Iqtisodiyot

Qahramonjon Olimov Anorbank kuzatuv kengashidan chiqish toʻgʻrisida ariza berdi

Anorbank aktsiyadori, avvalroq xalqaro qidiruvga berilgan Qahramonjon Olimov bank kuzatuv kengashi tarkibidan chiqish toʻgʻrisida ariza berdi. Aktsiyadorlar, shuningdek, kapitalni mustahkamlash uchun bankning 100 mlrd soʻmlik qoʻshimcha aktsiyalarini chiqarishni maʼqulladilar.

Qahramonjon Olimov Anorbank kuzatuv kengashidan chiqish toʻgʻrisida ariza berdi

Anorbank aktsiyadori Qahramonjon Olimov 2 oktyabr kuni bank kuzatuv kengashidan chiqish toʻgʻrisida ariza yubordi, deb xabar berdi moliyaviy tashkilot matbuot xizmati. Bu masala 28 oktyabr kuni boʻlib oʻtadigan aktsiyadorlarning umumiy yigʻilishida koʻrib chiqiladi.

Bundan tashqari, 5 oktyabrdagi yigʻilishda aktsiyadorlar 100 mlrd soʻmlik qoʻshimcha aktsiyalar chiqarilishini tasdiqladilar.

Shu tariqa bank investitsiyalarni jalb qilish va kapitalni mustahkamlashni, shuningdek, avvalroq reytingning pasayishiga olib kelgan omillarni bartaraf etishni rejalashtirmoqda.

«Kapitallashtirish rejasining bajarilishi endilikda alohida aktsiyador bilan bogʻliq holatlarga qaram boʻlmasligi kerak», — deyiladi xabarda.

Matbuot xizmati maʼlumotlariga koʻra, hozirda Anorbank aktsiyalar chiqarish uchun zarur boʻlgan qonunchilik va korporativ tartib-taomillardan oʻtmoqda.

Anorbank odatdagi tartibda ishlashda davom etayotganini, mijozlar oldidagi majburiyatlarini bajarayotganini va asosiy bank xizmatlari faoliyatini taʼminlayotganini maʼlum qildi.

Fitch Ratings 8 oktyabr kuni Anorbank reytingini CCC+ dan CCC gacha pasaytirdi va bu qarorni Qahramonjon Olimov bilan bogʻliq vaziyat tufayli kapitalni toʻldirish atrofidagi noaniqlik bilan izohladi.

Avvalroq Interpol saytida Qahramonjon Olimovning «qizil bildirishnoma» — ekstraditsiya qilish masalasini hal etish uchun uni qidirish va vaqtinchalik hibsga olish toʻgʻrisidagi soʻrovnomasi boʻlgan kartochkasi eʼlon qilingan edi. Bunda kartochkada ayblov va soʻrov yuborgan davlat koʻrsatilmagan edi.

Markaziy bank oʻshanda ham Anorbank odatdagi tartibda ishlayotgani va mijozlar oldidagi majburiyatlarini bajarayotganini maʼlum qilgandi.

Korxona va tashkilotlarning yagona davlat registrining avvalroq eʼlon qilingan maʼlumotlariga koʻra, Olimovga Anorbank aktsiyalarining 49,4 foizi, Niderlandiyaning Bekamin B.V. kompaniyasiga — 50 foizi, Kapital Sug’urta sugʻurta kompaniyasiga — 0,6 foizi tegishli boʻlgan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.