Qashqadaryoda sel avtomobilni oqizib ketishi oqibatida bir kishi halok bo‘ldi
Dehqonobod tumanida kuzatilgan sel oqibatida Damas oqib ketib, ichidagi yo‘lovchi halok bo‘ldi. Yo‘ldan adashib, sel yo‘lida to‘xtab qolgan mashina chuqurlikka tushib ketgan. Haydovchi chiqishga ulgurgan, biroq suv oqizib ketgan mashinadagi yo‘lovchining jasadi qidiruv-qutqaruv payti topilgan.

Qashqadaryoda sel avtomobilni oqizib ketishi oqibatida bir kishi halok bo‘ldi
13-oktabr kuni Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumanining tog‘li hududlarida yuz bergan sel oqibatida bir kishi vafot etdi, deya xabar bermoqda viloyat FVB.
Ma’lum qilinishicha, soat 17:30 atrofida kuzatilgan qisqa muddatli kuchli yomg‘ir sababli tumanning Qo‘ng‘irot mahallasi Shakarbuloq qishlog‘i hududidan sel oqib o‘tgan.
Yo‘ldan adashgan Damas avtomobili haydovchisi va uning hamrohi yo‘nalishni aniqlash uchun sel-suvlari o‘tadigan hududda to‘xtagan. Shu paytda avtomobil sirpanib, sel yo‘lining chuqurroq qismiga tushib ketgan.
Shundan keyin haydovchi mashinadan tushib, aloqaga chiqishga uringan va hamrohini sel kelayotgani haqida ogohlantirgan. Biroq kuchli sel oqimi Damas va uning ichidagi yo‘lovchini oqizib ketgan.
Olib borilgan qidiruv-qutqaruv ishlari davomida yo‘lovchining jasadi topilgan. Hodisa joyiga mas’ullar jalb etilgan, deyiladi xabarda.
Avvalroq O‘zgidromet 13−14-oktabr kunlari qator viloyatlarning bir qancha tumanlarida sel-suv toshqini yuzaga kelishi mumkinligidan ogohlantirgandi.

