Mahalliy

“Qizimning taqdirini kim tiklab beradi?” Namanganda 5 yoshli qiz bilan bog‘liq holat tafsilotlari

“Qizimning taqdirini kim tiklab beradi?” Namanganda 5 yoshli qiz bilan bog‘liq holat tafsilotlari

Namangan viloyatidagi davlat bog‘chalaridan birida ishlovchi ombor mudiri 5 yoshli tarbiyalanuvchi qizni zo‘rlagani haqida xabar berilgandi. “Millar” ko‘rsatuvida ushbu holat tafsilotlari yuzasidan reportaj efirga uzatildi.

Uchqo‘rg‘on tumani maktabgacha maktab taʼlimi bo‘limi mutaxassisi Husan Burhonov bu borada “ko‘chada qanaqa xabar bo‘lsa, shunaqa xabari borligini” aytdi.

“Bizda aniq dalilli maʼlumot yo‘q bizda”, deydi u.

Husan Burhonov jurnalistning butun O‘zbekiston xabardor bo‘lgan holatdan nazorat qiluvchi organ xabardor bo‘lmagani haqidagi savoliga “bizga hech qanaqa maʼlumot ochiqlanmadi”, deb javob berdi.

Shaxsini oshkor etmaslikni so‘ragan fuqaro jurnalistga bog‘cha xodimlarining barchasi bundan xabardor ekanini aytdi.

Yana bir fuqaro esa gumonlanuvchi shaxs avval ham xo‘jalik mudiri bo‘lgani, ko‘mir o‘g‘irlab, qamalmay qolganini taʼkidladi.

Besh yoshli qizning onasi turmush o‘rtog‘iga yordam berish uchun ishga chiqqanini, aks holda uyda farzandlariga qarab o‘tirishini aytib o‘tdi.

“Nahotki besh yoshli qizim uvol ketadi? U qizning taqdiri nima bo‘ladi? Taqdiri kerak menga, kim tiklab beradi?” deydi qizning onasi.

Onaning aytishicha, ombor mudiri uning qo‘shnisi bo‘ladi. U uyiga kirib ketayotganida qizga qarab kulib o‘tib ketgan.

“Men rosa g‘alati bo‘ldim. Erkak kishi besh yoshli qizga kulsa g‘alati-ku endi. Keyin qo‘lini ko‘tardi qizim. Uyga kirdim, g‘alati bo‘lishni boshladim. Ona ekanman, sezdim ichimda. Bolamdan gap olishni boshladim. Bolacha bo‘lib gapirdim. Qizim, u kishi seni yaxshi ko‘radimi, desam, ‘ha, muzqaymoq olib berganlar’, dedi. Shundan keyin muzladim. O‘rtoqlaringga ham olib berdimi, desam, ‘menga’, dedi. Nimalar qiladi yana, desam, quchoqlaydilar, o‘padilar, deydi. U kishi seni yaxshi ko‘rarkanlar-da, desam, ‘ha, yaxshi ko‘radilar. Menga hech kimga aytmasang, narsalar, sovg‘alar olib beraman, dedilar’, deydi. Bola-da, o‘ynayapti, men gapimni gapirsam ham, qo‘g‘irchoqlarini, o‘yinchoqlarini o‘ynab o‘tiribdi. Keyin yana savol berdim. Bolajonim, yana nima qiladi, desam, ‘kiyimlarimni yechadilar’, deydi”, deya qizi bilan bo‘lgan suhbatni ona hikoya qildi.

Qizning onasi bu holat yuz berishiga sharoit yaratib bergan insonlar qayerda ekani, nima uchun kuzatuv kameralari ishlamaganini ham tilga oldi.

“Bular ham endi bizning bog‘chada bo‘lmagan deb tan olmayapti. ‘Hozir men bilmadim, taʼtildaman’, deydi. Bo‘pti, o‘rnidagi odam kim bo‘lgan o‘sha paytda? Hozir so‘ray desam, men og‘zimga urishadi, gapirtirishmaydi. Nima sababdan gapirtirishmaydi? Men qiyin ahvoldaman. Bir kun ichki kiyimsiz chiqdi bolam. Men endi bolalikka yo‘ydim-da. Payshanba kuni bo‘lgan bo‘lsa ichki kiyimsiz, juma kuni menga qo‘shib beryapti u narsani yuvib, tozalab. Ishini toza qilib bo‘ldi bular. Kameralar ishlamagan”, deydi ona.

Ona qizi bilan suhbat haqida gapirar ekan, qizi holat sodir bo‘layotganda bog‘cha opasi kelib qolganini aytganini taʼkidladi.

“Ko‘rgan opasi. O‘shani tan olmayapti. Nima qildi keyin, desam, ‘ichki kiyimlarimni yuvib, yoyib qo‘ydilar’, deyapti”, deya qo‘shimcha qildi ona.

Ona o‘z so‘zida ombor mudiri qizini anchadan beri o‘rgatib kelgani, juda qo‘rqitganini aytdi.

