Iqtisodiyot

Qashqadaryoda kimyo sanoati mahsulotlari eksporti 4 baravarga oshdi

Qashqadaryo viloyatida kimyo sanoatini rivojlantirish istiqbollari o‘rganildi. Tahlil natijalari hududda ishlab chiqarish hajmlarining o‘sishi, eksport bozorlarining kengayishi hamda mahalliy xomashyo asosida yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish uchun keng imkoniyatlar mavjudligini ko‘rsatdi.

**Qashqadaryoda kimyo sanoati mahsulotlari eksporti 4 baravarga oshdi**

### Ishlab chiqarish va eksport ko‘rsatkichlari

2025 yilda Qashqadaryo viloyatida 150 ta korxona tomonidan 2,7 trln so‘mlik kimyo mahsulotlari ishlab chiqarildi. Bu ko‘rsatkich 2017 yilga nisbatan 193,6 foizga oshgan. Jumladan, Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasida 1,8 trln so‘mlik polietilen mahsulotlari ishlab chiqarilgan.

Mahsulotlar tarkibida kaliy xlorid ishlab chiqarish hajmi 822 mlrd so‘m, lak-bo‘yoq mahsulotlari 28 mlrd so‘m, moylash materiallari 25 mlrd so‘m, yuvish vositalari 10 mlrd so‘m, kislorod 3 mlrd so‘m va spirt 1,5 mlrd so‘mni tashkil etdi.

Kimyo sanoati korxonalari soni bo‘yicha Qarshi shahri 35 ta, Kitob tumani 25 ta, Yakkabog‘ tumani va Shahrisabz shahri 13 tadan, Muborak va Shahrisabz tumanlari 12 tadan, Koson tumani esa 10 ta korxona bilan ajralib turadi.

Ishlab chiqarish yo‘nalishlari bo‘yicha plastmassa plitalar, tasmalar va quvurlar ishlab chiqaruvchi 27 ta, sovun, yuvish vositalari va tozalash preparatlari ishlab chiqaruvchi 23 ta, bo‘yoqlar, laklar va mastikalar ishlab chiqaruvchi 19 ta korxona faoliyat yuritmoqda.

Sohada 6,4 ming nafar aholi band. Bandlikning 56 foizi Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasi, 32 foizi Dehqonobod kaliy zavodi hissasiga to‘g‘ri keladi. Bir xodimga to‘g‘ri keladigan mehnat unumdorligi 422 mln so‘mni tashkil etib, Dehqonobod kaliy zavodida 294,9 mln so‘m, Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasida esa 1,06 mlrd so‘mga yetgan.

2025 yilda viloyat kimyo sanoati mahsulotlari eksporti 46 mln dollarga yetib, 2024 yilga nisbatan 4 baravarga oshdi.

Eksport tarkibida neft mahsulotlari, mineral o‘g‘itlar, kimyoviy tuzlar, yelim, lak-bo‘yoqlar, yuvish vositalari, kosmetika va parfyumeriya mahsulotlari o‘rin olgan.

Asosiy eksport bozorlari Xitoy (69 foiz), Yaponiya (8,5 foiz), Turkiya (8,2 foiz), Argentina (7,1 foiz) va Latviya (5 foiz) hisoblanadi.

2030 yilgacha yangi turdagi kaliy birikmalari, suyuq mineral o‘g‘itlar, maishiy kimyo vositalari va boshqa mahsulotlar ishlab chiqarish hisobiga eksport hajmini 100 mln dollarga yetkazish, shuningdek, Markaziy Osiyo va Yevropa bozorlariga chiqish imkoniyatlarini kengaytirish kutilmoqda.

### Ichki bozor va ishlab chiqarish imkoniyatlari

2025 yilda Qashqadaryo viloyatida kimyo mahsulotlariga bo‘lgan umumiy talab 6,6 trln so‘mni tashkil etdi. Shundan qishloq xo‘jaligi va sanoat korxonalari ehtiyoji 5 trln so‘m, aholi talabi esa 1,6 trln so‘mga teng bo‘lgan.

Mahalliy ishlab chiqarish hisobiga ushbu talabning 68 foizi ta’minlanmoqda.

