«Qish yaqinlashmoqda, odamlarga esa gaz kerak». «Oʻzbekneftgaz» rahbari — mavsumga tayyorgarlik haqida
«Oʻzbekneftgaz»da qishga tayyorgarlikning «hal qiluvchi» 30 kuni boshlandi. Kompaniya konlar va quduqlar ustidan nazoratni kuchaytirish, qazib olish uchun masʼullar uchun KPI joriy etish va yangi quvvatlarni ishga tushirishni tezlashtirishni rejalashtirmoqda. Shuningdek, chegaraoldi hududlardagi quduqlardan sanoat miqyosida gaz qazib olishni yoʻlga qoʻyish koʻzda tutilgan.

«Qish yaqinlashmoqda, odamlarga esa gaz kerak». «Oʻzbekneftgaz» rahbari — mavsumga tayyorgarlik haqida
«Oʻzbekneftgaz»da kuz-qish davriga tayyorgarlik koʻrishning 30 kunlik bosqichi boshlandi.
Kompaniyada maʼlum qilinishicha, yil boshidan buyon gaz qazib olish hajmini barqaror ushlab turish uchun katta hajmdagi ishlar amalga oshirilgan. Biroq, zarur zaxiralar va moliyalashtirish mavjudligiga qaramay, bir qator yoʻnalishlar boʻyicha koʻrsatkichlar hanuz kutilganidan past boʻlib qolmoqda.
Sanginov bevosita konlar va quduqlardagi ishlarga eʼtibor qaratish, shuningdek, mutaxassislarning aniq natija uchun shaxsiy javobgarligini oshirish boʻyicha topshiriq berdi.
«Qayerda xato qilyapmiz? Natijaga erishish uchun yana qanday choralar koʻrish kerak? Qish yaqinlashmoqda, odamlarga esa gaz kerak», — dedi Abdugʻani Sanginov.
Uning soʻzlariga koʻra, endilikda faqat yuqori boʻgʻinda qarorlar qabul qilishning oʻzi yetarli emas.
«Har bir topshiriq kongacha, har bir quduqqacha yetib borishi kerak, natija esa oʻlchanadigan boʻlishi lozim», — dedi kompaniya rahbari.
Yigʻilishda Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi tajribasi alohida qayd etildi, u yerda har bir quduq boʻyicha gaz qazib olishga masʼul xodimlar faoliyatini KPI (samaradorlikning muhim koʻrsatkichlari) boʻyicha baholash boshlangan.
Ushbu yondashuvni tajriba tariqasida kompaniyaning barcha qazib oluvchi boshqarmalarida joriy etish topshirildi.
Shu bilan birga, bazaviy qazib olish hajmini saqlab qolgan va uning kamayishiga yoʻl qoʻymagan boshqarmalarni har oy ragʻbatlantirish rejalashtirilmoqda. Maqsad — ishlab turgan quduqlar samaradorligini oshirish va qazib olish hajmi pasayishini toʻxtatishdir.
Kompaniyada qish arafasida «har bir kubometr gaz muhim» ekani taʼkidlandi. Shu munosabat bilan chuqur quduqlarni oʻzlashtirishni tezlashtirish, ishlab turgan fond bilan ishlash, xorijiy hamkorlar bilan birgalikda yangi konstruktsiyalar boʻyicha burgʻilash va yangi quduqlarni ulashni tezlashtirish topshirildi.
Bundan tashqari, chegaraoldi hududidagi quduqlardan sanoat miqyosida gaz qazib olishni yoʻlga qoʻyish rejalashtirilmoqda.
Shuningdek, qazib oluvchi boshqarmalar, loyiha institutlari, geologlar, dispetcherlik xizmatlari va xorijiy hamkorlar ishtirokida ishchi guruhlar tuziladi. Ular joylarga chiqib, quduqlar debiti kamayishini tahlil qilishi va ekspluatatsiya vazifalari bajarilishini nazorat qilishi lozim boʻladi.
16 sentyabrdan boshlab bunday tekshiruvlarni kompaniya raisi oʻrinbosarlari rahbarligida boshlash topshirildi.
Yigʻilishda «Gissarneftegaz» qoʻshma korxonasida koʻrilgan chora-tadbirlar natijalari ham koʻrib chiqildi.
Kompaniya maʼlumotlariga koʻra, oʻzgarishlardan soʻng neft va gaz kondensati qazib olish ikki baravar oshgan. Shu bilan birga, yanvar-avgust oylarida qazib olish rejasining bajarilishi bor-yoʻgʻi 61 foizni tashkil etgan. Ushbu koʻrsatkich tanqid ostiga olindi. Yil yakuniga qadar reja bajarilishini kamida 90 foizga yetkazish vazifasi qoʻyildi.
Bundan tashqari, sentyabr oyining ikkinchi yarmiga rejalashtirilgan yangi quduqlarni ishga tushirish, ishlab turgan quduqlarning barqaror debitini saqlab qolish, qazib olish quvvatlaridan toʻliqroq foydalanish va avariyaviy toʻxtashlarni bartaraf etish topshirildi.
Kichik kompressor stantsiyalarini yetkazib berishni nazorat qilish, ular uchun maydonchalarni oldindan tayyorlash va qulay ob-havo sharoitidan foydalangan holda M-25 konida yer ishlarini tezlashtirish alohida topshirildi.
Yanvar-iyul oylarida Oʻzbekistonda tabiiy gaz qazib olish yillik hisobda taxminan 15 foizga — 21,6 mlrd kubometrgacha yoki 3,8 mlrd kubometrga kamaydi. Shu bilan birga, iyul oyida gaz ishlab chiqarish iyun oyidagi pasayishdan keyin tiklandi: qazib olish bir oyda 32 foizga oshib, 3,3 mlrd kubometrni tashkil etdi. Biroq, oʻtgan yilning iyul oyiga nisbatan koʻrsatkich hanuz 7,9 foizga past boʻldi.

