Dunyo

Putin yil oxirigacha Donbassni egallashni buyurdi. Buning imkoni bormi?

Putin yil oxirigacha Donbassni egallashni buyurdi. Buning imkoni bormi?

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukrainadagi urushni to‘xtatishning asosiy shartlaridan biri sifatida Donbassni talab qilmoqda. Aniqrog‘i, Kiyev uning ma’muriy chegaralaridan o‘z qo‘shinlarini olib chiqishi kerakligini aytmoqda. Donald Trampning maxsus vakillari bilan Moskvada bo‘lib o‘tgan navbatdagi uchrashuvda ham ayni shu pozitsiya yana ilgari surilgan. Bu haqda Bloomberg agentligi o‘z manbalariga tayanib xabar berdi.

Ukraina tomoni esa mojaroni hozirgi chiziq bo‘ylab muzlatishga tayyorligini, biroq rus armiyasi hali egallamagan va qachon egallashi ham noma’lum bo‘lgan hududlardan voz kechmasligini bildirgan. Ukrainaliklar mintaqaning o‘z nazoratida qolgan qismlarida mudofaani kuchaytirmoqda. Bu borada ayniqsa “qal’a shaharlari kamari” deb ataladigan 4 ta yirik hudud muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Sababi ular bir-biriga yaqin joylashgan bo‘lib, mustahkam mudofaa zanjirini hosil qiladi. Ammo bir necha oy avval Rossiya ushbu kamar tarkibidagi muhim shahar — Konstantinovkani egalladi. G‘arb tahlilchilariga ko‘ra, bu rus armiyasi hududni to‘liq nazorat qilayotganini anglatmaydi. Shaharda ayrim qarshilik o‘choqlari saqlanib qolgan bo‘lishi mumkin. Biroq operativ nuqtai nazardan Konstantinovka qo‘ldan chiqqan hisoblanadi.

"Qal'a shaharlar kamari.

Shunga qaramay, Ukraina armiyasi ushbu zanjirning boshqa asosiy shaharlari — Slavyansk, Kramatorsk va Drujkovkani faol himoya qilmoqda. Vladimir Zelenskiy ofisining ta’kidlashicha, Putin Rossiya armiyasiga yil oxirigacha Donetsk viloyatini to‘liq egallashni topshirgan. Harbiylar esa bu muddatni 2027-yil 31-martgacha uzaytirishni so‘ramoqda.

Kremlga yaqin manbaning Reuters agentligiga aytishicha, Putin Rossiya armiyasi Donbassni yil oxirigacha egallashiga ishonmoqda. Ammo harbiy ekspertlar bu rejani amalga oshirish mumkinligiga biroz shubha bilan qaraydi. Bunday xulosaga mojaroning allaqachon pozitsion bosqichga o‘tgani va Ukraina asta-sekin jang maydonida tashabbusni o‘z tomoniga og‘dirayotgani asos bo‘lmoqda.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, rus armiyasi Slavyansk va Kramatorsk shaharlariga sharqdan yaqinlashmoqda. Ochiq manbalar bilan ishlaydigan Conflict Intelligence Team (CIT) tahlilchilarining 3-sentyabrdagi hisobotida rossiyalik harbiy xizmatchilar kichik Nikolayevka shaharchasiga kirib kelgani yozilgan. Mazkur hududdan Slavyanskning eng yaqin chekkasigacha taxminan 3 kilometr, shahar markazigacha esa qariyb 11 kilometr masofa bor. Biroq ekspertlar hozircha Nikolayevkada kechayotgan jarayonni shahar uchun to‘laqonli jang deb hisoblamayapti.

“Hozircha faol yorib kirish bosqichi ketmoqda. Shahar uchun janglar haqida gapirish hali erta. Hudud uchun janglar shaharda yetarli miqdorda hujumchilar to‘planganidan keyin boshlanadi”, deya qayd etgan CIT ekspertlari.

