Qirgʻizistonda Atambayevning oʻgʻli 4 yilga qamaldi
Sud kichik Atambayevni ommaviy tartibsizliklarga tayyorgarlik koʻrish ishi boʻyicha aybdor deb topib, unga mol-mulkini musodara qilgan holda 4 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlagan.

Qirgʻizistonda Atambayevning oʻgʻli 4 yilga qamaldi
8-oktabr kuni Bishkekning Pervomayskiy rayon sudi Qirgʻiziston sobiq prezidenti Almazbek Atambayevning oʻgʻli Kadirbek Atambayevni ommaviy tartibsizliklarga tayyorgarlik koʻrish ishi boʻyicha aybdor deb topib, mol-mulkini musodara qilgan holda 4 yilga ozodlikdan mahrum qildi.
Mazkur ish doirasida Sotsial-demokratlar partiyasi yetakchisi Temirlan Sultanbekov 7 yilga qamaldi. Bu yerda unga nisbatan saylovchilarni sotib olish ishi boʻyicha ilgari chiqarilgan hukm ham inobatga olingan.
Sobiq deputat Ermek Ermatov jinoyatni yashirishda aybdor deb topildi va unga bir yillik probatsiya (ozodlikdan mahrum etish bilan bogʻliq boʻlmagan jazo) tayinlanib, shartli ravishda ozod etildi.
Yana bir sobiq deputat Kubanichbek Kadirov oqlangan.
Qozogʻiston fuqarosi Serikbay Qoplonbek bir yil-u toʻqqiz oyga ozodlikdan mahrum etildi, biroq qamoqda saqlangan davri bu muddatni qoplab ulgurgani sababli ozod qilindi. U Qirgʻiziston hududidan chiqarib yuboriladi.
Yana bir figurant, Qirgʻiziston va Qozogʻiston fuqaroligiga ega bo‘lgan Abduraxim Abdraxmanov hokimiyatni bosib olishga tayyorgarlik koʻrishga daʼvatchi deb topildi. Unga mol-mulki musodara qilinib, ikki yilga ozodlikdan mahrum etish jazosi belgilandi, biroq boshqa ishlar boʻyicha hukmlar hisobga olingach, umumiy jazo muddati 8 yilni tashkil etdi.
Sud jarayoni yopiq tartibda oʻtkazildi.
2025-yil 24-noyabr kuni, 30-noyabrga belgilangan parlament saylovlari arafasida Qirgʻiziston IIV Kadirbek Atambayev va uning tarafdorlari qoʻlga olingani haqida xabar bergan edi. Ularga nisbatan «Ommaviy tartibsizliklar uyushtirishga tayyorgarlik koʻrish» moddasi boʻyicha ayblov qoʻyilgandi. Tintuvlar chogʻida «qurol-yarogʻ, oʻq-dorilar, granatalar, aloqa vositalari, moliyalashtirish hujjatlari, harakatlar rejalari, giyohvand moddalar, shuningdek, 150 ming dollar miqdoridagi pul mablagʻlari musodara qilingani» aytilgandi.
Ichki ishlar vazirligi bayonotiga koʻra, hibsga olinganlarning barchasi «respublika parlamentiga saylov natijalari sarhisob qilingandan soʻng ommaviy norozilik koʻrinishini yaratishga intilib, bir qator mitinglar oʻtkazishni» rejalashtirgan. Xususan, idora versiyasiga koʻra, qoʻlga olinganlar «konstitutsiyaga zid talablar» qoʻyish va «maʼmuriy binolar, telekanallar, kuch tuzilmalari obyektlari, qurol-yarogʻ va jazoni ijro etish muassasalarini egallab olishga urinish»ni amalga oshirmoqchi boʻlgan. Ushbu harakatlarni «jinoiy unsurlar» — uyushgan jinoiy guruhlar va sport hamjamiyatlari kuch bilan qoʻllab-quvvatlashi koʻzda tutilgandi.

