Qashqadaryodagi mahallani renovatsiya qilishga 219 mln dollar investitsiya jalb qilinadi

Qashqadaryo viloyatida joylashgan mahallani yangilashga 219 million dollar sarmoya kiritiladi.
Qashqadaryo viloyati kengashi tomonidan Qarshi shahridagi “Xontepa” mahalla fuqarolar yig‘ini hududini qayta qurish bo‘yicha bosh reja tasdiqlandi.
Ushbu loyihaga 219,1 million AQSH dollari miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya jalb qilinishi, 3 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratilishi hamda davlat byudjetiga har yili 100 milliard so‘mdan ziyod soliq tushumi ta’minlanishi kutilmoqda.
Renovatsiya loyihasi 26,8 gektar maydonni qamrab oladi. Bosh rejaga muvofiq, bu yerda 7-9 qavatli 107 ta turar joy binosi qurilib, jami 3 050 ta xonadon tashkil etiladi. Bu xonadonlarda 10 620 nafar aholi yashashi uchun sharoitlar yaratiladi.
Hududning 8,3 gektari yashil maydon sifatida ajratiladi. Shuningdek, 4,8 gektarlik markaziy sayilgoh – bulvar barpo etiladi. Piyodalar uchun 9,6 kilometr, velosipedchilar uchun esa 9,4 kilometr yo‘laklar tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Loyihada 3 200 ta avtoturargoh, jumladan, 1 500 ta yerosti avtoturargohi qurilishi ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari, 210 o‘rinli maktabgacha ta’lim muassasasi va 400 o‘rinli xususiy maktab ham barpo etiladi.
Turar joy binolarining birinchi qavatlarida umumiy maydoni 47 800 kvadrat metr bo‘lgan savdo, maishiy xizmat va biznes maydonlari tashkil etiladi.
“Xontepa” hududini renovatsiya qilish loyihasi 2026-2032-yillarda uchta asosiy bosqichda amalga oshiriladi. Buning uchun hudud 8 ta investitsion uchastka va 32 ta lotga bo‘linadi.
Ushbu loyiha Qarshi shahrida zamonaviy arxitekturaviy muhit yaratish, aholi uchun qulay va xavfsiz yashash sharoitlarini yaxshilash hamda hududning iqtisodiy salohiyatini oshirishga qaratilgan.
Eslatib o‘tamiz, 10-iyun kuni Prezident tomonidan “Shaharsozlik renovatsiyasi to‘g‘risida”gi qonun imzolangan edi. Hujjatga ko‘ra, renovatsiya eskirgan, yashash yoki foydalanish uchun yaroqsiz hamda avariya holatidagi obyektlarni yangilashni nazarda tutadi.

