Qayta tergov, #IamJaneDoe fleshmobi va rektor iste’fosi talabi: Kornell universitetidagi shov-shuvli zo‘rlash ishi tafsilotlari
AQShning nufuzli Kornell universitetida guruh bo‘lib zo‘rlanganini bildirgan qizni qo‘llab-quvvatlash uchun ommaviy noroziliklar va #IamJaneDoe fleshmobi bo‘lmoqda. 2024-yilda sodir etilgan voqea bo‘yicha tergov qayta tiklangan, ish Nyu York bosh prokurori Letitsiya Jeyms nazoratiga o‘tkazilgan. Tafsilotlar.

Qayta tergov, #IamJaneDoe fleshmobi va rektor iste’fosi talabi: Kornell universitetidagi shov-shuvli zo‘rlash ishi tafsilotlari
AQShdagi nufuzli Kornell universitetining 7 nafar talabasi tomonidan guruh bo‘lib zo‘rlanganini aytgan qizni qo‘llab-quvvatlash uchun aksiyalar o‘tkazilmoqda, shu bilan birga ijtimoiy tarmoqlarda #IamJaneDoe heshtegi ostida fleshmob ham davom etmoqda. Foydalanuvchilar bu orqali jabrlanuvchining shaxsini oshkor qilmaslik, ya’ni anonim qolish huquqini ham himoya qilmoqchi.
Jeyn Dou (Jane Doe) — ingliz tilida so‘zlashuvchi mamlakatlarda (birinchi navbatda, AQSh, Britaniya va Kanadada) ayolning haqiqiy ismi noma’lum bo‘lganda, sir saqlanganda yoki huquqiy sabablarga ko‘ra oshkor qilinmaganda ishlatiladigan shartli nom-ekvivalentdir.
Bu, o‘z navbatida, #MeToo heshtegini esga soladi.
2017-yilda ijtimoiy tarmoqlarda jinsiy zo‘ravonlik qurbonlarini qo‘llab-quvvatlovchi #MeToo heshtegi ostidagi kampaniya keng yoyilgandi (bu heshteg ilk bor 2006-yildan qo‘llana boshlagan). Bunga 80 dan ortiq ayolning amerikalik prodyuser Xarvi Vaynshteynga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik ayblovlarini ilgari surgani turtki bo‘lgan. Shundan keyin avval AQShda, keyin boshqa mamlakatlarda ham millionlab odamlar o‘zlari ham shunday zo‘ravonlik qurboni bo‘lgani haqidagi postlarida ushbu heshtegdan foydalana boshladi. Mazkur ishda esa sobiq talabani qo‘llab-quvvatlab joylangan post va videolar TikTok hamda boshqa platformalarda o‘nlab million marta ko‘rilgan.
Sud hujjatlarida “Jeyn Dou” shartli nomi bilan ko‘rsatilgan 20 yoshli sobiq talaba sentabr oyida fuqarolik sudiga da’vo arizasi kiritdi. U 2024-yil 19-oktabr kechasi do‘stini ko‘rish uchun Chi Phi talabalar uyushmasi binosiga borganida, unga spirtli ichimlik va ketamin berilganini, o‘zini boshqara olmay qolganidan so‘ng 7 nafar yigit bir necha soat davomida uni zo‘rlaganini bildirgan.
Da’voda yigitlarning Snapchat guruhidagi yozishmalari ham dalil sifatida keltirilgan bo‘lib, unda talabalar uyatsiz so‘zlar ishlatgani, qiz bilan “tekinga” jinsiy yaqinlik qilish masalasini muhokama qilgani aks etadi. Qayd etilishicha, voqeadan karaxt bo‘lgan qiz oradan uch hafta o‘tib, 2024-yil 8-noyabrda kampus politsiyasiga murojaat qilgan va keyinroq og‘ir ruhiy zarba tufayli nufuzli oliygohni tashlab ketishga majbur bo‘lgan.
Jabrlanuvchi endilikda nafaqat yigitlarni, balki aybdorlarni atigi “tarbiyaviy esse” yozdirish bilan cheklangan universitet ma’muriyati hamda talabalar uyushmalarini ham javobgarlikka tortishni talab qilmoqda. Kornell ma’muriyati esa jazo berilmaganini rad etib, 2 nafar talaba o‘qishdan haydalganini, uyushmaning kampusdagi bo‘limi 2024-yildayoq yopilganini bildirdi, yigitlardan birining advokati esa mijozi xonada atigi bir necha daqiqa bo‘lgani va qizga qo‘l ham tekkizmaganini da’vo qilmoqda.
