bilan / Foto: Shaxsiy arxiv.
Shu orada qizlarimga shaxmatga oid kitoblarni o‘qib, tarjima qilib berardim. Rus tilidagi adabiyotlarni ham birga o‘rganardik. Ko‘p o‘qish va izlanishlar natijasida o‘zim ham murabbiylikka kirishib ketdim. Bir kuni qarasam, bolalarga shaxmat o‘rgatayotgan murabbiyga aylanibman.
Bir kuni Nafisa “Dada, Toshkentga ketamiz. Men grossmeyster bo‘lmoqchiman”, dedi. Rozi bo‘ldim. Do‘konlarimizdan birini sotdik, pulni olib poytaxtga keldik. Qizlarimning shaxmatdagi kelajagi uchun bor imkoniyatimizni ishga soldik.
Qizlarimning shaxmatdagi yo‘li doim ham silliq kechmagan. Ular terma jamoadan chetlashtirilgan paytlar ham bo‘ldi. Bu qarorlarning sabablarini aniq ayta olmayman, buni tegishli odamlarning o‘zlari biladi. Ammo shunday vaziyatlarda ham farzandlarimni himoya qilishga va ularning shaxmatdagi yo‘lini davom ettirishi uchun kurashishga harakat qildim.
Bu qiyinchiliklarni azob-uqubat sifatida ko‘rsatishni istamayman. Hayotda maqsadingiz bo‘lsa, unga erishish uchun kurashishingiz kerak. Men ham farzandlarim va oilam uchun kurashdim. Hech kimdan shikoyat qilmoqchi emasman. Har kim o‘z ishi va qarori uchun o‘zi javob beradi. Men esa o‘z yo‘limni tanlaganman va shu yo‘lda oxirigacha harakat qilganman.
Qizlarimning shaxmatdagi yutuqlari ko‘pchilikka ma’lum. Ammo bu o‘g‘limga kamroq e’tibor berganman, degani emas. U ham bolaligidan sport bilan shug‘ullangan, dzyudoga borgan. Ingliz va nemis tillarini juda yaxshi o‘zlashtirgan, matematika va kompyuterga qiziqqan. Qo‘qondagi yaxshi ustozlardan ta’lim olgan.
O‘g‘lim Toshkent Moliya institutini tugatdi, keyin Amerikada Vebster universitetiga o‘qishga kirdi. U yerda axborot texnologiyalari boshqaruvi yo‘nalishida tahsil olib, yuqori natijalar bilan bitirdi. Hozir Amerikada karera qiladi. U shaxmat bo‘yicha ham sport ustaligiga nomzod bo‘lgan va shaxmat maktabini tashkil etishda o‘z hissasini qo‘shgan.
Farzandlarimning barchasiga bir xil yondashganman. Ularning bilimli, ma’rifatli, oq-qorani ajrata oladigan va mustaqil hayotga tayyor inson bo‘lib yetishishini istaganman. Lekin qanday yashashni, qaysi yo‘lni tanlashni o‘zlariga qoldirganman. Ularning hayotini o‘z orzularimga bog‘lab qo‘yishni xohlamayman.
Ota-onaning istaklari farzand uchun kishanga aylanmasligi kerak. Bolalarning o‘z orzulari, o‘z maqsadlari bo‘lishi lozim.
Shunday farzandlarim borligidan faxrlanaman. Ularning yutuqlari menga quvonch bag‘ishlaydi, lekin mehrim faqat natijalariga bog‘liq emas. Men uchun ularning inson sifatida shakllanishi muhim.
Farzand tarbiyalashda eng asosiy narsa — unga ishonish. Agar ota-ona bolasiga ishonmasa, unga qancha yaxshi ta’lim bermasin, buning o‘zi yetarli bo‘lmaydi. “Ertaga uddalay olarmikan, biror narsa o‘xshamay qolsa-chi?”, deb doim xavotirlanish bolaning imkoniyatlarini cheklaydi. Men esa qizlarim nima ish qilmasin, uni yaxshi bajarishiga ishonaman va qo‘limdan kelganicha qo‘llab-quvvatlayman.
Gulruhbegim Tohirjonova, Umida Omonova, Guldona Karimova va Madinabonu Halimova. Foto: Pavel Dvorkovich / FIDE
Bolalar bilan gaplashish, birgalikda orzu qilish, yaxshi niyatlar tuzish va shu maqsadlarga erishish yo‘llarini muhokama qilish kerak. Ko‘pchilik ishdan charchab kelib, farzandi bilan suhbatlashishga vaqt yoki kuch topolmaydi. Ammo tarbiya vaqt va energiya talab qiladi. Bolani eshitish, uning fikrini bilish va maqsadlarini tushunish juda muhim.
Hozir ham qizlarimni dunyodagi eng aqlli, eng yaxshi qizlar, deb bilaman.
Albatta, hayotda hamma narsa inson xohlaganidek bo‘lavermaydi. Biror ishi o‘xshamasligi yoki qiyinchilikka duch kelishi mumkin. Lekin bu ularga bo‘lgan ishonchimni o‘zgartirmaydi.
