Qimmatli qog‘ozlar emitentlari uchun 4 toifali reyting joriy etildi
Emitentlar har chorakda yetti mezon bo‘yicha baholanadi, natijalar ochiq e’lon qilinadi va reyting toifasiga qarab

Qimmatli qog‘ozlar emitentlari uchun 4 toifali reyting joriy etildi
Adliya vazirligi tomonidan Qimmatli qog‘ozlar emitentlarining reytingini yuritish tartibi to‘g‘risidagi idoraviy hujjat davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Hujjat 2026-yil 17-sentyabrda 3941-son bilan ro‘yxatga olingan.
Mazkur hujjat 2025-yil 18-dekabrdagi PF–254-son Prezident farmoniga muvofiq ishlab chiqilgan. Unda qimmatli qog‘ozlar emitentlarining faoliyatini baholovchi reytingni yuritish va reyting natijalariga ko‘ra ta’sir choralarini qo‘llash tartibi belgilangan.
Emitentlar reytingi har chorak yakunlari bo‘yicha Istiqbolli loyihalar milliy agentligi tomonidan yuritiladi. Natijalar Korporativ axborot yagona portali — «openinfo.uz»da ochiq e’lon qilinadi.
Reyting hisobot choragidan keyingi ikkinchi oyning dastlabki 10 kunligida e’lon qilinadi. Emitentlarga reyting natijalari haqida shaxsiy kabineti orqali xabar yuboriladi.
Emitentning reytingi yetti mezon bo‘yicha to‘plangan ballar yig‘indisi asosida aniqlanadi. Yakunda unga «A», «B», «S» yoki «D» toifalaridan biri beriladi.
Toifaga qarab emitentlarga nisbatan ta’sir choralari qo‘llanilishi mumkin. Bu choralarning amal qilish muddati uch oy etib belgilangan.
Yangi tartib emitentlar faoliyatining shaffofligini oshirish va qimmatli qog‘ozlar bozorida aksiyadorlar huquqlarini himoya qilishga qaratilgan.
Ushbu nizom rasmiy e’lon qilingan kundan uch oy o‘tib kuchga kiradi.