Nyu York shtati Tomrikins okrugi prokurori Mettyu Van Hautenning 2026-yil 28-sentabrdagi rasmiy matbuot bayonotiga ko‘ra, qiz 2024-yilda ketamin moddasi iste’molida va jinsiy yaqinlikda o‘z xohishi, ongli roziligi bilan qatnashganini bildirgan.
Hujjatda giyohvand modda qizning tanasi ustiga sepilgan holda iste’mol qilingani va u har safar jarayonni to‘xtatishni so‘raganda yigitlar to‘xtagani bayon qilingan. Shu bois Nyu York qonunchiligiga ko‘ra, bu vaziyatda zo‘rlik ishlatilgani yoki qizning hushsiz holatda bo‘lganini, ya’ni aloqaga rozilik berilmaganini isbotlab bo‘lmaydi, deb topilgan.
Ammo oradan ikki yil o‘tib berilgan da’voda qiz majburan mast qilingani va guruh bo‘lib zo‘rlanganini bildirgan. Keyinroq esa kampus politsiyasining to‘liq stenogrammalarida uning “100 foiz zo‘rlandim” degan so‘zlari borligi aniqlanib, ko‘rsatmalar o‘rtasidagi tafovutlar yuzaga chiqqan.
Prokuror bu to‘liq stenogrammalarni ko‘rmaganini va universitet unga bularni taqdim etmaganini ta’kidlamoqda.
Vaziyatdagi chalkashlik va shubhalar sabab Nyu York gubernatori aralashuvi bilan tergov mahalliy prokurordan olinib, shtat bosh prokurori Letitsiya Jeyms nazoratiga o‘tkazildi.
Internetda qizni qo‘llab-quvvatlaganlarning katta qismi mustaqil jurnalist va sharhlovchi Maykl Treysini tanqid qilmoqda. U ayblanayotgan yigitlar hodisadan keyin tazyiq va ta’qiblarga duchor bo‘lganini aytib, ularga hamdardlik bildirgandi.
Treysi, shuningdek, jinsiy jinoyatlarda ayblangan marhum Jeffri Epshteynning qurbonlari bergan ko‘rsatmalarni ham shubha ostiga olgan. Treysi Kornell talabasining shaxsini aniqlashga urinishlarini so‘z erkinligi kafolatlari bilan himoyalangan “vijdonan qilingan jurnalistik faoliyat” deb baholamoqda.
“Qani ko‘raylik-chi, ushbu Jeyn Douning ismini oshkor qilishga birortasida „yuragi“ yetarmikan, toki barchamiz uning va advokatlarining gaplari qanchalik haqiqatga yaqinligini baholay olaylik, axir uning da’vo arizasida 7 nafar kursdoshi hech ikkilanishsiz guruh bo‘lib zo‘rlagan jinoyatchilar sifatida nomma-nom badnom qilingan-ku”, — deb yozdi Treysi 29-sentabrga o‘tar kechasi X ijtimoiy tarmog‘ida. Bu uning mazkur ish bo‘yicha yozgan ko‘plab xabarlaridan biri edi. Juma kuni u jabrlanuvchi qizning ismi deb hisoblangan ma’lumotni e’lon qilgandi, so‘ngra o‘z maqsadiga erishganini va fikrini yetkazib bo‘lganini aytib, postni o‘chirib tashlagan.
Do‘stlik va hamjihatlik ramzi sifatida Kornell universiteti talabalari 5-oktabr kuni ommaviy namoyish o‘tkazdi.
Ular da’volari butun mamlakat bo‘ylab jiddiy norozilikka sabab bo‘lgan qizni qo‘llab-quvvatlab, AQShning eng nufuzli sakkiz oliygohidan (Ivy League, unga quyidagi mashhur universitetlar kiradi: Kornell, Garvard, Yel, Prinston, Kolumbiya, Pensilvaniya, Braun universitetlari va Dartmut kolleji) biri bo‘lmish Kornellga kiruvchi mazkur oliygoh ma’muriyatidan kampusdagi jinsiy zo‘ravonlikka qarshi yanada qat’iy choralar ko‘rishni talab qildi.
Namoyishchilar Kornell ma’muriyati mazkur ishni qanday ko‘rib chiqqani yuzasidan tashqi mustaqil tekshiruv o‘tkazilishini, mustaqil eshituvlar tashkil etilishini, kampusdagi barcha jinsiy tajovuz holatlari uchun yagona minimal jazo choralari joriy qilinishini hamda kampus politsiyasini jinsiy zo‘ravonlik va shilqimlik shikoyatlariga javob berish bo‘yicha yanada puxta tayyorlashni talab etdi.
