Qashqadaryoda zilzila oqibatlarini bartaraf etish boʻyicha oʻquv mashgʻulotlari oʻtkazildi
Qashqadaryo viloyatida zilziladan soʻng aholini himoya qilish va sanitariya xavflarining oldini olish boʻyicha favqulodda xizmatlar va sohaviy idoralarning harakatlari amalda sinovdan oʻtkazildi.

Qashqadaryoda zilzila oqibatlarini bartaraf etish boʻyicha oʻquv mashgʻulotlari boʻlib oʻtdi
2026 yilning 28–30 oktyabr kunlari Qashqadaryo viloyatida zilzila oqibatlarini tugatish va aholi xavfsizligini taʼminlashga bagʻishlangan qoʻshma qoʻmondonlik-shtab oʻquv mashgʻulotlari oʻtkazildi.
Tadbirda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi hamda boshqa tegishli tashkilotlar ishtirok etdi.
Oʻquv mashgʻulotlari doirasida kuchli zilzila sodir boʻlganda idoralarning harakatlari, jumladan, jabrlanganlarga tezkor yordam tashkil etish, insonlar hayoti va salomatligini muhofaza qilish, shuningdek, masʼul tuzilmalar oʻrtasidagi hamkorlikni muvofiqlashtirish masalalari ishlab chiqildi.
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi viloyat boshqarmasi mutaxassislari favqulodda vaziyat hududida sanitariya xavfsizligini taʼminlash boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirdilar.
Xususan, ishtirokchilar ichimlik suvi va oziq-ovqat mahsulotlari sifatini nazorat qilish, vaqtinchalik joylashtirish punktlarida sanitariya-gigiyena talablariga rioya etish, yuqumli kasalliklarning oldini olish va zarurat tugʻilganda dezinfektsiya ishlarini oʻtkazish masalalarini koʻrib chiqdilar.
Qoʻmita axborot xizmati xabariga koʻra, bunday tadbirlar tegishli idoralarning sanitariya-epidemiologik xavf-xatarlarga tayyorgarligini oshirish hamda favqulodda vaziyatlarda idoralararo hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan.

