Dunyo

“Qarshi hujumda 117 nafar sherigim halok bo‘ldi”. Farg‘onada Rossiya-Ukraina urushida qatnashgan 25 yoshli yigitning ozodligi 3 yilga cheklandi

Rossiyaga ishlashga borgan R.B. Rossiya Qurolli kuchlari safida Ukrainadagi jangovar harakatlarda ishtirok etgan. U sudda moddiy qiyinchilik va qarzlari sabab shartnoma imzolaganini aytdi. Farg‘ona sudi uni yollanishda aybdor deb topib, 3 yilga ozodlikni cheklashga hukm qildi.

“Qarshi hujumda 117 nafar sherigim halok bo‘ldi”. Farg‘onada Rossiya-Ukraina urushida qatnashgan 25 yoshli yigitga 3 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi

25-avgust kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Quva tumani sudi (Farg‘ona viloyati)da Rossiya-Ukraina urushida Rossiya tomonida jang qilgan 25 yoshli fuqaro R.B.ga oid jinoyat ishi ko‘rib chiqildi.

Sud hujjatlariga ko‘ra, R.B. 2023-yil 4-noyabrda ishlash maqsadida Rossiyaga borgan. U yerda ishlab yurgan paytida moddiy manfaatdorlikni ko‘zlab, Rossiya Qurolli kuchlari safida xizmat qilish haqida shartnoma imzolagan.

R.B. 2024-yil 23-fevralda Rossiya Qurolli kuchlari xizmatiga kirgan. Fevral oxiri — mart boshlarida harbiy tayyorgarlikdan o‘tib, 10-mart kuni Ukrainadagi Lugansk viloyati hududida jangovar harakatlarda qatnashish uchun yuborilgan.

U 130 kishilik piyoda qo‘shin tarkibida janglarda ishtirok etgan. 15-aprel kuni Ukraina armiyasi droni hujumi oqibatida o‘ng qo‘lidan jarohat olib, ikki hafta davomida lazaretda (ichki shifoxona) davolangan.

30-apreldan boshlab R.B. yana jangovar harakatlarga yuborilgan va 2024-yil kuziga qadar himoya guruhi tarkibida janglarda qatnashgan.

Sud-tibbiyot ekspertizasi xulosasida R.B.ning o‘ng yelka va o‘ng tirsak bo‘g‘imida chandiqlar borligi qayd etilgan. Jarohatlar portlash hamda portlovchi jismdan ajralib chiqqan parchalar ta’sirida yuzaga kelgan bo‘lishi mumkinligi aytilgan.

“Moddiy jihatdan qiyin ahvolda edim, qarzlarim bor edi”

Sudlanuvchi R.B. sudda aybiga iqror bo‘ldi. Uning aytishicha, 2023-yil 4-noyabrda ishlash uchun Rossiyaga borib, qabrtosh tayyorlash sexida ishlagan.

2023-yil dekabr oxirida u ishlash maqsadida Moskva viloyatining Balashixa shahridagi otasining yoniga borgan. Shu yerda tanishi, Belarus fuqarosi N.Malixov Rossiya Qurolli kuchlari nomidan Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi jangovar harakatlarda qatnashish uchun shartnoma imzolaganini eshitgan.

R.B.ning so‘zlariga ko‘ra, u ham moddiy jihatdan og‘ir ahvolda bo‘lgani va qarzlari borligi sababli Rossiya Qurolli kuchlari safida jangovar harakatlarda qatnashishga qaror qilgan.

2024-yil 23-fevralda u jangovar harakatlarda qatnashish uchun Rossiya Qurolli kuchlari safida xizmat qilish bo‘yicha shartnoma imzolagan. Fevral oxiri va mart boshlarida harbiy tayyorgarlikdan o‘tgan.

“Qarshi hujum natijasida 117 nafar sherigim vafot etdi”

R.B. 2024-yil 10-martda Lugansk viloyati hududidagi janglarda qatnashish uchun yuborilganini aytdi. Dastlabki kuni jangovar texnikalar yordamida janglarda ishtirok etgan.

Keyin u 130 kishilik piyoda qo‘shin tarkibida jang maydoniga kirgan. Sudlanuvchining ko‘rsatishicha, Ukraina armiyasining qarshi hujumlari natijasida uning 117 nafar sherigi halok bo‘lgan.

“130 kishilik qo‘shin bilan jang maydoniga kirdik. Ukraina armiyasining qarshi hujumlari natijasida 117 nafar sherigim vafot etdi. O‘zim va 12 nafar sherigim bilan qurolli to‘qnashuvlar bo‘lgan joydan tirik qaytdik”, — dedi sudlanuvchi.