Prognozlarga ko‘ra, viloyatda kimyo mahsulotlariga yillik talab 2030 yilda 9 trln so‘mga, 2035 yilga borib esa 12 trln so‘mdan ortiq darajaga yetishi kutilmoqda.

Qishloq xo‘jaligining mineral o‘g‘itlarga yillik ehtiyoji 216 ming tonna atrofida baholanmoqda. Jumladan, azotli o‘g‘itlarga talab 152 ming tonna, fosforli o‘g‘itlarga 51 ming tonna va kaliyli o‘g‘itlarga 13 ming tonnani tashkil etadi.

O‘simliklarni himoya qilish vositalariga yillik talab 270 tonna, jumladan, gerbitsidlarga 222 tonna, fungitsidlarga 26 tonna va insektitsidlarga 22 tonna miqdorida baholangan.

Mazkur ko‘rsatkichlar mahalliy kimyo mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirish, yangi turdagi o‘g‘itlar va o‘simliklarni himoya qilish vositalarini o‘zlashtirish uchun bozor imkoniyatlarini ko‘rsatadi.

### Mahalliy xomashyo zaxiralari

Qashqadaryo viloyati kimyo sanoatini rivojlantirish uchun yirik mineral-xomashyo bazasiga ega.

Hududda 194 ta noruda foydali qazilmalar koni ro‘yxatga olingan bo‘lib, ularning 163 tasi o‘zlashtirilgan. Jumladan, 42 ta konda g‘isht xomashyosi, 3 ta konda gips, 3 ta konda bentonit gillari, 2 ta konda pegmatit, 4 ta konda sement xomashyosi, 1 ta konda chinni buyumlar uchun xomashyo, 7 ta konda shisha xomashyosi va 101 ta konda qurilish toshlari hamda boshqa noruda materiallar qazib olinmoqda.

Kimyo sanoati uchun ahamiyatli asosiy zaxiralar Dehqonobod tumanida joylashgan. Ushbu hududda 49,5 mln tonna kaliy tuzlari, 1,3 mlrd tonna mineral tuzlar, 200 ming tonna brom va 9 mln tonna bentonit gillari zaxiralari mavjud.

Ushbu resurslar kaliyli o‘g‘itlar, kaliy gidroksidi, kaliy xlorid, xlor-ishqor mahsulotlari, texnik tuz, bromli reagentlar va burg‘ulash materiallari ishlab chiqarishni rivojlantirish imkonini beradi.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, yiliga 1 mln tonna tuzni sanoat usulida qayta ishlash orqali 570 ming tonna kaustik soda, 500 ming tonna xlor hamda 1 mln tonnadan ortiq PVX mahsulotlarini qamrab oluvchi ishlab chiqarish zanjirini tashkil etish mumkin.

Shuningdek, Qamashi tumanida 23,5 mln tonna dolomit, Yakkabog‘ tumanida 2 mln tonna kvars qumlari, Kitob tumanida 39,5 mln tonna ohaktosh va 2,5 mln kub metr marmar hamda marmar ohaktosh zaxiralari mavjud.

Mazkur xomashyolar shisha sanoati, silikat kimyosi, qurilish kimyosi va mineral to‘ldiruvchilar ishlab chiqarishni kengaytirish uchun asos bo‘lib xizmat qilishi mumkin.

### Investitsiya loyihalari va yangi ish o‘rinlari

Qashqadaryo viloyatida kimyo sanoatini rivojlantirish maqsadida umumiy qiymati 2 mlrd 762 mln dollar bo‘lgan 28 ta investitsiya loyihasi shakllantirildi.

Ulardan 5 tasi 2 mlrd 128 mln dollarlik tarmoq loyihalari, 23 tasi esa 634 mln dollarlik hududiy loyihalar hisoblanadi.

Ushbu loyihalar amalga oshirilishi natijasida 20 dan ortiq yangi turdagi kimyo mahsulotlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.

Kutilayotgan natijalarga ko‘ra, yiliga qo‘shimcha 2,5 trln so‘mlik yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish, 100 mln dollardan ortiq eksport hajmini ta’minlash va 1 600 ta yangi ish o‘rni yaratish imkoniyati mavjud.

