Qirgʻizistonda bolalarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni taqiqlash rejalashtirilmoqda
Taʼlim vazirining soʻzlariga koʻra, bolalar ijtimoiy tarmoqlarda hech qanday nazoratsiz oʻtiribdi.

Qirgʻizistonda bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishi taqiqlanishi mumkin
Qirgʻizistonda voyaga yetmaganlarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish taqiqlanishi ehtimoli bor. Bu haqda mamlakat taʼlim vaziri Dogdurkul Kendirbayeva maʼlum qildi.
«Biz bu masalani koʻrib chiqmoqdamiz. Bizda tajriba bor. Masalan, darslarda telefondan foydalanishni taqiqladik», - dedi u.
Vazirning aytishicha, boshqa davlatlarda ham voyaga yetmaganlarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni taqiqlash holatlari mavjud.
Kendirbayevaning fikricha, bu ayniqsa maktabda atigi uch soat boʻlib, qolgan vaqtini uyda oʻtkazadigan boshlangʻich sinf oʻquvchilari uchun muhim.
«Bolalar ijtimoiy tarmoqlarda hech qanday nazoratsiz oʻtiribdi. Ular qanday axborotlar olishayotganini biz bilmaymiz», - dedi vazir.
Avvalroq Oʻzbekiston maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri Eʼzozxon Karimova 16 yoshgacha boʻlgan bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini cheklashga qaratilgan qonun loyihasi ishlab chiqilishi mumkinligini aytgandi.

