Mahalliy

Qiruvchi samolyotlar namoyishi va Xitoy bilan savdoda yangi marra - hafta dayjesti

Mudofaa sohasida yangi sahifa: Oʻzbekiston Xitoydan olingan J-10 qiruvchilarini namoyish etdi. Vizasiz tartibotlarda oʻzgarishlar: Oʻzbekiston vatandoshlari Tailand va Qozogʻistonga borishi qimmatlashadi. Tuman hokimi ishtirokidagi avtohalokat: rulda uning oʻgʻli boʻlgani rad etildi. Toshkentda asfalt ostidagi sirli portlash: hodisa boʻyicha jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.

Qiruvchi samolyotlar namoyishi va Xitoy bilan savdoda yangi marra - hafta dayjesti

Oʻzbekiston armiyasida – zamonaviy qiruvchi samolyotlar

Oʻzbekiston ilk bor Xitoydan xarid qilingan yangi avlod qiruvchi samolyotlarini ommaga koʻrsatdi. Mudofaa vazirligi 30-avgust kuni eʼlon qilgan qisqa videoda Xitoyda ishlab chiqarilgan Chengdu J-10CE rusumli qiruvchilar aks etgan. Kadrlardan birida yangi samolyotlar soni oltita ekani koʻrinadi. Vazirlik bu shov-shuvli xaridning tafsilotlarini ochiqlamadi. Avvalroq Oʻzbekiston ushbu samolyotlardan 24 tasiga buyurtma bergani, oʻzbek uchuvchilari esa Xitoyda qayta tayyorgarlikdan oʻtayotgani haqida xabarlar tarqalgan edi.

Tahlilchilarga koʻra, 4+ avlodiga mansub bu qiruvchilar Oʻzbekiston armiyasini sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqadi. J-10CE bir oʻrindiqli, bir dvigatelli, koʻp vazifali uchoq boʻlib, uning maksimal tezligi taxminan 1,8 Machga teng. Faol fazali antennaga ega radar (AESA) bilan jihozlangan samolyot bir vaqtning oʻzida bir nechta nishonni kuzatib, ularga zarba bera oladi. Shu jihatdan J-10CE sovet davrida ishlab chiqilgan MiG-29 va Su-27 samolyotlaridagi eski radarlardan zamonaviyroq hisoblanadi.

Xitoy qiruvchisi havo-havo va havo-yer raketalaridan foydalanishi mumkin. Xususan, uning PL-15E uzoq masofali havo-havo raketasining maksimal uchish masofasi 100 kilometrdan oshishi aytiladi.

Turli manbalarda J-10CEning taxminiy eksport narxi 40-50 mln dollar ekani qayd etilgan. Uchuvchilarni oʻqitish, oʻq-dorilar va texnik xizmat koʻrsatish ham shu narxga kiradi. Bu esa har biri 100 million dollardan boshlanadigan Gʻarb analoglariga nisbatan sezilarli darajada arzon.

Oʻzbekiston Xitoyning bu qiruvchilarini sotib olganini rasman tasdiqlagan Pokistondan keyingi ikkinchi davlat boʻldi. Jahon bozorida J-10CEga talabning oshishi 2025-yil may oyida Hindiston va Pokiston oʻrtasidagi havo toʻqnashuvlari bilan bogʻliq edi. Oʻshanda Pokiston shu samolyotlar yordamida Hindistonning Rafale va Su-30 qiruvchilarini urib tushirganini daʼvo qilgan. AQSH Mudofaa vazirligi 2025-yil dekabrdagi hisobotida Pokistonga 36 ta J-10C yetkazilganini tasdiqlab, Misr, Indoneziya, Bangladesh va Eron ham bu uchoqlarga qiziqish bildirganini qayd etgan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.