Qizlarim voyaga yetgan, har biri o‘z yo‘liga ega. Hulkar Markaziy Osiyo davlatlari shaxmat federatsiyasining prezidenti, Nafisa esa O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi hisoblanadi. Ular o‘zbek shaxmati rivojiga hissa qo‘shib kelishayotganidan quvonaman.
Shunga qaramay, qizlarim men uchun hamon qizaloq. Ilgari qanday yaxshi ko‘rgan bo‘lsam, hozir ham shunday yaxshi ko‘raman. Ularning ulg‘aygani mehrimni kamaytirmaydi.
Menimcha, oiladagi munosabatlar ishonchga asoslanishi kerak. Oddiy ishonchning o‘zi kamlik qiladi, insonlar bir-biriga chuqur va samimiy ishona olishi lozim. Qizlarimga ishonganim uchun ular bilan munosabatlarimiz ham ochiq.
Biz do‘stmiz. Qizlarim istagan narsasini bemalol ayta oladi. Masalan, yaqinda katta qizimning ishxonasiga steyk pishirib olib bordim. Uning bir qismini yeb, qolganini kechqurun ovqatlanishga vaqti bo‘lmasligi mumkinligini aytib, saqlab qo‘yishimni so‘radi. Keyin ikkinchi qizim keldi. Unga ham ovqatdan taklif qildim, ammo uni shoshilinch ish bilan chaqirib qolishdi.
Kechqurun telefon qilib, steyk yemoqchi bo‘lganini aytdi. Men taksi yuborishini so‘radim, boshqa steyk tayyorlab, yoniga salat qo‘shib jo‘natdim. Bizning munosabatlarimiz shunday. Ular menga nimani xohlashini, nimaga ehtiyoji borligini bemalol aytishadi. Men esa buni tabiiy qabul qilaman.
Qizlarimning mustaqil fikrlashini ham juda qadrlayman. Ular maslahat so‘rab kelishsa, o‘z fikrimni aytaman. Lekin doim “Bu mening fikrim. Shuning uchungina shunday qilsang, xato bo‘ladi. O‘zing o‘ylab ko‘r, xulosani o‘zing chiqar”, deyman.
Chunki hatto eng to‘g‘ri maslahat ham insonning o‘zi qabul qilgan qaror o‘rnini bosa olmaydi.
Fikrimni mutlaq haqiqat deb qabul qilishlari ularning mustaqil shaxs sifatida rivojlanishiga to‘sqinlik qilishi mumkin.
Men ularning aqliga va fikrlash qobiliyatiga ishonaman. Bu ishonchni his qilishlari ularga kuch beradi.
Oilada tushunmovchiliklar bo‘lishi tabiiy. Masalan, bir kuni o‘g‘lim bilan bitta qizim bir-biriga yomon qarab yurganini sezib qoldim. Ikkalasini chaqirib, bir xonaga kiritdim va kelishib olmagunlaricha chiqmasliklarini aytdim. Nima bo‘lganini bilishga urinmadim. Ular o‘zlari gaplashib, muammoni hal qilishlari kerak edi.
Mening qoidam shunday: muammodan qochish emas, uning oldiga borish kerak. Uni yashirish yoki gaplashmaslik orqali hal qilib bo‘lmaydi. Farzandlarim men haqimda ham istagan fikrini aytishi mumkin. Men ularni eshitishga va fikrlarini to‘g‘ri qabul qilishga harakat qilaman. Oilada kelishmovchilik bo‘lishi mumkin, ammo uni urush-janjalga aylantirmasdan, gaplashib hal qilish juda muhim.
Farzandlarimning hayotini o‘z orzularimga bog‘lab qo‘yishni istamayman. Har bir bolaning o‘z orzulari va maqsadlari bo‘lishi lozim. Men ularni o‘zim istagan inson qilib yaratishga emas, imkoniyat berishga harakat qilganman. Ular ilmli, ma’rifatli bo‘lsin, yaxshi-yomonni ajrata olsin, mustaqil fikrlasin va o‘z hayot yo‘lini o‘zi tanlasin — asosiy maqsadim shu bo‘lgan.
Hayot juda tez o‘tib ketadi. Shu qisqa umrda har bir inson erkin yashashi, to‘liq nafas olishi kerak. Biz, ota-onalar, farzandlarimizning nafasini bo‘g‘masligimiz shart. “Men shunday xohlayman, bunday qilsang adashmaysan, unday qilsang adashasan”, deb ularning o‘rniga qaror qabul qilishga haqqimiz yo‘q. Ertaga nima bo‘lishini hech kim bilmaydi.
To‘rtala farzandimning muvaffaqiyatlaridan zavqlanaman. Ular qanchalik yaxshi natijalarga erishsa, men ham o‘zimni shunchalik baxtli his qilaman.
Ammo men uchun asosiy natija faqat medallar, unvonlar yoki lavozimlar emas.
Ularning mustaqil, aqlli va o‘z hayoti uchun mas’uliyatni zimmasiga ola oladigan inson bo‘lib yetishgani muhimroq.
Farzandlarimni tarbiyalashda men uchun eng muhim tamoyil shu: ularga ishonish, qo‘llab-quvvatlash va mustaqil bo‘lishlariga imkon berish. Qolgani — ularning o‘z tanlovi.