Kramatorskka eng yaqin hududdagi janglar esa Nikanorovka qishlog‘ida davom etmoqda. U shaharning shimoli-sharqiy chekkasidan taxminan 5 kilometr uzoqlikda joylashgan. Hududda vaziyat murakkabligicha qolmoqda. “Muchnoy” chaqiruv belgisiga ega ukrainalik harbiy xizmatchining 9-sentyabr kuni yozishicha, Rossiya askarlari qishloqqa sharqiy yo‘nalishdan kirib kela boshlagan. U, shuningdek, rus armiyasi Nikanorovka g‘arbidagi Vasilevskaya Pustosh qishlog‘iga ham yorib kirishga urinayotganini qo‘shimcha qilgan.

Rossiya qo‘shinlari Drujkovka yo‘nalishida ham bosimni kuchaytirmoqda. Hudud markazidan taxminan 7 km uzoqlikda janglar davom etmoqda. Ta’kidlash joiz, bu yo‘nalishda turar joy binolari va sanoat obyektlari ko‘p. Bu omil rus armiyasining oldinga siljishini qiyinlashtiradi va talafotlarni oshiradi.

Slavyansk, Kramatorsk va Drujkovka shaharlari muntazam bombardimon qilinmoqda. Bunday hujumlarning maqsadlaridan biri Ukraina qurolli kuchlarining logistika tizimini izdan chiqarishdir. Xususan, so‘nggi haftalarda Rossiya tomoni Kramatorsk va Slavyanskdagi bir nechta ko‘prikni yo‘q qilgan yoki shikastlagan.

Qo‘shma Shtatlarda joylashgan Urushni o‘rganish instituti (ISW) tahlilchisi Jenni Olmstedning xulosasiga ko‘ra, Rossiya armiyasi hozir Slavyansk va Kramatorsk tomon sekinlik bilan oldinga siljimoqda. U mazkur yo‘nalishda keskin o‘zgarishlar bo‘lishi mumkinligini rad etgan, biroq vaziyat Rossiya foydasiga o‘zgarayotganini ta’kidlagan.

Tahlilchining fikricha, Rossiya qurolli kuchlari Slavyansk va Kramatorskka sharqdan yaqinlashib kelishi bilan shaharning o‘zida janglar boshlanishi mumkin. Bu nafaqat harbiy amaliyot, balki siyosiy ishora ham bo‘ladi: rossiyaliklar shu orqali Donbass uchun janglarning yakuniy bosqichi boshlanganini ko‘rsatadi. Biroq ekspert bunday hujumning qisqa muddatda muvaffaqiyat qozonishiga shubha bilan qaraydi.

“Biz Rossiya armiyasi yirik shaharlarni qanotlardan aylanib o‘tmasdan va ularning logistikasini kesib tashlamasdan egallay olmaganiga ko‘p marta guvoh bo‘ldik”, deydi u.

Tahlilchi bunga misol sifatida Pokrovsk va Konstantinovkani keltiradi. Ukraina kuchlari bu shaharlarni rossiyaliklar hududga bostirib kirganidan keyin ham oylar davomida mudofaa qila olgandi.

Ukrainaliklar uchun vaziyat bir nechta omil bir vaqtning o‘zida yuzaga kelganidan keyin keskin yomonlashgan. Jumladan, Rossiya tomoni Ukraina armiyasining ta’minot yo‘llariga muntazam zarba berishni boshlagan, shuningdek, shaharni qisman qurshab olish va kirib borish uchun yo‘laklar ochgan.

