Qaysi mamlakatlar oʻquvchilari tabiiy fanlarni yaxshiroq biladi?
PISA–2025 tadqiqotida 15 yoshli oʻquvchilarning tabiiy fanlar boʻyicha natijalariga koʻra, Xitoyning Pekin, Shanxay, Szyansu va Chjetszyan hududlari hamda Singapur yetakchilik qildi. Birinchi beshlikdan Makao, Tayvan va Yaponiya ham oʻrin oldi.

Qaysi mamlakatlar oʻquvchilari tabiiy fanlarni yaxshiroq biladi?
Visual Capitalist infografikasiga asoslangan materialda mamlakatlar va hududlar oʻquvchilarning tabiiy fanlar boʻyicha oʻrtacha ballari orqali taqqoslangan. Xitoy natijalari butun mamlakatni emas, balki tadqiqotda ishtirok etgan toʻrt hududni aks ettiradi.
Estoniya 527 ball bilan oltinchi oʻrinni egallab, yetakchi yettilikka kirgan yagona Yevropa davlati boʻldi. Janubiy Koreya esa yettinchi oʻrinda qayd etildi.
PISA–2025 tadqiqotida 91 mamlakat va iqtisodiyotdan 760 mingdan ortiq oʻquvchi qatnashgan. Ular dunyodagi qariyb 33 million nafar 15 yoshli oʻsmirni ifodalaydi. Tadqiqotning dastlabki natijalari 2026-yil sentabrida eʼlon qilingan.
Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti tomonidan oʻtkaziladigan PISA dasturi oʻquvchilarning matematika, oʻqish va tabiiy fanlar boʻyicha bilim hamda koʻnikmalarini baholaydi.
Tabiiy-ilmiy savodxonlik sinovi faqat faktlarni yoddan aytish qobiliyatini tekshirish bilan cheklanmaydi. U oʻquvchilarning ilmiy hodisalarni tushuntirish, tadqiqotlar va dalillarni baholash, shuningdek, qaror qabul qilish uchun ilmiy axborotni tahlil qila olishini ham aniqlaydi.
Materialda qayd etilishicha, Osiyodagi ayrim muvaffaqiyatli taʼlim tizimlarida yuqori akademik talablar barqaror natijaga erishishga yordam beruvchi oʻquv muhiti bilan uygʻunlashgan. Xitoyning tadqiqotda qatnashgan hududlari, Singapur, Yaponiya va Janubiy Koreya tabiiy fanlar bilan birga matematika va oʻqish boʻyicha ham yuqori natijalar koʻrsatgan.
Darsda chalgʻituvchi omillarning kamligi ehtimoliy sabablardan biri sifatida keltirilgan. Xitoyning ishtirokchi hududlari, Yaponiya va Janubiy Koreyada oʻquvchilarning 10 foizdan kami sinfdoshlari tabiiy fanlar darslarining aksariyatida yoki har birida raqamli qurilmalarga chalgʻishini bildirgan. Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti mamlakatlarida bu koʻrsatkich oʻrtacha 28 foizni tashkil etgan.
Ayrim yuqori natijali Osiyo taʼlim tizimlarida oʻquvchilarning tabiiy fanlar boʻyicha koʻrsatkichlari ularning ijtimoiy-iqtisodiy sharoitiga kamroq bogʻliq boʻlgan. Bu muvaffaqiyatni faqat taʼminlangan oilalar farzandlarining yutuqlari bilan izohlab boʻlmasligini koʻrsatishi mumkin.

