Qashqadaryoda YPX mashinasini Nexia’da urib qochgan haydovchi 15 sutkaga qamaldi

Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumanida YPX xodimlarining to‘xtash ishorasiga bo‘ysunmasdan, ulardan qochishga uringan va YPX mashinasini Nexia’da urib yuborgan haydovchi 15 sutkaga qamaldi.
Hodisa 12-avgust kuni sodir bo‘lgan. Tungi xizmatga jalb qilingan YPX inspektorlari Nexia-2 avtomashinasini hujjatlarni tekshirish maqsadida to‘xtatgan. Ammo haydovchi YPX xodimining qonuniy to‘xtash ishorasiga bo‘ysunmasdan, voqea joyidan yashirinishga uringan. Keyingi chorrahada xizmat olib borayotgan YPX xodimi tomonidan ham haydovchiga bir necha bor to‘xtash ishorasi berilganiga qaramay, u ichki ishlar organlari xodimlarining qonuniy talablarini bajarmasdan, harakatni davom ettirgan.
Natijada patrul ekipaji qarama-qarshi yo‘nalishda harakatlanib kelayotgan Nexia-2 xizmat avtomashinasi yordamida cheklangan. Biroq haydovchi patrul avtomashinasini urib yuborib, voqea joyidan yana yashirinishga uringan. Ko‘rilgan tezkor chora-tadbirlar natijasida haydovchining shaxsi aniqlanib, ushlangan.
Sud qarori bilan unga 15 sutka qamoq jazosi tayinlandi. Sudda u qilmishidan pushaymonligini bildirdi.
12-avgust kuni Toshkentda YPX xodimining to‘xtash talabiga bo‘ysunmagan motosiklchi 15 sutkaga qamalgani haqida xabar berilgan edi. 17-avgust kuni Andijonda YPX xodimlaridan qochgan haydovchi Onix’da do‘konga borib urilgandi. Surxondaryoda fuqarolar ikki YPX xodimiga tan jarohati yetkazgani ortidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Samarqandda YPX xodimini Spark’da sudrab ketgan haydovchi qamoqqa olindi.

