Qashqadaryoda haydovchi uni to‘xtatishga uringan YPX mashinasini Nexia’da urib qochdi

Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumanida YPX xodimlarining to‘xtash ishorasiga bo‘ysunmasdan, ulardan qochishga uringan Nexia rusumli avtomobil haydovchisi qo‘lga olindi. Bu haqda 12-avgust kuni viloyat IIB matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, tungi xizmatga jalb qilingan YPX inspektorlari tomonidan Nexia-2 avtomashinasi hujjatlarni tekshirish maqsadida to‘xtatilgan. Biroq haydovchi YPX xodimining qonuniy to‘xtash ishorasiga bo‘ysunmasdan, voqea joyidan yashirinishga uringan. Keyingi chorrahada xizmat olib borayotgan YPX xodimi tomonidan ham haydovchiga bir necha bor to‘xtash ishorasi berilganiga qaramay, u ichki ishlar organlari xodimlarining qonuniy talablarini bajarmasdan, harakatni davom ettirgan.
Oqibatda patrul ekipaji tomonidan qarama-qarshi yo‘nalishda harakatlanib kelayotgan Nexia-2 xizmat avtomashinasi yordamida cheklangan. Biroq haydovchi patrul avtomashinasini urib yuborib, voqea joyidan yana yashirinishga uringan. Ko‘rilgan tezkor chora-tadbirlar natijasida haydovchining shaxsi aniqlanib, ushlangan.
“Hujjatim yo‘qligi sababli ‘GAI’ xodimlaridan qo‘rqib, qarama-qarshi harakatlandim. Qilgan ishimdan afsusdaman. Boshqa takrorlanmaydi”, degan haydovchi.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Chiroqchi tumani IIB tomonidan tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
12-avgust kuni Toshkentda YPX xodimining to‘xtash talabiga bo‘ysunmagan motosiklchi 15 sutkaga qamalgani haqida xabar berilgan edi. Soatiga 210 km tezlikda harakatlangan yana bir haydovchi jarimaga tortildi. Surxondaryoda fuqarolar ikki YPX xodimiga tan jarohati yetkazgani ortidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

