Qirgʻizistonda oʻqituvchilar va amaldorlarga prezidentlik saylovi oldidan tashviqot olib borish taqiqlandi

Qirgʻizistonda prezidentlik saylovi arafasida oʻqituvchilar va amaldorlarga tashviqot olib borish taqiqlandi
Qirgʻiziston prezidenti Sadir Japarov 2027-yil 27-yanvarda oʻtkaziladigan prezidentlik saylovlariga doir farmonni imzoladi. Endi oʻqituvchilar va talabalarni saylovoldi tashviqotiga jalb etish mumkin emas.
Japarov imzolagan farmon prezidentlik saylovlarini erkin va shaffof oʻtkazishni taʼminlash uchun zarur choralarni belgilaydi. Hujjatga koʻra, oʻqituvchilar, maktab oʻquvchilari, oliygoh oʻqituvchilari va talabalari, tibbiyot xodimlari, ijtimoiy xizmatlar xodimlari hamda boshqa davlat va munitsipal tashkilotlar vakillarini biror nomzod foydasiga tashviqotga jalb qilish taqiqlanadi.
Vazirlar Mahkamasiga saylovoldi tashviqotida noqonuniy qatnashgan yoki xizmat mavqeyidan biror nomzod manfaatlari yoʻlida foydalangan mansabdor shaxslarni intizomiy javobgarlikka tortish topshirildi. Zarurat tugʻilganda bunday rahbar va xodimlar lavozimidan ozod qilinadi.
Farmon, shuningdek, davlat va munitsipal organlarning saylov jarayoniga noqonuniy aralashuvi hamda maʼmuriy resurslardan foydalanishning oldini olishga qaratilgan.
Markaziy saylov komissiyasiga saylov qoidalari hammaga bir xil qoʻllanishini taʼminlash va fuqarolarni xabardor qilish uchun qoʻshimcha choralar koʻrish tavsiya etildi.
Hujjatda Qirgʻiziston qonunchiligiga muvofiq xalqaro kuzatuvchilarning saylovda ishtirokini taʼminlash choralari ham nazarda tutilgan.
Maʼlumot uchun, amaldagi prezident Sadir Japarov 2021-yil 28-yanvardan beri davlat rahbari lavozimida ishlab kelmoqda.
Japarov 2026-yil 13-avgustda OAVga bergan intervyusida navbatdagi prezidentlik saylovida qatnashishini bildirgan. U boshlangan islohotlarni yakunlash uchun ikkinchi muddatga nomzodini qoʻyishini aytgan.

