Qatar Erondagi urush sabab davlat byudjetini 30 foizga qisqartirdi

Qatar hukumati davlat byudjetini 30 foizga qisqartirdi, shuningdek, xorijga ajratiladigan gumanitar yordam xarajatlarini qariyb 85 foizga kamaytirdi. Bu choralar AQSH-Isroil va Eron o‘rtasidagi urush oqibatlarini yumshatish maqsadida amalga oshirilmoqda. Financial Times nashriga tayanib, The Cradle xabar berishicha, Doha rasmiylari xarajatlarni yanada qisqartirishni rejalashtirmoqda.
Qatar daromadining asosiy manbai suyultirilgan tabiiy gaz (STG) eksporti hisoblanadi. Eronning mamlakatdagi AQSH bazalariga bergan javob zarbalari gaz ishlab chiqarishni izdan chiqargan. Qolgan mahsulotni Hormuz bo‘g‘ozi orqali olib o‘tish ham qiyinlashgan. Jarayondan xabardor uchta manbaning ma’lum qilishicha, byudjet qisqartirilishiga gazdan keladigan daromadning keskin tushib ketishi sabab bo‘lgan.
Doha 2026-yilgi byudjetni taxminan 61 milliard dollar qilib belgilagan edi. Biroq idoralar xarajatlari qisqargach, umumiy byudjetning qanchaga kamaygani ochiqlanmadi. Xalqaro valyuta jamg‘armasi prognozlariga ko‘ra, Ko‘rfazning oltita davlati orasida eng katta iqtisodiy pasayish Qatarda kuzatiladi, mamlakat ishlab chiqarishi 2026-yilda 8,6 foizga qisqaradi.
Global masalalar bo‘yicha Yaqin Sharq kengashi katta ilmiy xodimi Toriq Yusufning ta’kidlashicha, agar inqiroz yilning oxirgi choragida ham davom etsa, Doha 2027-yilda xarajatlarni yanada ko‘proq qisqartiradi. Yusufning so‘zlariga ko‘ra, hukumat inqirozni samarali boshqarayotgan bo‘lsa-da, yetkazilgan zarar juda katta. Ular iqtisodiyot va likvidlikni ushlab turish uchun to‘plangan moliyaviy zaxiralardan foydalanmoqda, ammo bu byudjetda katta teshik qoldiradi.
Bu moliyaviy zaxiralarga aktivlari 500 milliard dollarga teng bo‘lgan Qatar Suveren Jamg‘armasi ham kiradi. Doha xorijiy yordamlar uchun qancha mablag‘ sarflashini to‘liq ochiqlamaydi. Qatar Tashqi ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 2025-yilda mamlakat BMTning Gumanitar masalalarni muvofiqlashtirish boshqarmasiga 1,5 milliard dollar o‘tkazgan va eng yirik beshta donor sirasiga kirgan.
Dunyo bo‘yicha eng ko‘p STG eksport qiluvchi Ras Laffan majmuasi fevral oyida, urush boshlanganining to‘rtinchi kunida Eron dronlari va raketalari hujumiga uchragan edi. Eron mart oyida zavodga yana bir bor zarba bergan. Shuningdek, bu majmuada 21-iyun kuni kuchli portlash yuz bergan. Hodisa ortidan kelib chiqqan yong‘in oqibatida kamida 13 kishi halok bo‘lib, yana 66 kishi jarohatlangan. Oqibatda eksport quvvatining 17 foizi ishdan chiqqan. Zavodni ta’mirlash uchun 5 yilgacha vaqt ketishi kutilmoqda.
Zararlar sababli QatarEnergy kompaniyasi gaz yetkazib berish shartnomalari bo‘yicha fors-major holatini e’lon qildi. Bu kompaniyani Yevropa va Osiyodagi xaridorlar oldidagi majburiyatlardan ozod etdi. Reuters’ning yozishicha, eksport to‘xtab qolgan bir paytda osiyolik mijozlarni gaz bilan ta’minlash uchun davlat kompaniyasi 2026-yilda AQSHdan 33 ta STG yukini sotib olgan va buning uchun taxminan 1 milliard dollar sarflagan. Bu gaz mahsulotlari Janubiy Koreya, Tayvan, Bangladesh, Hindiston va Yaponiyaga yetkazib berilmoqda.