Shimolda vaziyat murakkab — rossiyaliklar uchun

Harbiy nuqtai nazardan Slavyansk, Kramatorsk va Drujkovka shaharlari 30 kilometrdan ortiq uzunlikdagi yagona mudofaa rayonini tashkil qiladi. Shu sababli bunday istehkomlar majmuini to‘liq qurshab olish uchun Pokrovsk yo‘nalishiga tashlanganidan ancha ko‘proq kuch va resurslar kerak bo‘ladi. Rossiya armiyasi aynan shu ssenariydan qochish uchun janub va shimol orqali ushbu shaharlarning orqa tomoniga chiqishga urinmoqda. Ammo hozircha qurshov xavfi yo‘q.

Qal’a shaharlari kamarining shimoliga qaralsa, Rossiya qo‘shinlarining vaziyati yanada murakkab ekani ko‘rinadi. OSINT tahlilchilarining xabar berishicha, Ukraina qurolli kuchlari Liman yaqinida muvaffaqiyatli operatsiya o‘tkazgan.

Tasdiqlanmagan ma’lumotlarga ko‘ra, ukrainaliklar may oyida boshlangan qarshi hujumlar natijasida 200 kvadrat kilometrga yaqin hududni ozod qilgan va Rossiya qo‘shinlarini Jerebets daryosining sharqiy qirg‘og‘iga siqib chiqargan. Operatsiyaning borishini OSINT tahlilchisi Klement Molin eng batafsil tasvirlab bergan. Uning ma’lumotlarini boshqa ekspertlar ham u yoki bu darajada tasdiqlagan.

Liman yaqinida Rossiya qo‘shinlari tushib qolgan og‘ir ahvolni ruslarning “Ribar” va “Dva mayora” Telegram-kanallari ham tan olgan. Ushbu yo‘nalishdagi muvaffaqiyat Ukraina uchun ikki jihatdan muhim. Birinchidan, u Slavyanskni shimoldan yangi yo‘nalishdagi ehtimoliy hujumdan himoya qildi.

Ikkinchidan, Rossiya qo‘shinlari shaharni aylanib o‘tish va Izyumdan Slavyanskka boradigan yo‘lni kesib qo‘yish imkoniyatidan mahrum bo‘ldi. Bu Ukraina armiyasi uchun eng muhim ta’minot yo‘llaridan biridir.

Ukraina tomoni hozircha Liman yaqinidagi operatsiya haqida rasman izoh bermadi. Biroq shunga o‘xshash avvalgi amaliyotlarda ham “sukunat rejimi” kuzatilgan. Masalan, Ukraina qurolli kuchlari Donetsk, Dnepropetrovsk, shuningdek, Zaporojye viloyatida joylashgan 26 ta qishloqni ozod qilganida ham rasmiylar bayonot berishga shoshilmagan.

O‘shanda qarshi hujum operatsiyasi yanvar oyida boshlangan, avgustda yakunlangan edi. Faqat shundan keyingina Ukraina Qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Mixail Drapatiy prezident Zelenskiyga operatsiya natijalari haqida ochiq hisobot bergan.

Ukrainaning muvaffaqiyatli qarshi hujumlari ortida nima bor?

Harbiy ekspert Kirill Mixaylovning fikricha, Ukraina armiyasining qarshi hujumlari amaliy natijalarga olib kelayotganining ortida kompleks sabablar bor. Piyoda qo‘shinlar, zirhli texnika va dronlarning operativ-taktik darajada muvofiqlashtirilgani shulardan biridir.

“Bu hatto cheklangan mexanizatsiyalashgan operatsiyalarni ham o‘tkazish imkonini beradi, chunki Rossiyaning dronlar yordamida jang maydonini qisman izolyatsiya qilish imkoniyati cheklanadi”, deydi ekspert.

CIT tahlilchisi esa Ukraina qurolli kuchlari so‘nggi bir yarim yildan beri qarshi hujum amaliyotlarini past intensivlikda, ammo muntazam amalga oshirayotganini ta’kidlaydi. Avvaliga dushman tomonning o‘t ochish vositalari, jumladan, dronlar va ularni boshqaruvchi operatorlar aniqlanadi. Keyin esa shu kabi nishonlarga zarba beriladi. Natijada piyoda qo‘shinlar oldinga siljishi uchun nisbatan xavfsiz sharoit yuzaga keladi.