“Qo‘rqoqqina bo‘lib qolgan edi-da. O‘ychan bo‘lib qoldi. Bog‘chani ko‘rsa, boshqa tomondan yuraylik deb qo‘rqyapti. Bu ‘travma’ emasmi bolamga? Bu yerdan ketaylik deb yig‘layapti qizim”, deydi ona.

Onaning aytishicha, gumonlanuvchi shaxs — ombor mudiri arizani qaytarib olish uchun pul taklif qilgan.

“Men bu narsani aytib, men qizimni savdolashadigan ona emasman. Menga puling kerak emas, chiq deb chiqarib yubordim. Ular indamaydi, qo‘li kalta deb o‘ylagan. Bular to‘g‘ri, mening qo‘lim kaltadir, lekin vijdonim bor. Men savdolashadigan ona emasman. Nima sababdan ular menga pul taklif qiladi? Nima sababdan? Men nima ekanman, nima uchun yashayapman? Bolalarim uchun yashayapman-ku”, deydi ona.

Uchqo‘rg‘on tuman tibbiyot birlashmasi shifokorining so‘zlariga ko‘ra, 5 yoshli qiz bilan sodir bo‘lgan holatdan bir hafta o‘tib murojaat qilingan, shu paytda jarohatlar bitib bo‘lgan. Qizning boshqa tana aʼzolarida ko‘karish yoki jarohat izlari bo‘lmagan.

Uchqo‘rg‘on tuman sud-tibbiyot ekspertiza bo‘limi eksperti holat bo‘yicha dastlabki maʼlumotnoma asosida tegishli tartibda tergov o‘tkazuvchi, surishtiruvchi organlar tomonidan qonunda belgilangan tartibda ish olib borilganini aytdi.

Tuman maktabgacha va maktab taʼlimi bo‘limi boshlig‘i Shavkat Jo‘rayev holat yuzasidan aloqador tashkilotlar bilan doimiy aloqada bo‘lib turilganini aytdi.

Taʼkidlanishicha, holat bo‘yicha Ijtimoiy himoya agentligiga xabar berilgan.

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi holat yuzasidan munosabat bildirib, Uchqo‘rg‘ondagi davlat bog‘chasida yuz bergan voqeani atroflicha o‘rganish hamda mas’ullarning xizmat vazifasiga loyiqligini ko‘rib chiqish uchun ishchi guruh tuzilganini ma’lum qildi.

Vazirlikka ko‘ra, voqeaga daxldor deb gumon qilingan bog‘cha xodimlari bilan tuzilgan mehnat shartnomalari bekor qilingan. Shuningdek, voqeaga aloqador hamda o‘z ishiga mas’uliyatsizlik bilan yondashgan xodim va mansabdor shaxslarga nisbatan tegishli choralar ko‘rilishi bildirilgan.

Ayni paytda vazirlikning maxsus ishchi guruhi tomonidan shu kabi holatlarning takrorlanishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida barcha davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari xodimlari tekshirilmoqda.

Gumonlanuvchiga nisbatan Jinoyat kodeksining 118-moddasi 4-qismi (o‘n to‘rt yoshga to‘lmagan shaxsning nomusiga tegish) va 112-moddasi 1-qismi (o‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Bolalar ombudsmani Namanganda jinsiy zo‘ravonlikka uchragan 5 yoshli bola haqida turli tasdiqlanmagan xabarlarni tarqatmaslikni so‘radi.

“Mazkur jinoyat ishi voyaga yetmagan shaxsga hamda uning sha’ni va qadr-qimmatiga oid ekani bois, bu holat haqida har qanday tasdiqlanmagan xabarlarni tarqatish bolaning manfaatiga zid bo‘lib, uning huquqlariga putur yetkazadi”, deyiladi Bolalar ombudsmani xabarida.

Eslatib o‘tamiz, 3-mart kuni prezident ayollar va bolalarga nisbatan zoʻravonlik va tazyiq holatlariga chek qoʻyish nazarda tutilgan farmonni imzolagandi. Unda qonunchilikka o‘zgartirish kiritish orqali 2026-yil 1-noyabrdan boshlab Jinoyat kodeksining 118 va 119-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni voyaga yetmagan shaxslarga nisbatan sodir etganlik uchun sudlangan shaxslarni manzil-koloniyalarga o‘tkazilmaydigan mahkumlar toifasiga kiritish belgilangandi.

Voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy erkinlikka qarshi jinoyatlar hamda ular bilan jinsiy aloqa qilish va uyatsiz-buzuq harakatlarni sodir etish bilan bog‘liq jinoyatlar uchun muqaddam sudlangan shaxslar 14 yoshga to‘lmagan shaxsning nomusiga tegish, 14 yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish jinoyatlarini sodir etganda ularga tegishincha umrbod ozodlikdan mahrum qilish yoki uzoq muddatli ozodlikdan mahrum qilish jazosini belgilash taklifiga rozilik bildirilgan. IIV, Bosh prokuratura, Oliy sud, Ijtimoiy himoya milliy agentligi va Adliya vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda buni nazarda tutuvchi qonun loyihasini kiritishi topshirilgan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.