Qirgʻizistonda zotdor qoʻchqor 1 mln dollarga sotildi

Qirgʻizistonda zotdor qoʻchqor 1 mln dollarga sotildi
Qirgʻizistonda Arashan zotiga mansub nasldor qoʻchqor 1 million dollarga xarid qilindi. Bitim mazkur zotni rivojlantirishga bagʻishlangan xalqaro festival doirasida amalga oshirildi.
Bu haqdagi maʼlumotni Qirgʻiziston Suv resurslari, qishloq xoʻjaligi va qayta ishlash sanoati vazirligi ham tasdiqladi. Tadbirda Qirgʻiziston, Qozogʻiston, Rossiya, Tojikiston va Oʻzbekistondan kelgan fermerlar hamda soha mutaxassislari ishtirok etdi.
Arashan zoti Qirgʻizistonda 2021-yilda rasman roʻyxatdan oʻtkazilgan, ammo uni yaratish boʻyicha seleksiya ishlari 1970-yillardan beri davom etib kelmoqda.
Bu zotni yaratish uchun Tojikistondan olib kelingan Hisor qoʻchqorlari va mahalliy dagʻal junli qoʻylar chatishtirilgan.
Bir necha oʻn yil davomida seleksionerlar goʻshtdorligi va xoʻjalik uchun foydali xususiyatlari eng yuqori boʻlgan hayvonlarni tanlab bordi. Shu tariqa yangi zot liniyasi bosqichma-bosqich shakllantirildi. Natijada Arashan qoʻylari ham baland togʻ yaylovlari, ham dasht hududlari sharoitiga moslashtirildi.
Qirgʻiziston Qishloq xoʻjaligi vazirligi maʼlumotiga koʻra, bu nasldagi qoʻylar koʻp miqdorda goʻsht va dumbа yogʻi berishi bilan ajralib turadi. Shuningdek, ular uzoq yoʻl yurishga chidamli va qoʻrada boqishga ham mos.

