Qariyb 2 ming kishi yordamga muhtoj: Aleshkida nima boʻlyapti?
Yevropa komissiyasi Ukrainaning Rossiya nazoratidagi Aleshki shahriga humanitar yordam yetkazish va tinch aholining shahardan chiqishiga imkon berishga chaqirdi. Ukraina rasmiylariga koʻra, shaharda qariyb 2 ming kishi, jumladan, 50 ga yaqin bola qolmoqda. Ular oziq-ovqat, toza suv, dori-darmon va tibbiy yordamning barqaror taʼminotidan mahrum.

Qariyb 2 ming odam yordamga muhtoj: Aleshki shahrida nima yuz bermoqda?
Yevropa Ittifoqining tayyorgarlik, inqirozlarni boshqarish va tenglik masalalari bo‘yicha komissari Hadja Lahbib 2-oktabr kuni bergan bayonotida Xerson viloyatidagi Aleshki shahridagi vaziyatni dahshatli deb atadi.
Uning aytishicha, tinch aholi Rossiya kuchlari qamalida qolgan va oziq-ovqat, dori-darmon, toza suv hamda asosiy yordamdan foydalana olmayapti.
«Bu qabul qilib bo‘lmaydi», - dedi yevrokomissar.
Lahbib humanitar yordam muhtojlarga yetib borishi, fuqarolarga esa shaharni tark etish imkoniyati berilishi kerakligini ta’kidladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi hamkorlari bilan birga yordam ko‘rsatishning mavjud barcha imkoniyatlaridan foydalanmoqda. Bu ishlar vaqtincha bosib olingan hududlarda qolib ketgan aholini ham qamrab oladi.
«YeIning humanitar hamkorlari yordam yetkazishga tayyor. Ularga joylarda xavfsiz, barqaror va samarali gumanitar kirish imkoniyati kerak», - deyiladi bayonotda.
Yevrokomissar Rossiya bosib oluvchi davlat sifatida xalqaro humanitar huquq bo‘yicha aniq majburiyatlarga ega ekanini ham eslatdi.
«Tinch aholi himoya qilinishi, humanitar yordam ko‘rsatilishiga esa ko‘maklashilishi kerak», - dedi Lahbib.
U Aleshki aholisiga oziq-ovqat, dori-darmon, suv va zarur yordam muntazam yetkazilishi lozimligini qayd etdi.
Aleshki Dnipro daryosining chap sohilida, Xersonning ro‘parasida joylashgan. Shahar 2022-yildan beri Rossiya kuchlari nazoratida.
Ukraina rasmiylariga ko‘ra, so‘nggi oylarda shaharda oziq-ovqat, suv, elektr energiyasi va tibbiy yordam bilan bog‘liq vaziyat keskin yomonlashgan.
Xabarda aytilishicha, oziq-ovqat yetkazib berish may oyi oxirida to‘xtagan. Sentabr oxirida Ukraina harbiylari shaharga og‘ir yuk ko‘taruvchi dronlar yordamida oziq-ovqat va dori-darmon yetkazishni boshlagan.