Ayrim namoyishchilar Kornell universiteti prezidenti Maykl Kotlikoff va ma’muriyatning boshqa a’zolari iste’fosini ham talab qilib, ularning tutgan yo‘li kampusda “zo‘rlash madaniyati”ning saqlanib qolishiga olib kelganini bildirdi.
Yigitlarning barchasi har qanday qonunbuzarlikni rad etgan: ayrimlari jinsiy aloqa ikki tomonlama rozilik bilan bo‘lganini aytgan bo‘lsa, boshqalari bunda umuman qatnashmaganini da’vo qilgan, deb yozadi.
Ushbu miting qiz Jeyn Dou va uning advokati da’vo kiritilgandan beri ko‘plab tahdidlar olayotganini ma’lum qilganining ertasigayoq yuz berdi.
Bir necha kun oldin mojarolar yuzasidan videomurojaat bilan chiqqan universitet prezidenti Kotlikoff kampusdagi talabalar birlashmalari va uyushmalarining o‘rnini qayta ko‘rib chiqishga va’da berib: “Qandaydir guruh a’zosi bo‘lish hech qachon shaxsiy javobgarlikni kamaytirmaydi”, — deya ta’kidladi.
Ijtimoiy tarmoqlar lentalari Kornelldagi jabrlanuvchi qizning shaxsini himoya qilish maqsadida “Men — Jeyn Douman” yozuvi ostida o‘z videolarini joylayotganlar bilan to‘lib-toshdi. Bu harakatlar nafaqat uning asl ismini internetda qidirib topishni murakkablashtirish, balki birdamlik bildirish maqsadini ham ko‘zlagan bo‘lib, videolarda ayollar o‘zlari boshdan kechirgan jinsiy zo‘ravonlik holatlari haqida ham batafsil so‘zlab bermoqda.
Jumladan, qo‘shni Qozog‘istonda ham ayollar “Men — Qozog‘istondan Jeyn Douman” deya qo‘llab-quvvatov ko‘rsatmoqda va o‘zlari duch kelgan voqealar bilan bo‘lishmoqda.
Jeyn Dou atrofidagi jipslashuv harakatlari Maykl Treysining uning shaxsini oshkor qilishga va’da berishi ortidan yanada kuchaygan.
AQShdagi boshqa nufuzli oliygohlar (Baffalo, SUNY Purchase, Pensilvaniya va Kolumbiya universitetlari)ning talabalari ham o‘z boshlaridan o‘tgan voqealarni bo‘lishib, ma’muriyat jinoyatchilarga qarshi jiddiy chora ko‘rmagani, ishlarni yopib yuborgani yoki shunchaki “arzimas tanbeh” bilan cheklanganini ta’kidlagan. Ko‘pchilik oliygohlardagi mavjud tekshiruv tizimi qurbonlarni himoya qila olmasligidan shikoyat qilgan.
Ish qayta ochilishidan avvalroq ushbu voqea haqida so‘ralganida, AQSh prezidenti Donald Tramp ish tafsilotlari bilan unchalik tanish emasligini bildirib: “Kornell — yaxshi oliygoh va ular to‘g‘ri yo‘l tutishiga ishonchim komil”, — deya qisqa izoh bilan cheklangandi.
Biroq zo‘rlash ishini qayta tekshirish Nyu York shtati bosh prokurori Letitsiya Jeymsga topshirilgach, Tramp buni qoraladi. U Jeyms xonimni “korrupsioner” deb atab, uning qo‘li ostida tekshirilayotgan har qanday shaxs “adolatli munosabat” ko‘rmasligini, Kornelldagi yigitlar esa xolis sudlanmasligini bildirdi.
NYTning qayd etishicha, Trampning bunday munosabati sababi Letitsiya Jeyms bilan eski ziddiyatiga borib taqaladi. 2022-yilda Jeyms Tramp va uning oilasiga qarshi firibgarlik bo‘yicha fuqarolik ishi ochgan va yutgan edi. Tramp esa ikkinchi prezidentlik muddatida adliya tizimini o‘ziga qarshi qurol qilingan deb hisoblab, Jeymsga qarshi siyosiy qasos kampaniyasini boshlagan.
Nyu yorklik sobiq prokuror va jinoyat ishlari bo‘yicha advokat Jeyson Goldmanning ta’kidlashicha, respublikachilar ham, demokratlar ham ish tafsilotlarini to‘liq bilmay turib, unga aralashmoqda. Ekspertning fikricha, yuqori martabali siyosatchilarning qonuniy tergov jarayoni yakunlanmay turib ishga bu tarzda aralashuvi sudning xolisligiga soya soladi, Trampning pozitsiyasi esa adolatni himoya qilishdan ko‘ra ko‘proq siyosiy qasos olishga o‘xshab qolmoqda.

