Iqtisodiyot

“Qishda „svet“ o‘chmaydi emas, o‘chadi”. HET rahbari — mavsumga tayyorgarlik va rejali uzilishlar haqida

Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik uchun 843 mlrd so‘m mablag‘ ajratildi. 'Hududiy elektr tarmoqlari' rahbari Sardor Isaqulovning aytishicha, avariya xavfi yuqori bo‘lgan obyektlarda ta’mirlash ishlari yakunlangan. Biroq bu elektr uzilishlari bo‘lmaydi, degani emas. 'Qishda „svet“ o‘chmaydi emas, o‘chadi', — dedi u.

“Qishda „svet“ o‘chmaydi emas, o‘chadi”. HET rahbari — mavsumga tayyorgarlik va rejali uzilishlar haqida

O‘zbekistonda elektr iste’molchilarining 35 foizi avgust oyida 200 kVt/soatdan ortiq elektr energiyasi sarflagan. Bu haqda 8-oktabr kuni “Hududiy elektr tarmoqlari” rahbariyati ishtirokidagi matbuot anjumanida aytildi, deya xabar bermoqda Gazeta muxbiri.

“Hududiy elektr tarmoqlari” boshqaruvi raisining sobiq birinchi o‘rinbosari Bobir Islomovning ma’lum qilishicha, O‘zbekistonda jami 8 mln 344 ming elektr iste’molchisi mavjud. 2026-yil avgustida 5 mln 682 ming iste’molchi 200 kVt/soatgacha, 1 mln 135 mingtasi 200−300 kVt/soat oralig‘ida, 354 mingtasi esa 300 kVt/soatdan ortiq elektr energiyasi ishlatgan. Uning tushuntirishicha, hisob-kitoblarda bitta xonadon bitta iste’molchi sifatida olinadi.

“Hududiy elektr tarmoqlari” rahbari Sardor Isaqulovning aytishicha, elektr ta’minotida avariya yuz berishi ehtimoli yuqori bo‘lgan obyektlar yil boshida aniqlanib, xavf darajasiga qarab qizil, sariq va yashil toifalarga ajratiladi. Qizil toifadagi obyektlarda ta’mirlash ishlari avgustgacha, sariq toifadagilarda esa 1-oktabrgacha yakunlangan.

“Energetika tizimi har qanday mavsumga tayyor turishi shart. Yozgi mavsumga ham qishdan boshlab tayyorgarlik ko‘ramiz. Qaysi joylarda xavf borligini oldindan belgilaymiz va ta’mirlash ishlarini amalga oshiramiz”, — dedi u.

Isaqulovning ta’kidlashicha, hozir kunlik elektr energiyasi iste’moli 200 mln kVt/coatga yetmoqda. Yozning ayrim kunlarida esa bu ko‘rsatkich 150 mln kVt/soat atrofida bo‘lgan.

Uning aytishicha, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida har bir brigadaning ishini tashkil etish, ularning hududlarda shtab asosida faoliyat yuritishi va zarur ehtiyot qismlar bilan ta’minlanishi uchun respublika miqyosida 843 mlrd so‘m mablag‘ ajratilgan.

Isaqulovning so‘zlariga ko‘ra, ta’mirlash jarayonida izolyatorlar almashtiriladi, simlar to‘g‘rilanadi va boshqa texnik ishlar bajariladi. Xodimlar xavfsizligini ta’minlash uchun ayrim tarmoqlarni vaqtincha o‘chirishga to‘g‘ri keladi. Bir tarmoqqa o‘rtacha 15−20 ta transformator punkti ulangani sababli, ta’mirlash davrida ular orqali elektr oladigan hududlarda ham ta’minot vaqtincha to‘xtaydi.

“Bir tarmoqni ta’mirlashga chiqarganimizda, unga ulangan transformator punktlari ham o‘chib turadi. Brigada kun davomida shu joyda ishlaydi va ta’mirlashni yakunlaydi. Bu ham elektr uzilishi hisoblanadi, lekin uning sababi avariya emas, balki tarmoqni yangilash va barqaror ishlashini ta’minlashdir”, — dedi Isaqulov.

Uning qayd etishicha, joriy yilgi kuz-qish mavsumida Toshkentning Olmazor, Chilonzor va Mirzo Ulug‘bek tumanlarida ham rejali ta’mirlash sababli qisqa muddatli uzilishlar kuzatilishi mumkin. Bunday ishlarning maqsadi — tarmoqlardagi ehtimoliy avariyalarning oldini olish.

“Biz iste’molchini mijoz deb ataymiz. Chunki korxonamiz ham, xodimlarimiz ham aynan shu mijozlar tufayli pul topadi. Shu sababli ularga elektr energiyasini barqaror yetkazib berish uchun zarur bo‘lgan barcha choralarni ko‘ramiz”, — dedi u.

Isaqulov elektr ta’minotidagi uzilishlarni kamaytirish va iste’molchilarga xizmat ko‘rsatishni yaxshilash uchun tizimni raqamlashtirish rejasi ishlab chiqilayotganini ma’lum qildi.

Yangi tizim orqali ta’mirlash ishlari, xodimlar faoliyati va ularga berilgan materiallarning belgilangan joyga yetkazilishi nazorat qilinadi. Shuningdek, iste’molchilarni rejali uzilishlar haqida oldindan ogohlantirish imkoniyati yaratiladi.

