Qashqadaryoda uchta bankka oid firibgarlik holati aniqlandi.
Qashqadaryo viloyatida tijorat banklari faoliyati bilan bog‘liq uchta firibgarlik va mablag‘larni o‘zlashtirish holati fosh etildi. Tergovga qadar tekshiruvlarda bank xodimi va sobiq mahalla agentlari fuqarolarni aldab, omonat va kredit mablag‘larini talon-toroj qilgani aniqlangan..

Qashqadaryoda uchta bankka oid firibgarlik holatlari aniqlangan. Qashqadaryo viloyatida tijorat banklari faoliyatiga doir uchta firibgarlik va mablag‘larni o‘zlashtirish holatlari fosh etildi. Tergovga qadar o‘tkazilgan tekshiruvlar davomida bank xodimi va sobiq mahalla agentlari fuqarolarni aldab, omonat va kredit mablag‘larini talon-toroj qilgani ma’lum bo‘ldi.
Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Kitob tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvda tijorat banklaridan birining hududiy boshqarmasi yetakchi mutaxassisi D.Sh. fuqarolarga bankda yuqori foizli omonat mavjudligini aytib, ularning ishonchiga kirgan.
Tekshiruvlar natijasida, u ikki fuqarodan jami 19 ming AQSh dollari va 300 million so‘mni qabul qilib, mablag‘larni bankka omonat sifatida joylashtirmasdan, o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilgan.
Ko‘kdala tumanida aniqlangan holatda tijorat banklaridan birining Ko‘kdala bank xizmatlari markazi sobiq mahalla agenti A.B. yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali 60 million so‘m kredit ajratib berishni va’da qilib, fuqarodan 300 AQSh dollari va 1 million so‘m olgan.
Shuningdek, u ajratilgan 60 million so‘m kredit mablag‘ini ham o‘zlashtirganligi aniqlangan. Tergov davomida mazkur mablag‘ hisobidan 2 million so‘m protsessual tartibda qaytarilgan.
Muborak tumanidagi holatda esa tijorat banklaridan birining filialida sobiq mahalla agenti bo‘lib ishlagan G.A. fuqaroning ishonchiga kirib, qalbaki hujjatlardan foydalangan holda uning nomiga 47 million so‘m miqdorida kredit rasmiylashtirib, mablag‘ni o‘zlashtirgan.
Tekshiruv jarayonida ushbu kredit mablag‘i bankka to‘liq qaytarilgan.
Har uchala holat bo‘yicha Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan bo‘lib, hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.