Jumladan, Muborak tumanida Muborak innovatsion sanoat zonasini tashkil etish doirasida 10 ta investitsiya loyihasi, shu jumladan, 7 ta o‘rta va 3 ta yirik loyiha ishlab chiqilgan.

Yirik loyihalar qatorida 110 mln dollarlik shisha tolasi va kompozit materiallar, 100 mln dollarlik PET tolalari va iplar, shuningdek, 40 mln dollarlik to‘liq siklli noto‘qima materiallar ishlab chiqarish loyihalari mavjud.

O‘rta loyihalar doirasida SNF superplastifikatori, epoksid lak-bo‘yoq materiallari, reaktiv bo‘yoqlar, BOPET plyonka, PVX asosida kabel plastikati va tibbiy trubkalar, CPVC listlar, PVX germetiklar hamda termoqisqaruvchi plyonkalar ishlab chiqarish nazarda tutilgan.

Viloyatning energetika bazasi ham yangi sanoat loyihalarini amalga oshirish uchun imkoniyat yaratadi. 2024 yilda elektr stansiyalarining o‘rnatilgan quvvati 2 295 MVt ni tashkil etgan bo‘lib, 2028 yilgacha 4 225 MVtga yetkazish rejalashtirilgan.

### Sanoat infratuzilmasi va kadrlar tayyorlash

Tahlil doirasida sanoat infratuzilmasini rivojlantirish va investorlar uchun tayyor ishlab chiqarish maydonlarini tashkil etish bo‘yicha takliflar ham ishlab chiqildi.

Xususan, Koson tumanidagi sobiq yog‘ zavodining 40 gektar maydonida «Bunyodkor» texnoparkini tashkil etish taklif etilmoqda.

Texnoparkda Ready-Build mexanizmi asosida tayyor ishlab chiqarish binolarini tadbirkorlar va investorlarga imtiyozli shartlarda ijaraga berish nazarda tutilgan. Taklif etilayotgan ijara stavkasi 1 kv. metr uchun oyiga 2 dollar ekvivalentidan oshmasligi belgilangan.

Shuningdek, Muborak tumanidagi 200 gektar maydonda Muborak innovatsion sanoat zonasini tashkil etish, yuqori texnologiyali kimyo va gaz-kimyo loyihalarini joylashtirish hamda xorijiy to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb qilish taklif etilmoqda.

Sanoat rivoji uchun malakali kadrlar tayyorlashga ham alohida e’tibor qaratilgan.

Bugungi kunda Qarshi davlat texnika universitetida kimyo va kimyoviy texnologiya yo‘nalishlari bo‘yicha yiliga 179 nafar oliy va professional ma’lumotli, shuningdek, 300 nafar o‘rta maxsus ma’lumotli mutaxassis tayyorlanmoqda. Sohada 32 nafar ilmiy xodim va dotsent faoliyat yuritmoqda.

Yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun qo‘shimcha 300 nafar muhandis-texnolog va 180 nafar ixtisoslashgan kimyogar kadrlarga ehtiyoj mavjud.

Shu munosabat bilan oliy ta’lim muassasalari, ilmiy tashkilotlar va sanoat korxonalari o‘rtasida hamkorlikni kengaytirish, ilmiy-texnologik ekspertiza va laboratoriya tadqiqotlari imkoniyatlarini oshirish taklif etilgan.

### Rivojlanish istiqbollari

O‘rganish natijalari Qashqadaryo viloyatida kimyo sanoatini mahalliy xomashyoni chuqur qayta ishlash, yangi turdagi mahsulotlarni o‘zlashtirish va yuqori qo‘shilgan qiymatli ishlab chiqarishlarni tashkil etish orqali rivojlantirish imkoniyatlari mavjudligini ko‘rsatmoqda.

Ishlab chiqilgan takliflar sanoat korxonalarini mahalliy xomashyo bilan ta’minlash, ishlab chiqarish infratuzilmasini yaxshilash, transport-logistika aloqalarini rivojlantirish, investitsiyalarni jalb qilish va eksport bozorlarini kengaytirishga qaratilgan.

28 ta investitsiya loyihasining amalga oshirilishi viloyatda kimyo sanoati mahsulotlari turlarini ko‘paytirish, eksport salohiyatini oshirish va yangi ish o‘rinlari yaratish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar ochadi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.