“Misol uchun, siz muayyan transformatorga ulangan iste’molchisiz. Telefon raqamingiz hisob raqamingizga biriktirilgan bo‘ladi. Agar shu transformator punktida rejali ta’mirlash ishlari o‘tkaziladigan bo‘lsa, sizga bir-ikki kun oldin Telegram orqali xabar yuboriladi.

Unda ertasi kuni soat 08:00 dan 17:00 gacha elektr ta’minotida uzilish bo‘lishi mumkinligi haqida ogohlantiriladi va keltirilgan noqulaylik uchun uzr so‘raladi”, — dedi HET rahbari.

Uning ma’lum qilishicha, tizimni joriy etish bo‘yicha “Uzinfokom” bilan ish olib borilmoqda. Dastlabki taqdimot o‘tkazilgan, navbatdagisi esa kelgusi haftaga belgilangan. Loyiha xodimlar faoliyatini nazorat qilish va murojaatlar bilan ishlash kabi xizmatlarni ham qamrab oladi.

“Biz texnik talablarni belgiladik. Dastlabki taqdimotdan keyin ayrim joylarini qayta ishlash bo‘yicha tavsiyalar berdik. Kelasi hafta yana taqdimot o‘tkaziladi. Shundan so‘ng aniq muddat aytiladi. Hozircha ular bazadagi ma’lumotlarni to‘liq kiritish va raqamlashtirish uchun taxminan ikki-uch oy vaqt so‘rashmoqda”, — dedi Sardor Isaqulov.

Uning fikricha, raqamli tizim iste’molchilarga elektr ta’minotidagi rejali uzilishlardan oldindan xabardor bo‘lish va kunlik ishlarini shunga qarab rejalashtirish imkonini beradi.

Elektr ta’minotidagi uzilishlar qishda ko‘proq sezilishi haqidagi savolga javob berar ekan, Isaqulov yozda ham uzilishlar bo‘lishi, biroq sovuq havo va kunlarning qisqaligi sababli qishda ular aholiga ko‘proq noqulaylik tug‘dirishini aytdi.

“Svet o‘chmaydi, deb va’da berolmaymiz. U o‘chadi. Bu — texnik qurilmalar bilan bog‘liq jarayon. Tekis yo‘lda ketayotgan mashinaning baloni teshilmasligiga hech kim kafolat bera olmaydi-ku, to‘g‘rimi? Elektr ta’minotida ham avariyaviy uzilishlar bo‘lishi mumkin. Lekin rejali uzilishlar ham bor. Agar ayrim tarmoqlarni rejali ravishda o‘chirib, modernizatsiya ishlarini amalga oshirmasak, qishda yanada ko‘proq muammolarga duch kelamiz”, — dedi u.

Uning ta’kidlashicha, elektr ta’minotidagi uzilishlar soni va davomiyligi xalqaro ko‘rsatkichlar orqali ham baholanadi. Bu ma’lumotlar “Hududiy elektr tarmoqlari”ning rasmiy platformasida ochiq e’lon qilinadi.

HET rahbari rejali va avariyaviy uzilishlarni farqlash kerakligini ta’kidladi. Rejali uzilishlar tarmoqlarni ta’mirlash va modernizatsiya qilish uchun amalga oshirilsa, avariyalar texnik nosozliklar va tashqi omillar sababli yuz berishi mumkin.

“Avariya — o‘z nomi bilan avariya. Uning turli sabablari bor. Qattiq shamol bo‘lishi yoki kimdir avtomobilda kelib, elektr ustunini urib ketishi mumkin. Keyingi paytlarda bunday holatlar ko‘paymoqda. Kimdir o‘zboshimchalik bilan yer qazib, kabelni uzib qo‘yadi. Lekin elektr ta’minoti uzilganda, baribir ayb “Hududiy elektr tarmoqlari”ga qo‘yiladi”, — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, qurilish ishlari vaqtida yer qazish, beton quyish yoki daraxt ekish jarayonida elektr kabellariga zarar yetkazilishi mumkin. Shuningdek, gabaritdan katta yuklarni tashishda elektr ustunlari va simlari shikastlanishi ham avariyaviy uzilishlarga sabab bo‘ladi.

“Katta gabaritli yuklarni olib o‘tish jarayonida ustun simlarini bir tomonga surib, shikastlab ketish holatlari bo‘ladi. Kombaynlar yoki boshqa katta yuklarni tashishda ham shunday vaziyatlar kuzatilmoqda. Bularning barchasi avariyaviy uzilishlarga sabab bo‘ladi”, — dedi Isaqulov.

Uning ta’kidlashicha, elektr tarmoqlari katta hududni qamrab olgani uchun barcha tashqi omillarni to‘liq nazorat qilish qiyin. Shu bois aholi va qurilish ishlarini olib borayotgan tashkilotlar tarmoqlarga zarar yetkazmaslikka e’tibor qaratishi zarur.

Avariya yuz berganda mutaxassislar uni bartaraf etishga kirishadi. Isaqulovning aytishicha, ayrim hollarda elektr ta’minoti 15−20 daqiqa ichida tiklanishi mumkin, boshqa vaziyatlarda esa avariyani bartaraf etish ko‘proq vaqt talab qiladi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.