Qashqadaryoda o‘quvchiga jismoniy jazo qo‘llagan o‘qituvchiga hayfsan berildi

Qashqadaryoda o‘quvchiga jismoniy jazo qo‘llagan o‘qituvchi hayfsan oldi
Qashqadaryo viloyatining Ko‘kdala tumanida o‘quvchiga jismoniy jazo qo‘llagan o‘qituvchiga hayfsan berildi. Bu haqda Bolalar ombudsmani ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, Ko‘kdala tumanida yashovchi fuqaro O.T. Bolalar ombudsmani kotibiyatiga murojaat qilib, maktabda tahsil olayotgan farzandi T.D.ga o‘qituvchisi F.R. jismoniy jazo qo‘llaganini bildirgan.
Fuqaro ushbu holat bo‘yicha tegishli chora ko‘rilishini so‘ragan.
Murojaat Bolalar ombudsmani so‘rovi asosida Maktabgacha va maktab ta‘limi vazirligining Qashqadaryo viloyati boshqarmasi mas‘ullari tomonidan o‘rganilgan.
Tekshiruv yakuniga ko‘ra, ta’limda nomaqbul tarbiya usullariga yo‘l qo‘ygan o‘qituvchiga hayfsan intizomiy jazo chorasi qo‘llangan.
Shuningdek, barcha maktab mas‘ullari bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilishga oid qonunchilik hujjatlariga rioya etishi hamda ta’lim jarayonida bolalar uchun xavfsiz va sog‘lom muhitni ta’minlashi shartligi haqida ogohlantirilgan.