Shundan so‘ng egallangan pozitsiya mustahkamlanadi va butun jarayon boshqa hududlarda ham takrorlanadi. Liman yaqinidagi operatsiyada esa taktik jihatdan qulay yo‘nalish tanlangani ham muhim rol o‘ynagan. Ukraina kuchlari Rossiyaning asosiy qo‘shinlaridan daryo sabab ajralib qolgan va nisbatan yakkalangan platsdarmini kesib tashlagan.

Biroq ayrim ekspertlarning fikricha, Ukraina asosan bunday amaliyotlarni Rossiya uchun nisbatan ikkilamchi ahamiyatga ega bo‘lgan va Moskva katta miqdorda resurs tashlashga tayyor bo‘lmagan yo‘nalishlarda amalga oshira olmoqda. Shu jihatdan Slavyansk — Kramatorsk — Drujkovka yo‘nalishida ham muvaffaqiyatli qarshi hujumlar uyushtirish oson bo‘lmaydi. Chunki rus armiyasi bu hududga katta resurslarni tashlagan.

“Bu yerdagi asosiy vazifa shunchaki Rossiyaning oldinga siljishini to‘xtatishdan iborat. Hozircha shundan kattaroq operatsiya uchun resurslar yo‘q”, deydi CIT tahlilchisi.

Rossiya qal’a shaharlari kamarini qachon egallashi mumkin?

Ekspertlar Rossiya Slavyansk, Kramatorsk va Drujkovkani qachon egallashi mumkinligi borasida turli taxminlarni ilgari surgan. Biroq ularning aksariyati bu 2026-yil oxirigacha amalga oshishi ehtimolini juda past deb hisoblaydi.

“Rossiyaliklar Slavyansk va Kramatorskka to‘g‘ridan-to‘g‘ri hujum qiladi, biroq ayni paytda janubdan ham chiqishga urinadi. Buning uchun avval Konstantinovka va Drujkovkani egallash kerak bo‘ladi”, degan Kirill Mixaylov.

Rossiya qurolli kuchlarining ilgarilash sur’ati 2026-yilda sezilarli pasayganini hisobga olsak, Slavyansk va Kramatorskni kelasi yil egallashning o‘zi ham katta savol ostida qoladi. CIT tahlilchisi ham aynan shu jihatga e’tibor qaratib, yaqin olti oy ichida buning imkoni yo‘qligini ta’kidlagan.

Rus armiyasi Slavyansk, Kramatorsk va Drujkovka yo‘nalishlarida asta-sekin bo‘lsa-da, bosimni kuchaytirib bormoqda. Xususan, Nikolayevka va Nikanorovka hududlariga yorib kirish, janubda esa Konstantinovka orqali Drujkovka tomon ilgarilash hamda Dobropolye atrofidagi shiddatli janglar shundan dalolat beradi.

Biroq 30 kilometrdan ortiq masofaga cho‘zilib yotgan "qal’a shaharlari kamarini" to‘liq qurshab olish va egallash murakkab vazifa. Buning uchun misli ko‘rilmagan darajadagi qo‘shimcha kuch va resurslar talab etiladi. Ustiga-ustak, ukrainaliklar Liman yaqinida muvaffaqiyatli amaliyot o‘tkazib, ruslarning Slavyanskni aylanib o‘tish hamda uning asosiy ta’minot yo‘llarini kesib tashlash rejasiga jiddiy putur yetkazdi.

Shu sababli harbiy ekspertlarning deyarli barchasi umumiy xulosaga keladi: Rossiya Donbass mintaqasini yaqin oylar ichida to‘liq egallashi ehtimoldan yiroq. Keyingi yil jang maydonida nimalar o‘zgarishi esa juda ko‘p omillarga bog‘liq.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.