Qirg‘iziston O‘zbekistondan keltirilgan 23 tonna sabzavotni qaytarib yubordi

Qirg‘iziston O‘zbekistondan olib kelingan 28 tonna sabzavotni ortga qaytardi. Bu haqda “24.kg” nashri Qirg‘iziston Qishloq xo‘jaligi vazirligiga tayanib xabar berdi.
Mahsulotlar “Qizil-Qiya — avtoyo‘l” fitosanitariya nazorat punktidan qaytarilgan. Yuk tarkibida 23 tonna piyoz va 5 tonna sabzi bo‘lgan. Tekshiruv davomida mutaxassislar mahsulot qadog‘ida majburiy markirovka mavjud emasligini aniqlagan.
Karantin ostidagi mahsulotlarni markirovkasiz olib kirish Yevroosiyo Iqtisodiy Ittifoqining yagona fitosanitariya talablarini buzish hisoblanadi. Shu bois, ushbu yuk import qilingan davlatga qaytarib yuborilgan.
Bu qo‘shni davlatning tovarlarni ortga qaytarishi bilan bog‘liq birinchi holat emas. Qirg‘iziston markirovka yo‘qligi sababli iyun oyida 650 kilogramm kolbasani, may oyida esa 21 tonna tarvuzni ortga qaytargan edi. Yanvar oyida fitosanitariya sertifikati va markirovkasi bo‘lmagani uchun qariyb 27 tonna piyoz ham O‘zbekistonga jo‘natib yuborilgan. Shuningdek, 2025-yilda pista va qovun yuklari bilan bog‘liq shunday holatlar kuzatilgan.