Shundan keyin R.B. uch kun dam olgan va 48 kishilik piyoda qo‘shin tarkibida boshqa yo‘nalishdagi jangovar harakatlarda qatnashgan.

“Jarohat olganimga qaramay, janglarda ishtirok etdim”

2024-yil 15-aprelda Ukraina armiyasi droni hujumi oqibatida R.B. o‘ng qo‘lidan jarohat olgan. U ikki hafta davomida ichki shifoxonada davolangan.

2024-yil 30-aprelda u yana jangovar harakatlarda qatnashish uchun yuborilgan. R.B.ning aytishicha, janglar vaqtida oyog‘idan snaryad zarbasi natijasida yaralanganiga qaramay, 2024-yil kuziga qadar himoya guruhi tarkibida jangovar harakatlarda qatnashgan.

“Ikkala oyoq tos suyagi yemirilishi tashxisi qo‘yildi”

2024-yil sentabrda R.B. Moskvadagi harbiy gospitalga tibbiy ko‘rikdan o‘tish uchun borgan. Unga “ikkala oyoq tos suyagi yemirilishi” tashxisi qo‘yilib, jarrohlik amaliyoti belgilangan.

Shundan so‘ng u harbiy qismga qaytib, idora-shtab ishlari bilan shug‘ullangan. 2025-yil 16-aprelda Moskvadagi harbiy gospitalda chap oyog‘ining tos suyagi qismida operatsiya qilingan.

R.B. ikki oy davomida vaqtincha xizmatga yaroqsizlik ta’tili asosida davolangan va 2025-yil iyun oyida harbiy qismga qaytgan. 17-iyul kuni shartnoma muddati tugagani sababli Rossiya Qurolli kuchlari safidan bo‘shatilgan.

“Rossiya fuqarosi bo‘lmaganim sababli ikkinchi oyog‘imni operatsiya qilishmadi”

R.B. Moskvaga kelib, ikkinchi oyog‘ini operatsiya qilish muddatini kutgan. U ijaraga olgan uyida onasi va singlisi bilan yashagan. Biroq Rossiya fuqarosi bo‘lmagani sababli operatsiya qilinmagan.

O‘zbekiston fuqarolik pasporti va xorijga chiqish pasporti yo‘qolgani uchun u Moskvadagi O‘zbekiston elchixonasiga murojaat qilgan. Elchixona orqali unga 2026-yil 1-mayda “Vatanga qaytish guvohnomasi” tayyorlab berilgan va 11-mayda O‘zbekistonga qaytgan.

“Harbiy xizmatga oid hujjatlarni tergovga ixtiyoriy taqdim etdim”

2026-yil 20-mayda IIB xodimlari R.B.ni chaqirib, suhbat o‘tkazgan. U bo‘lib o‘tgan voqealar haqida ma’lumot berib, o‘zida bo‘lgan harbiy xizmatga oid hujjatlarni ixtiyoriy ravishda taqdim etgan.

Jumladan, u harbiy guvohnoma, shaxsiy raqamli jeton, harbiy xizmatni o‘tash bo‘yicha shartnoma, Rossiya Qurolli kuchlarining harbiy ma’lumotnomasi, jangovar harakatlar jurnaliga oid ko‘chirma, harbiy shifoxonaning tibbiy epikrizlari, harbiy tibbiy komissiya xulosasi va boshqa hujjatlarni bergan.

Sudda R.B. qilgan ishidan chin ko‘ngildan pushaymonligini bildirib, suddan unga yengillik berishni so‘ragan.

Sud jazo tayinlashda R.B.ning aybiga iqrorligi, qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymonligi, jinoyatni ochishda faol yordam bergani, muqaddam sudlanmagani va oilaviy sharoitini yengillashtiruvchi holatlar sifatida inobatga olgan. Jinoyatni og‘irlashtiruvchi holatlar aniqlanmagan.

Sud R.B.ni Jinoyat kodeksining 154-moddasi (Yollanish) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topdi. Unga JKning 57-moddasi (Yengilroq jazo tayinlash) qo‘llanib, 3 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

Jazoga ko‘ra, R.B. yashash joyidan ish vaqtida, shuningdek, ish joyiga borish va uyiga qaytish uchun zarur bo‘lgan vaqtdan tashqari chiqishi cheklanadi. Shuningdek, unga jazoni o‘tash davrida nazorat qiluvchi organ roziligisiz yashash joyini o‘zgartirmaslik majburiyati yuklatildi. Jazo ijrosini nazorat qilish Quva tuman IIB Probatsiya bo‘linmasiga topshirildi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.