Qirg‘izistonning ilk milliy sun’iy yo‘ldoshi orbitaga uchirildi (video, foto)
Prezident Sadir Japarov AQShda mamlakatning birinchi sun’iy yo‘ldoshi uchirilishida qatnashdi. SpaceX raketasida uchirilgan qurilma Bishkekdan boshqariladi va u qishloq xo‘jaligi, tabiiy ofatlarni barvaqt aniqlash hamda resurslarni samarali monitoring qilishda qo‘llanadi.

Qirg‘izistonning birinchi milliy sun’iy yo‘ldoshi orbitaga chiqarildi (video, foto)
Prezident Sadir Japarov Amerika Qo‘shma Shtatlariga amaliy tashrifi doirasida Qirg‘izistonning ilk milliy sun’iy yo‘ldoshini uchirish marosimida qatnashdi.
Ma’lum qilinishicha, uchirish Kaliforniya shtatidagi Vandenberg harbiy havo bazasidan SpaceX kompaniyasining Falcon 9 tashuvchi raketasi yordamida amalga oshirildi.
Sun’iy yo‘ldosh bitta tashuvchi raketa orqali orbitaga chiqarilgan kosmik apparatlar guruhi tarkibida uchirildi. Xabarda aytilishicha, uning parvozi Qirg‘iziston va Birlashgan Arab Amirliklarining birgalikdagi sa’y-harakatlari natijasi bo‘ldi. Sun’iy yo‘ldoshni boshqarish Bishkek shahrida joylashgan boshqaruv markazidan amalga oshiriladi.
Qayd etilishicha, sun’iy yo‘ldoshning uchirilishi Qirg‘iziston uchun kosmik ma’lumotlardan turli yo‘nalishlarda foydalanish bo‘yicha yangi imkoniyatlar ochadi.
Olinadigan ma’lumotlar qishloq xo‘jaligi yerlari, muzliklar, suv havzalari, o‘rmonlar va yaylovlar monitoringini olib borish, shuningdek, tabiiy ekotizimlardagi o‘zgarishlarni kuzatish imkonini beradi.
“Sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlaridan yer qa’ridan noqonuniy foydalanish holatlari, ruxsat etilmagan chiqindixonalar va boshqa ifloslanish manbalarini aniqlash, shuningdek, logistika yo‘nalishlarini optimallashtirishda foydalaniladi. Tabiiy xavf-xatarlarni monitoring qilish va ularni barvaqt aniqlashda sun’iy yo‘ldosh texnologiyalari alohida ahamiyat kasb etadi”, — deya qayd etdi Qirg‘iziston PA.
Olinadigan ma’lumotlar qurg‘oqchilik, suv toshqini, ko‘chki, sel va o‘rmon yong‘inlari belgilarini tezkor aniqlash imkonini berib, o‘z vaqtida chora ko‘rish hamda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan zararni kamaytirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi.
Kelgusida sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlari davlat raqamli tizimlari bilan integratsiya qilinadi hamda fazoviy xaritalar va tahliliy modellar yaratishda qo‘llanadi.
Bu davlat qarorlarini qabul qilish, investitsiyaviy rejalashtirish va davlat dasturlari ijrosini nazorat qilishda xolis ma’lumotlarga tayanish uchun sharoit yaratadi.
Sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlaridan superkompyuter texnologiyalari imkoniyatlari bilan uyg‘un holda foydalanish Qirg‘izistonning iqtisodiy va tabiiy resurslarini yanada aniq hamda samarali boshqarish uchun mustahkam zamin bo‘lib xizmat qiladi, deyiladi xabarda.

